Jahon | 23:57 / 05.07.2021
17526
2 daqiqa o‘qiladi

Mo‘g‘ulistonda «Chingizxon» xalqaro aeroporti ochildi

Mo‘g‘ulistonda «Chingizxon» deb nomlangan yangi xalqaro aeroport ochildi. Ushbu aeroport Yaponiya hukumatining imtiyozli kredit mablag‘lari hisobiga qurilgan.

Foto: Anadolu Agency

Yangi aeroportdan ilk reys Mo‘g‘ulistonning milliy aviakompaniyasi «MIAT» tomonidan Tokioga amalga oshirildi.

Aeroport ochilishida Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux ishtirok etib, bu mamlakat taraqqiyoti uchun muhim voqea ekanini ta'kidlab o‘tgan.

 Aeroport boshqaruvi 15 yil davomida «New Ulaanbaatar International Airport» yapon-mo‘g‘ul qo‘shma kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. 

Yangi obekt mamlakat poytaxti Ulan-Batordan 50 km janubda, Xushig aymaka Tuv vodiysida joylashgan va yiliga 3 mlngacha yo‘lovchini qabul qilishga mo‘ljallangan.

Aeroportning bitta uchish-qo‘nish yo‘lagini o‘z ichiga olgan aerodromi 104 ming kvadrat metr, yo‘lovchi terminallari esa 35 ming kvadrat metr maydonni egallagan.

 Aeroport xalqaro standartlarga javob berib, unda ilg‘or yapon texnologiyalari qo‘llangan.

 Aeroport 12ta aviakompaniya, jumladan, mahalliy «Mongolian Airlines» (MIAT), «Aero Mongolia», «Hunnu Air», «Eznis Airways», Xitoyning «Air China», Rossiyaning «Aeroflot», «Angara», Turkiyaning «Turkish Airlines», Janubiy Koreyaning «Korean Air», «Asiana Airlines», «Air Busan» va Qozog‘istonning «SCAT Airlines» aviakompaniyalariga xizmat ko‘rsatadi.

 Vaqt o‘tishi bilan yangi aeroport mamlakatning bosh aeroportiga aylanishi kutilmoqda. U yerga poytaxt aeroporti «Buyant-Uxaa»dan reyslarni ko‘chirish rejalashtirilgan.

Mavzuga oid