Jahon | 20:09 / 03.07.2021
16566
2 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘iston poytaxtida Nursulton Nazarboyevga haykal o‘rnatildi

Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning ta'kidlashicha, Nazarboyev xatar va vayrongarchiliklarga to‘la davr sharoitida odamlarga o‘z kuchiga va ertangi kunga ishonch bera oldi.

Qozog‘iston  prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning haykali ochilishiga bag‘ishlangan marosimda qatnashdi. Haykal yaqinda ochilgan Nur-Sulton park hududida joylashgan, deb xabar berdi Qozog‘iston  prezidenti matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, To‘qayev Nazarboyevning davlatchilik asoslarini shakllantirish, davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish, global inqirozlarni bartaraf etish, mamlakatning xalqaro obro‘sini mustahkamlashga qo‘shgan alohida hissasini qayd etdi.

Qozog‘iston prezidentining ta'kidlashicha, Nazarboyev xatar va vayrongarchiliklarga to‘la davr sharoitida odamlarga o‘z kuchiga va ertangi kunga ishonch bera oldi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, davlatning siyosiy va iqtisodiy yutuqlari asosida Qozog‘iston birinchi prezidentining uzoqni ko‘ra bilgan tashabbuslari yotadi.

Bu Nazarboyevga o‘rnatilgan birinchi haykal emas. 2020 yil iyulda respublika poytaxtidagi milliy mudofaa universitetida Nazarboyevning haykali o‘rnatilgandi. Bundan tashqari, poytaxtdagi aeroport, bir nechta ta'lim muassasalari, shaharlardagi ko‘chalar, park va maydonlar uning nomi bilan ataladi. 2019 yilda respublika poytaxti nomi Ostonadan Nur-Sultonga o‘zgartirilgan.

Mavzuga oid