Jamiyat | 21:35 / 30.06.2021
11845
2 daqiqa o‘qiladi

Andijon viloyatida koronavirus vaziyati qanday? SSB boshlig‘i ma'lumot berdi

Andijonda iyun oyining so‘nggi ikki kunida koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha joriy yildagi antirekord qayd etildi. Viloyatda o‘tgan ikki sutka davomida 60ga yaqin kasallik yuqtirganlar aniqlandi. Kun.uz muxbiri holat yuzasidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Yusupov bilan suhbatlashdi.

“29 iyun kuni Andijon viloyatida COVID-19 kasalligiga chalingan 24 nafar bemor aniqlangan bo‘lsa, 30 iyun kuni 34 nafar bemor aniqlandi.

Ular hozirda Andijon shahridagi viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida hamda shahar tibbiyot birlashmasida davolanmoqda.

Viloyatda koronavirus bilan zararlanganlar 90 nafarni tashkil qilib, shundan 41 nafari uyda, 49 nafari esa shifoxonalarda yotib davolanyapti.

Sabablarga to‘xtaladigan bo‘lsak, aholi o‘rtasida to‘yga, tantanaga ko‘plab odamlarni taklif qilish davom etmoqda. Bu odatdan voz kechishning vaqti keldi, axir. Ommaviy tadbirlarning ko‘payishi, fuqarolarning bir yerga to‘planib muloqotga kirishishi oqibatida koronavirus yuqtirish holatlari ko‘paymoqda.

Hozirgi kunda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida 250 nafardan ortiq, shahar markaziy shifoxonasida 280 nafarga yaqin koronavirus va pnevmoniya bilan kasallangan bemorlarimiz yotibdi.

Viloyatimizda 5132 nafar bemor uchun zaxira joylar tayyorlangan. Kasallikning oldini olish uchun emlash ishlariga e'tibor qaratishimiz lozim. Bugungi kunda viloyatda kuniga 15200 nafar aholi emlanmoqda.

Emlashning qanday foyda berishini tahlil qilib chiqdik. O‘tgan mavsum birinchi emlash olganlarning ichida 6 kishida kasallik aniqlandi. Ikkinchi emlashni olganlar orasida 2 kishida kasallik tasdiqlanib, uchinchi emlashni olib tugatganlarda birorta ham holat kuzatilgani yo‘q.

Kuni kecha viloyat hokimligining maxsus komissiyasi qarori chiqdi. Mahalla fuqarolar yig‘ini, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, bojxona, barcha hamkor tashkilotlar bilan reydlar, joylarda tushuntirish ishlarini olib borib, kerakli ko‘rsatmalar berishga harakat qilyapmiz”, – dedi Andijon viloyat SSB boshlig‘i Salohiddin Yusupov.

Mavzuga oid