Jamiyat | 17:29 / 01.07.2021
20381
4 daqiqa o‘qiladi

Maktabga onlayn qabul. Qulaylikmi yoki mashaqqat?

Joriy yilning 15 iyunidan 2021-2022 o‘quv yili uchun umumta'lim maktablariga 1-sinfga onlayn qabul uchun ro‘yxatdan o‘tish va ariza topshirish jarayoni boshlandi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, ota-onalar 2021 yilning 15 iyunidan 5 iyuliga qadar my.maktab.uz elektron platformasi orqali 1-sinfga chiqadigan farzandlariga maktablarni tanlashlari mumkin. Bunda 3 ta maktab tanlash imkoniyati beriladi. Birinchisi, ota-ona doimiy istiqomat qilayotgan hududdagi maktab, ya'ni yashash manziliga biriktirilgan mikrohududdagi maktab. Ikkinchi va uchinchi maktablar ota-onalarning ixtiyoriy tanlovi asosida farzandlarining qatnashi uchun qulay bo‘lgan maktablar hisoblanadi.

Agar ota-onalar mikrohududdagi maktabni emas, boshqa maktablarni tanlagan bo‘lsa, ya'ni elektron ro‘yxatdan o‘tish vaqtida tanlagan ikkinchi yoki uchinchi maktablarning birida bo‘sh o‘rinlar bo‘lgan taqdirda 1-15 avgust kunlari hujjatlarini topshirishlari mumkin bo‘ladi. 2021 yilning 6 iyulidan 31 iyuliga qadar ota-onalar elektron platforma orqali tanlagan birinchi maktabga, ya'ni biriktirilgan mikrohududdagi maktabga hujjatlarini topshiradilar, bunda hujjatlarni topshirish to‘liq elektron shaklda amalga oshiriladi. Ota-onalarning doimiy yashash manzili bo‘yicha biriktirilgan mikrohududdagi maktabga farzandlarining joylashishlari kafolatlanadi.

1-sinfga onlayn qabul tizimining shakllantirilgani ota-onalarga qulaylik tug‘diradi, albatta. Lekin tahririyatga kelgan qator murojaatlarga ko‘ra, my.maktab.uz elektron platformasidan ro‘yxatdan o‘tishda qiyinchiliklar kuzatilyapti. Andijonlik ota-onalardan biri shunday yozadi:

“Xalq ta'limi vazirligining qabul uchun arizalarni my.maktab.uz elektron platformasi orqali topshirishi mumkinligi to‘g‘risidagi xabarini o‘qigach, ortiqcha yugur-yugurlar, qog‘ozbozliklardan qutulibmiz, vaqtimiz ham tejaladigan bo‘libdi, degan fikrga kelgandik. Yo‘q, aksincha, ilgari qo‘llanilgan, ya'ni maktab yoshidagi bolalarni uyma-uy yurib ro‘yxatga olish, maktabga ota-onaning o‘zi borib hujjat topshirish an'anaviy usuli bizga qulayroqdek tuyulmoqda.

Sababi, my.maktab.uz platformasi kamchiliklarga ega bo‘lib, bu shundoq ham internetdan unchalik xabardor bo‘lmagan fuqarolar uchun qator noqulayliklar keltirib chiqarmoqda. Andijon shahri misolida ko‘radigan bo‘lsak, birinchidan, aksariyat ko‘chalar nomlari xatolar bilan kiritilgan.

Ikkinchidan, ayrim ko‘chalar nomi ikki martadan kiritilgan.

Uchinchidan, ayrim ko‘chalar nomi umuman kiritilmagan. Masalan, Andijon shahri, Sanoat mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Uchtegirmon ko‘chasi nomi platformaga kiritilmagan. Ko‘cha nomini o‘zingiz kiritolmaysiz. Bu muammo boshqa hududlarda ham kuzatilmoqda.

To‘rtinchidan, murojaatlarni qabul qiluvchi (71) 203-07-04 raqamli telefonga kunning turli vaqtlarida qo‘ng‘iroq qilib, ulanishning imkoni bo‘lmayapti. Doimiy ravishda band ko‘rsatmoqda, ayrimlar telefonga hech kim javob bermayotganini aytishdi.

Beshinchidan, Maktabga online qabul telegram kanaliga murojaat qilinganidan so‘ng manzilni so‘rashdi va bir emas, ikki marta manzilni yozib berdik. Bir hafta ichida ikki marta "Xalq ta'limi vazirligidanmiz” deb qo‘ng‘iroq qilgan qiz manzilimni yozib oldi va ko‘chamizni bazaga kiritishganidan so‘ng yana bog‘lanishini aytdi.

Telegram kanaldagi mas'ul esa Andijon shahar xalq ta'limi bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilishimiz mumkinligini aytdi. Shahar xalq ta'limi bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilishimiz kerak bo‘lsa, onlayn qabul platformasi nima uchun kerak?

 

Savollar ko‘p. Xalq ta'limi vazirligidan ushbu muammoni o‘z vaqtida hal qilishlarini so‘raymiz.

Mavzuga oid