O‘zbekiston | 19:46 / 08.07.2021
51264
2 daqiqa o‘qiladi

Qonunchilik palatasi deputati koronavirus tufayli vafot etdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Ekologiya partiyasi vakili Abdurahim Eshonqulovich Qurbonov 47 yoshida koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etdi. 

«Oliy Majlis Qonunchilik palatasi marhumning oila a'zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi. Mehnatkash, fidoyi inson Abdurahim Qurbonovning yorqin xotirasi deputatlik korpusi vakillarining qalbida mangu yashaydi», deyiladi parlament matbuot xizmati tomonidan e'lon qilingan ta'ziyanomada.

Abdurahim Qurbonov 1974 yilda Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan, 1996 yili Termiz davlat universitetini tamomlagan, tarix fanlari nomzodi bo‘lgan.

U 1999 yildan 2001 yilgacha Termiz davlat universitetida aspirant, o‘qituvchi, so‘ngra universitetning katta o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan.

2009 yilda u Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati sifatida ish boshlagan. 2010—2019 yillarda Qonunchilik palatasining Qonunchilik, sud-huquq masalalari qo‘mitasi a'zosi bo‘lgan. 2019 yilda Korrupsiyaga qarshi kurash va sud-huquqiy masalalar qo‘mitasi a'zosi lavozimini egallagan.

2019 yil dekabrida 80-Qiziriq saylov okrugidan yana bir bor Qonunchilik palatasi deputati etib saylangan, Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Qonunchilik palatasining yana bir deputati, jurnalist Safar Ostonov ham koronavirus oqibatlaridan vafot etgandi.

Mavzuga oid