Jamiyat | 16:38 / 03.07.2021
24702
15 daqiqa o‘qiladi

Xodimlarga anomal issiqda kamroq vaqt ishlash huquqini berish kerak

Ko‘plab davlatlarda havo harorati tashqarida va ofisda necha darajaga yetganda ish to‘xtatilib, xodimlarga javob berib yuborilishi, qanday havo haroratida ish vaqti qisqartirilishi aniq-tiniq belgilab qo‘yilgan. O‘zbekiston qonunchiligiga ham bunday me’yorlarni kiritish lozim.

Foto: iStockPhoto

So‘nggi kunlarda o‘zbekistonliklar jazirama tafti yana ancha kuchayganini o‘z tanalarida his etishmoqda. Bu esa azaliy savollardan birini yana bir marta kun tartibiga chiqarmoqda: ishchi-xizmatchilarning jaziramada faoliyat yuritishi qanchalik to‘g‘ri?

Anomal ob-havo rekordlari

«O‘zgidromet» so‘nggi kunlarda O‘zbekiston bo‘ylab kuzatilayotgan ob-havo o‘rtacha me’yorlardan 2-4 darajaga yuqori ekani, biroq bu O‘rta Osiyo iqlimi uchun, ayniqsa, so‘nggi yillarda bu anomal hodisa emasligini bildirgan.

Biroq ko‘plab o‘zbekistonliklar rasmiy ob-havo ma’lumotlariga shubha bilan qarashadi. Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida rasman e’lon qilinadigan havo harorati ko‘rsatkichlari haqiqiysidan bir necha daraja kamaytirib ko‘rsatilishiga ishonuvchilar talaygina.

Har yili ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonning turli hududlarida qayd etilgan havo harorati aks etgan termometr ko‘rsatkichlarining suratlari tarqaladi. Ular orasida rasmiy ob-havo ma’lumotidan ancha yuqori harorat qayd etilgan suratlar ham bor. Biroq ushbu ko‘rsatkichlar shu paytgacha rasman tan olinmagan.

Internetda o‘zbekistonliklar tuxumni qumga ko‘mib yoki tovada gazsiz, oftob tig‘ida pishirishgani aks etgan videolar ham uchraydi.

«O‘zgidromet»ning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, iyun oyidagi eng issiq kun 1914 yil 21 iyunda Surxondaryo viloyatining Termiz tumanida qayd etilgan bo‘lib, havo harorati 49,6 darajaga teng bo‘lgan. Jazirama bo‘yicha mutlaq rekord Buxoro viloyatining Oyoqog‘itma meteorologik stansiyasida 1983 yil 29 iyulda qayd etilgan, o‘shanda harorat +49.8 darajani tashkil etgan.

Iyun oyi boshida O‘zbekiston hududlariga Eron hududlaridan issiq havo massalari kirib kelishi hisobiga Toshkent shahrida kuzatilgan maksimal havo harorati deyarli o‘tgan asr boshlari va XIX asr oxirlarida ushbu kunlarda qayd etilgan rekordlarni yangiladi. Monitoringlar tarixida poytaxtda qayd etilgan eng yuqori havo harorati +44,6 darajaga yetgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich 1997 yil 18 iyulda kuzatilgan.

3 iyun kuni +38,2 daraja issiq bo‘ldi. Bungacha ushbu sanadagi eng issiq kun 1895 yili (+37,8) kuzatilgandi. 4 iyun kuni +39,2 (1900 yil, +38,3 daraja), 5 iyun kuni +41,6 daraja (2008 yili, +38,6 daraja), 6 iyun kuni +42,6 daraja (1911 yili, +38,5 daraja), 7 iyun kuni esa +40,8 daraja (1894 yili, +39,7 daraja) harorat qayd etildi. O‘zbekistonda 31 maydagi harorat ham mutlaq maksimumga yetgandi.

Bir so‘z bilan aytganda, iqlim o‘zgarmoqda. Haroratning ko‘tarilish infografikalarida egri chiziqlar yuqoriga va tobora yuqoriga tomon intilmoqda. Buni O‘zbekiston sharoitida barcha kuzatuv ma’lumotlari tahlilida ham ko‘rish mumkin. O‘zbekistonda oxirgi 5 yilning 3 yilida so‘nggi 150 yildagi eng issiq ob-havo kuzatildi.

Jaziramada ishlash qanday oqibatlarga olib keladi?

25 iyundan O‘zbekistonda yoz chillasi boshlandi. 5 avgustga qadar davom etadigan chilla tabiatiga ko‘ra issiq va quruq keladi. Sababi, bu paytga kelib, quyosh shimoliy yarim sharning eng yuqori nuqtasiga ko‘tarilib, zaminni beayov qizdiradi. Shunga qaramasdan, bozorlar, korxona va tashkilotlar faoliyat ko‘rsatishda davom etadi, dalalarda ham ish qiziydi.

Jaziramada ishga qatnash yoki ishlash salbiy oqibatlarga olib keladi. Hamma ham ishga konditsionerli mashinada qatnamaydi, qolaversa, kun bo‘yi muzdaygina ofisda o‘tirmasdan, kasb taqozosiga ko‘ra, asosan, oftob tig‘ida yuradiganlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi.

– Jazirama issiqda yurish oftob urishiga olib kelishi mumkin, – deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi kafedra mudiri, tibbiyot fanlari doktori Nargiza Nurillayeva.

Shifokorlarning aytishicha, haddan tashqari issiq kuzatilayotgan paytda yuragi xasta insonlarda yurak urishi tezlashadi, qon bosimi ko‘tariladi, periferik qon tomirlar kengayadi, oyoqlar shishadi. Bunday hollarda kuchli jismoniy faollik tavsiya etilmaydi. Jismoniy faollikni minimal darajaga tushirish zarur. Masalan, egilib yoki boshni egib ishlash mumkin emas. Bunday holatlarda bosh miyada qon aylanishi buziladi. Bu esa qon bosimining keskin ko‘tarilishi, hushning yo‘qotilishi va insult xavfini yuzaga keltiradi.

Mutaxassislar agar nafas siqilishi, yurak urishidagi o‘zgarishlar, holsizlik, bosh aylanishi yoki undan ham xavflisi – ko‘krak qafasida og‘riq paydo bo‘lsa, darhol har qanday jismoniy faoliyatni to‘xtatishni tavsiya etishadi.

Xo‘sh, jazirama sog‘lig‘i uchun xavf tug‘dirgudek bo‘lsa, ishchi-xizmatchilar ishga chiqmaslikka haqlimi? Qonunchilikda bu narsa ko‘zda tutilganmi? Yildan yilga anomal harorat rekordlari yangilanayotgan bir paytda ushbu masalaning ahamiyati har qachongidan ko‘ra dolzarblashib bormoqda.

Xalqaro tajriba

O‘rganishlarimiz jazirama sharoitida mehnat qilish tartibi, mehnatkashlarning huquqlari himoyasi kafolatlangani borasida xalqaro va milliy qonunchilik keskin farq qilishini ko‘rsatmoqda.

Chunonchi, ko‘plab davlatlarning qonun hujjatlarida havo harorati ofisda yoki tashqarida necha darajaga yetganda ish to‘xtatilishi va xodimlarga javob berib yuborilishi, qanday havo haroratida ish vaqti qisqartirilishi aniq-tiniq belgilab qo‘yilgan.

Belarus

Belarusda jazirama issiq deganda havo harorati maksimal 30-34 daraja bo‘lishi tushuniladi. Respublikaning mehnat qonunchiligiga ko‘ra, kun bo‘yi kompyuter yonida o‘tiradigan ofis xodimlari xona harorati +28,5 darajaga yetganida bir soat kam ishlash, hatto havo harorati belgilangan me’yorlardan yuqori bo‘lganda xodimlar rahbarini ogohlantirmasdan ham ish joyini tark etish huquqiga ega.

Xuddi shu haroratda mashinasozlik va metallurgiya korxonalarining mexanizatsiyalashgan quyish, prokatlash, temirchilik, termal, payvandlash sexlarida bir qator kasb vakillari 5,5 soatdan ortiq bo‘lmagan vaqt davomida ish joylarida bo‘lishlari mumkin. Qo‘lda zarb bilan ishlov berish do‘konlarida ish olib boradigan ishchilar, qo‘lda to‘ldirilgan mashinasozlik va metallurgiya korxonalari bilan quyma korxonalarda ishlovchilar esa jazirama issiqda uzog‘i bilan 4 soat ishlashlari kerakligi belgilangan.

Bundan tashqari, Belarus Mehnat kodeksida ish beruvchi jazirama issiqda ish vaqtini o‘zgartirishi, ya’ni ishni bir necha soat ertaroq boshlashi yoki tungi vaqtga ko‘chirishi mumkinligi, xodimlar ochiq havoda ishlayotgan bo‘lsa, issiqdan dam olish uchun maxsus xonalar bilan ta’minlashga majburligi mustahkamlab qo‘yilgan.

Ishchilar uchun maqbul harorat ish toifasiga, shuningdek, yilning davriga bog‘liq. Eng qizig‘i, nafaqat issiqda, balki sovuqda ham belgilangan harorat me’yorlardan yuqori bo‘lsa, xodimlar belgilangan imtiyozlardan foydalana oladi. Jumladan, yozda ofis ishchilari uchun harorat 28 darajadan yuqori bo‘lmasligi kerak, aks holda ish vaqti qisqartirilishi mumkin. Masalan, yozda ofisda harorat 29 daraja issiq bo‘lsa, ish vaqti 5 soatdan oshmasligi kerak. Agar harorat 32,5 darajadan yuqori bo‘lsa va siz hushdan ketish xavfi tufayli endi ishlay olmayman, deb hisoblasangiz, ishlashdan bosh tortishingiz mumkin.

Rossiya

Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksining 212-moddasida issiq havoda ish standartlari belgilangan bo‘lib, bu me’yorlar ish beruvchilardan xodimlarga normal va xavfsiz mehnat sharoitlarini ta’minlashni talab qiladi. Sanitariya me’yorlariga ko‘ra, mavsum va xodimlarning jismoniy faolligiga qarab, 16 darajadan 25 darajagacha harorat maqbul hisoblanadi. Agar termometrlar belgilangan chegaradan yuqori bo‘lsa, ish beruvchida bir qator majburiyatlar yuzaga keladi.

Xususan, anomal issiq paytida ish beruvchi ish joylarida konditsionerni ta’minlashi, xodimlarga ishdan tanaffus qilish va dam olish imkoniyatini yaratishi, tushlik vaqtini uzaytirishi, qisqa muddatli haq to‘lanadigan ta’tillar berishi, vaziyatga ko‘ra xodimlarga uydan ishlashga ruxsat berishi, ishlab chiqarish faoliyatini qisqartirishi kerak.

“Sanoat binolari mikroiqlimiga qo‘yiladigan gigiyenik talablar” deb nomlanuvchi sanitariya qoidalariga ko‘ra, yozda ofisda ishlash uchun maqbul havoning harorati +23-25 daraja deb belgilangan. Agar termometr 28 dan 32 darajani ko‘rsatsa, xodimning ish kuni qisqartiriladi. Ish vaqti +28,5 daraja issiqda 7 soatdan, +29 darajada 6 soatdan, +30 darajada 4-5 soatdan, +31 darajada 2-3 soatdan, +32 daraja issiqda esa 1-2 soatdan oshmasligi kerak. Agar xonadagi harorat 33 darajadan oshsa, qonunchilikka muvofiq, ishchilar umuman ishlamaslikka haqli.

Jaziramada ochiq havoda ishlaydiganlar maxsus himoya kiyimida bo‘lishlari, havo harorati 32,5 daraja va undan yuqori bo‘lganida, har 15-20 daqiqada salqin xonalarda 10-12 daqiqa dam olishlari, maxsus kiyimdagi ish vaqti 4-5 soatdan, himoya kiyimi bo‘lmaganda esa 1-1,5 soatdan oshmasligi kerak. Agar harorat ko‘rsatkichlari 37 darajaga yaqinlashsa, u holda ko‘chada ishlash tavsiya etilmaydi. Homilador ayollar, 40 yoshdan katta va 25 yoshgacha bo‘lganlar issiqda ishlashiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Belarusda ham, Rossiyada ham ish beruvchi xodimlar ishlaydigan binolarning mikroiqlimiga oid me’yorlarni e’tiborsiz qoldirsa, buning uchun yaxshigina jarimaga tortilishi yoki faoliyati muayyan vaqtgacha to‘xtatib qo‘yilishi mumkin.

Germaniya

Germaniyada ekstremal yuqori harorat kuzatilganda maktab va korxonalarda qo‘shimcha dam olish kuni e’lon qilinishi mumkin. Jaziramada o‘quvchilarning maktabga bormasligi federal darajada hal qilinsa, korxona va tashkilotlarda ish kunining bekor qilinishini kompaniya rahbariyati hal qilib qo‘ya qoladi.

Germaniya mehnat qonunchiligiga ko‘ra, xodimlar ishlaydigan binolarda havo harorati +26 darajadan oshmasligi kerak. Agar xona harorati +30 darajadan oshsa, ish beruvchi xonani sovitish choralarini ko‘rishi shart.

Ammo, shu bilan birga, ish beruvchi “juda issiq” tushunchasi nimani anglatishini o‘zi hal qilish huquqiga ega. Ish beruvchi o‘z xodimlarining sog‘lig‘i to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishga majburdir, agar jazirama ishchilar salomatligi uchun zararli bo‘lsa va kompaniya buning oldini olmasa, xodim shikoyat qilish huquqiga ega. Bunday vaziyatlardan qochish uchun kompaniya rahbariyati qo‘l ostidagilarni uylariga qo‘yib yuborishlari mumkin.

Milliy qonunchilik tahrirga muhtoj

Xorijda 33 daraja issiqda ishga chiqmaslik huquqi berilishi nafaqat havo harorati, balki namlik va boshqa ko‘rsatkichlarga ham bog‘liq. Shu ma’noda geografik joylashuvi, iqlimidan kelib chiqib chiqib har bir mamlakat ishlash uchun maqbul haroratlarni o‘zi belgilaydi. Xo‘sh, mamlakatimizda anomal issiq kuzatilganda ishchi-xizmatchilar qanday imtiyozlarga ega?

2016 yili OAV va ijtimoiy tarmoqlarda bu masala ko‘tarilgan, o‘shanda Mehnat vazirligi O‘zbekistonda jazirama havo sharoitida xodimlarni ishdan ozod qilish masalasiga oydinlik kiritgandi. Vazirlikning bildirishicha, O‘zbekiston bosh sanitar shifokori tasdiqlagan ishlab chiqarish birlashmalari mikroiqlim sanitar-gigiyenik me’yorlariga ko‘ra, yopiq binolarda amalga oshiriladigan yengil jismoniy ishlar uchun yilning sovuq va o‘tish davridagi optimal mikroiqlim ko‘rsatkichlari quyidagicha bo‘lishi lozim:

Havo harorati – 20-23 daraja, havo nisbiy namligi – 40-60 foiz, havo harakati tezligi ko‘pi bilan 0,2 m/sni tashkil etishi kerak. Ayni vaqtda, havo harorati 19-25 daraja, nisbiy namlik 75 foizdan ko‘p bo‘lmagan, havo harakati tezligi 0,3m/sdan oshmasligiga yo‘l qo‘yiladi.

Mehnat vazirligi og‘ir ish sharoitlarida, havo haroratining maqbul me’yorlari 4-5 daraja, yo‘l qo‘yiladigan me’yorlar bo‘yicha 6 daraja past bo‘lishi kerak ekanini, yilning issiq davrida, havo haroratiga oid me’yorlar 2-3 darajaga ko‘p bo‘lishiga ham ruxsat berilishini ma’lum qilgan.

Rasmiy xabarda mazkur mikroiqlim me’yorlarini ishlab chiqarishdagi texnologik jarayon yoxud iqtisodiy jihatdan ta’minlash imkoni bo‘lmagan sanoat inshootlarida ishchilarning qizib ketishi yoki sovib ketishiga qarshi choralar ko‘rilishi, xususan, ishchi atrofidagi havoni sovitish tizimi, havo dushi, dam olish va isitish xonalari, o‘ta yuqori va past havo haroratidan himoya qiluvchi maxsus kiyim, shaxsiy muhofaza anjomlari, ishdagi dam olish vaqtlari kabilar shular jumlasidan. Issiq urishiga qarshi choralar sifatida, qurilmalar va to‘sib turuvchi qoplamalarining tashqi harorati 45 darajadan oshmasligi kerakligi ta’kidlanadi.

Mehnat kodeksining 219-moddasida esa, ishchi o‘z salomatligi yoki hayotiga tahdid soluvchi ishni bajarishdan bosh tortishga haqli ekani belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, bu biz muhokama qilayotgan holatda ish bermaydigan norma hisoblanadi. Shundog‘am ishsizlar soni ko‘p, ish o‘rni kam mamlakatda hodimning +40 daraja issiqda ishlay olmayman, bu sog‘lig‘im uchun xavfli, deb aytsa, unga qanday munosabat bo‘lishini ko‘z oldingizga keltirib ko‘ring.

Fikrimizcha, xalqaro tajribada bo‘lgani kabi milliy qonunchiligimizda ham ofisda va ochiq havoda ishlovchilar uchun o‘rtacha me’yor belgilanishi, havo harorati necha darajaga yetganda ish vaqti necha soatga qisqarishi aniq belgilab qo‘yilishi, qaysi darajadagi issiqda xodimlar ishga chiqmaslik huquqiga ega bo‘lishi qonun bilan mustahkamlab qo‘yilishi kerak.

Bundan tashqari, jazirama ob-havo sharoitida ish beruvchilarning majburiyatlari ham qonun hujjatlarida aniq aks ettirilishi, bunga amal qilmaganlarga nisbatan javobgarlik belgilanishi zarur.

Kasaba uyushmalari zaif bo‘lgan mamlakatda bu masalani boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlariga yoki ish beruvchilarning vijdoniga havola qilishdan foyda yo‘q.

Jamshid Niyozov

Mavzuga oid