O‘zbekiston | 12:22 / 01.07.2021
46635
6 daqiqa o‘qiladi

Firibgarlarga aldanib qolmaslik bo‘yicha yetti tavsiya

Nega odamlar firibgarlarga chuv tushib qolaveradi? Nega firibgarlikning bozori hech kasod bo‘lmay, aksincha undan jabrlanuvchilar kun sayin oshib bormoqda? Firibgarlar qurboni bo‘lmaslik uchun nimalar qilish, nimalarga e'tiborli bo‘lish lozim?

Toshkent davlat yuridik universiteti Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi dotsenti v.b., yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Razzoq Altiyev firibgarlarga aldanib qolmaslik bo‘yicha 7 tavsiya ishlab chiqdi. Ular bilan quyida tanishishingiz mumkin.

1-tavsiya. Notanish shaxsga eshigingizni ochmang. 

Odatda firibgarlar sifatli tovarlarning analoglarini arzon narxlarda taklif qilib, arzon sotishlarining sababi sifatida pul zarurligini, o‘zi xorij fuqarosi ekanini, shu mahsulotdan ko‘p miqdorda olib kelgani va so‘nggi nusxalarini arzonga sotib ketmoqchi ekanini aytib, sifatsiz mahsulotni qimmat narxlarda Sizga o‘tkazishga harakat qiladi. 

Begona shaxslarning taklifi qanchalar foydali eshitilmasin, ularni uyingizga kiritmang. Qiymati haqida ma'lumotga ega bo‘lmagan, sifatini tekshirish imkoni bo‘lmagan mahsulotni ko‘cha-ko‘ydan sotib olishdan tiyiling.

Esda tuting! Hech kim Sizga tannarxidan arzon narxda mahsulot sotmaydi.

2-tavsiya. Tanimagan insoningizga ishonmang! Har doim hammani tekshirib, shaxsiga aniqlik kiriting. Bunga haqlisiz! 

Esda tuting! Sizga murojaat qiluvchi shaxs o‘zini tanishtirishga majbur! 

Kommunal to‘lovlarni yoki boshqa to‘lovlarni yig‘ish uchun kelgan shaxsning xizmat guvohnomasini, guvohnomadagi muhr va undagi yozuvlarni tekshiring. Bunga to‘liq haqlisiz. Agar shubhalansangiz, xizmat guvohnomasini taqdim etgan tashkilotga telefon qilib, xodimning shaxsiga oydinlik kiritib, ishonch hosil qilganingizdan so‘ng to‘lovlarni amalga oshiring. 

3-tavsiya. Shaxsiy ma'lumotlaringizni hech kimga oshkor qilmang. 

Odatda o‘zini bank yoki boshqa tashkilot vakili sifatida tanishtirib, notanish raqamdan telefon qilib, telefon raqamingizga kelgan SMS xabarni o‘qib berishni so‘rash holatlari kuzatiladi. Bunday holatlarda o‘zingiz bilmagan holatda begona shaxsga to‘lov kartangizdan foydalanish yoki boshqa to‘lov manbalaringizdagi pullaringizni tasarruf qilish imkonini yaratib berasiz. Shu sababli hech kimga telefon orqali ma'lumot bermasligingiz tavsiya etiladi. 

Yodda tuting! Davlat tashkilotlari yoki muassasalari hech qachon Sizdan bunday ma'lumotlarni telefon orqali talab qilmaydi.

Shuningdek, Sizga internet tarmog‘i orqali keluvchi lotereyada yutganingiz yoki boshqa tanlovlar g‘olibi bo‘lganingiz haqidagi xabarlarga ishonmang. Internet-firibgarlar shu yo‘l orqali Sizni aldab, shaxsiy ma'lumotlaringizni so‘rab oladi va pul mablag‘laringizni talon-toroj qiladilar.

4-tavsiya. Har doim Sizga berilgan ma'lumotlarni tekshirib ko‘ring.

Firibgarlar o‘zlarining shaxsi yoki vakolatlari haqida Sizda yanglish tasavvur hosil qilib, pul va mol-mulkingizni o‘zlashtirish payida bo‘ladi. Shu sababli o‘zingiz tushunmagan hujjatlarga imzo qo‘ymang. Albatta, imzo qo‘yadigan har bir hujjatni, ayniqsa kichkina harflar bilan yozilgan hujjatlarni to‘liq o‘qib chiqing. Zarurat tug‘ilsa, hujjatni huquqshunosga o‘qitib, xulosasini oling.

5-tavsiya. Barcha munosabatlarni qonuniy tartibda rasmiylashtirishga o‘rganing. 

Firibgarlar odatda Siz uchun foydali biznes hamkorlik yoki serdaromad sheriklikka taklif qiladi. Shuningdek, qisqa muddatda ko‘paytirib qaytarish sharti bilan qarz olishga harakat qiladi. 

Yodda tuting! Har qanday sherikchilik yoki boshqa munosabatlarni huquqiy tartibga solish mumkin. Pul berilishi yoki mol-mulk topshirilishi bilan bog‘liq jarayonni qonuniy tartibda, ya'ni notarial yoki boshqa shaklda rasmiylashtiring. Mulkdor bo‘la turib, o‘z egaligiga mol-mulk rasmiylashtirmagan shaxs bilan hamkorlikdan tiyiling.  

6-tavsiya. Noqonuniy faoliyatdan o‘zingizni tiying. 

Yodda tuting! Firibgarlar qonuniy tartibda hal qilinmaydigan yoki murakkab tartibda hal qilinadigan muammolarni haq yoki pora evaziga ijobiy hal qilib berishni va'da beradilar.

Odatda firibgarlar yuqori lavozimlardagi mansabdor shaxslarga pora berish orqali muammoni ijobiy hal qilib berishni va'da qilishadi. Unutmang, bunday holatda pul berishingiz bilan o‘zingiz pora berish jinoyatini sodir etgan bo‘lib qolasiz va qonunda belgilangan 30 kunlik muddat o‘tganidan so‘ng, firibgarga qarshi ariza berishingiz natijasida o‘zingizga nisbatan ham jinoiy ta'qib amalga oshiriladi. Shu sababli har qanday noqonuniy faoliyatdan o‘zingizni tiying. 

Yodda tuting! Mehnatdan kelsa boylik, turmush bo‘lar chiroyli.

7-tavsiya. O‘z mulkingizga befarq munosabatda bo‘lmang.

Mol-mulkingizni qarovsiz qoldirmang, shuningdek, farzandlaringiz va oila a'zolaringizga zaruratsiz qimmat buyumlarni (telefon, zargarlik buyumlari va boshqa) topshirib qo‘ymang. Folbin yoki Sizning kelajagingizni bashorat qiluvchi boshqa shaxslarga ishonmang. Ular Sizning psixo-fiziologik holatingizdan foydalanib, aldab mol-mulkingizni o‘zlashtiruvchi professional firibgarlardir.

Yodda tuting! Aksariyat hollarda o‘zimiz firibgarlarga bizni aldashlari uchun shart-sharoitlar yaratib beramiz. 

Aldanganingizni sezib qolsangiz, zudlik bilan “102” raqamiga qo‘ng‘iroq qiling va bo‘lgan holatni batafsil bayon eting.

Mavzuga oid