Jamiyat | 19:05 / 06.07.2021
10462
2 daqiqa o‘qiladi

6 iyuldan mahkumlarning qarindoshlari bilan uchrashuvlari vaqtincha to‘xtatildi - IIV

6 iyuldan boshlab, jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarning yaqin qarindoshlari bilan uzoq va qisqa muddatli uchrashuvlari vaqtincha to‘xtatildi, deb ma'lum qildi IIV Jazoni ijro etish departamenti.

Rasmiy xabarda ta'kidlanishicha, bekor qilingan uchrashuvlar o‘rniga ularning iltimosiga qarab, telefon orqali so‘zlashuvlar tashkillashtiriladi.

Shuningdek, jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarning advokat, tergovchi va huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari bilan uchrashuvlari karantin qoidalariga qat'iy amal qilingan holda, maxsus xonalarda tashkil etilishi ma'lum qilingan.

O‘zgarishlarga respublikadagi koronavirus infeksiyasi bo‘yicha epidemiologik vaziyat yomonlashgani sabab qilib ko‘rsatilgan.

Qayd etilishicha, Respublika maxsus komissiyasining qarori va tavsiyasiga asosan, mamlakatdagi JIEMlarning barchasida karantin tartibi kuchaytirilgan.

Jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarga jo‘natiladigan posilka, yo‘qlov yoki banderollar pochta xizmatlari orqali qabul qilinadi.

Avvalroq, 26 may kuni Toshkent shahridagi 23-sonli mahkumlarga mo‘ljallangan ixtisoslashgan kasalxonaga tashrif buyurgan ombudsman Feruza Eshmatova boshchiligidagi ekspertlik guruhi bilan uchrashuv chog‘ida IIV Jazoni ijro etish departamenti tibbiy bo‘limi boshlig‘i Bahodir Yusupov yil boshidan beri qamoqxonalarda COVID-19’ga chalinish holatlari qayd etilmaganini aytgan edi.

2020 yilda O‘zbekistondagi qamoqxonalarda jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarning 9 foizi koronavirusga chalingani, shuningdek, 2 nafar og‘ir bemor muddatidan avval ozod etilgani ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid