Jamiyat | 20:47 / 10.07.2021
9223
2 daqiqa o‘qiladi

Namanganda ham kovid-markaz qayta ochildi

Namangan shahrida koronavirus bemorlarini davolash va taqsimlash uchun “Barkamol avlod” sport majmuasida tashkil etilgan markaz faoliyati qayta tiklandi.

O‘zA xabariga ko‘ra, hozirgi kunda bu markazda bir vaqtning o‘zida 400 bemorni davolashga mo‘ljallangan koykalar tashkil etilgan.

Shuningdek, og‘ir reanimatsion holdagi bemorlarni davolash uchun ham sharoitlar yaratilgan.

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov tegishli mutasaddilar va sektor rahbarlari bilan mazkur markazga borib, mas'ul idoralar vakillari ishtirokida kovid-markazning uzluksiz faoliyat yuritishi uchun hozirlangan sharoitlar, kelgusidagi vazifalarni muhokama qildi.

Birinchi galda, xavfli kasallikka yo‘liqqan bemorlarga mas'ul shifokorlar va hamshiralar uchun alohida sharoitlar yaratilishiga e'tibor qaratilishi zarurligi ta'kidlandi.

“Markazda har qanday holatda ham elektr energiyasi, ichimlik suvi va kislorod uzilmasligi kerak. Barcha elektr generatorlari doimo shay turishi, kislorod zaxiralari avvaldan yetkazib berilishi shart”, – dedi viloyat rahbari.

Ta'kidlanishicha, hozirgacha Covid-19 infeksiyasi aniqlangan bemorlar Namangan shahrida joylashgan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanayotgan edi. Ammo bugungi kunda viloyatda kasallikka chalinish holatlari ortib borayotgani sababli markazni qayta ochishga to‘g‘ri keldi.

Markazda 100 nafarga yaqin tibbiyot xodimi faoliyat olib bormoqda.

Mavzuga oid