Jahon | 09:26 / 04.07.2021
5254
2 daqiqa o‘qiladi

Tunis yaqinida 43 muhojir cho‘kib ketdi

Tunis yaqinida muhojirlar ketayotgan qayiq cho‘kishi oqibatida 43 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Qizil yarimoy jamiyatining Tunisdagi bo‘limida ma'lum qilindi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, qayiq Liviya shimolidagi Zuvara shahridan Italiyaga yo‘nalayotgan bo‘lgan. Unda Misr, Sudan, Eritreya va Bangladeshdan muhojirlar bo‘lgan.

Halokatdan keyin 84 kishini qutqarib qolishga muvaffaq bo‘lingan.

Oxirgi oylarda Tunis yaqinida ko‘plab odamlarning cho‘kishiga olib kelgan bir nechta baxsiz hodisa yuz bergan. Bu muhojirlarning Tunis va Liviyadan Yevropaga yetib olishga urinishlari soni oshgani bilan bog‘langan.

Oxirgi yillarda Afrika va Yaqin Sharqdan yuz minglab odamlar yaxshi hayot ilinjida O‘rta yer dengizi orqali Yevropaga o‘tishga urinishni amalga oshirgan. Ba'zi holatlarda bunday urinishlar ayanchli yakun topmoqda.   

Avvalroq Yaman sohillari yaqinida 250dan ko‘proq muhojirni olib ketayotgan qayiqning baliq ovlovchi kema bilan to‘qnashishi oqibatida 150dan ko‘proq odam halok bo‘lgandi.

Mavzuga oid