O‘zbekiston | 14:00 / 11.07.2021
35017
7 daqiqa o‘qiladi

“Dehqonga boshliq kerakmas, uni tinch qo‘yishsa bas”

Uzoq yillik tajribaga ega dehqon, Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanida faoliyat yurituvchi Tursunali Amanov qishloq xo‘jaligi sohasining bugungi holati haqidagi fikrlarini Kun.uz bilan o‘rtoqlashdi.

— 2005—2006 yillar Nazarali Niyozov nomli kolxozda pilla brigadiri, paxta brigadiri bo‘lib ishlab yurdim, – deya o‘z hikoyasini boshlaydi u.

O‘zimizning Niyozov nomli kolxozimizni bo‘lib, fermerlikka tarqatishayotgan paytda 3 gektar 40 sotix yerni olganman. Kelajakda shu yerga ega bo‘lsam, mendan keyin farzandlarim ham shu yerga ega bo‘lsa degan maqsadda boshlaganmiz. Hozirgi kunda 7,5 gektar yerim bor, 3 oila birga ishlayapmiz.

Haqiqatan ham agar yerning o‘z egasi bo‘lsa, yerni dehqonning o‘ziga beradigan bo‘lsangiz, dehqon ishlarni o‘zi uchun o‘zi qiladi. Dehqon qadimdan o‘zi uchun o‘zi ishlagan. Hozirgi kunda dehqonlarimizning ustida ko‘rsatma beruvchilar ko‘p.

Agar har bir dehqonga oilasiga qarab 3 gektardan 5 gektargacha yer berilsa, o‘zi bola chaqasi bilan qiladigan bo‘lsa, suv muammosi ham hal bo‘ladi, chunki dehqonning o‘zi tomchilab sug‘orishni yo‘lga qo‘yadi. Hozir 200 gektar, 500 gektar, 1000 gektar yeri borlar bor. O‘sha odamlar yerining bir chekkasiga borib ko‘rganmi? Yo‘q, yerning ichiga kirgani ham yo‘q hali.

Dehqonning qo‘li qadoq bo‘ladi, o‘rtoqlar, dehqonning qo‘li qadoq bo‘ladi. Dehqonning peshonasida qora chizig‘i bo‘ladi. Aytmoqchi bo‘layotgan narsam – yerning haqiqiy egasi bo‘lsa. Hozir esa, keladi: “Ey, bugun nima ekding? Yo‘q, buni ekmaysan, mana buni ekasan”.

Dehqonga yerni berdinglarmi, o‘ziga qo‘yib berish kerak-da! O‘zi qilsin!

Mendan mahsulot qancha ko‘p chiqsa, men yerdan qancha ko‘p foyda olsam, o‘zimga yaxshi-ku! Men o‘zim uchun ishlayman, men hech qachon hokim uchun, yoki “nachalnik melisa” uchun, yo prokuror uchun, yo soliq inspeksiyasi uchun ishlamayman. O‘zim uchun, bola-chaqam uchun ishlayman. Dehqonning ustiga kelib olib: “Sen bugun majlisga bor, majlisga bormasang, yeringni olaman... mana bu ekinni ekmasang, bunday bo‘lasan” deyish bilan dehqonning biri ikki bo‘lmaydi axir!

Fermerlar kengashi degan bir qanaqadir otryad bor, u umuman dehqonga yordam bermaydigan tashkilot. Ishimni 2006 yildan boshlagan bo‘lsam, biror marta hol so‘ramagan, RAPO yoki zamhokim kelib, ey darding nima bo‘lyapti, nima ekmoqchi eding, nega ekmading shu narsani, nimadan yordam beray demadi.

Agar yerlarni qisqartirsak, haqiqiy dehqonning o‘ziga bersak, dehqon o‘zi biladi nima qilishni: “Bu yerni sug‘orish kerak, bu yerni kultivatsiya qilish kerak, bu yerni chopish kerak, bu yerni chopgunimcha, mana bu yer dam olib tursin, bu yerni suv bosmasin...”

O‘zimga qo‘yadigan bo‘lishsa, xalaqit qilishmasa, tomchilab sug‘orishniyam o‘zim yo‘lga qo‘yaman. Lekin hozirgi kunda, mana bunday turishda hal bo‘lmaydi – dehqonning ustida xo‘jayinlar ko‘p, ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagan.

Agar dehqonning o‘ziga qo‘ysangiz, kerakli narsani ekadi. 20 sotixga bolgarskiy, 10 sotix pomidor, 20 sotixiga oshqovoq, kartoshka, sabzi – keragini ekadi.

Ishlar o‘zimizga qo‘yib berilsa, chorvachilik qilamiz, parrandachilik qilamiz, asalari qilamiz, quyonchilik qilamiz, qo‘ychilik qilamiz. 3 yildan beri, 2018-2020 yillari 15 sotix yerga issiqxona qilay, ruxsat beringlar, og‘aynilar, bolalarim yozda ishlayapti, qishda ham bekor o‘tirmasin, biron-bir mahsulot yetishtiraylik, desam, ruxsat berishmadi. Ha, nimaga? Sug‘oriladigan yerda mumkin emasmish.

Og‘aynilar, kechirasizlar-u, qurilayotgan zavod-fabrika, “gaz zapravkalar” sug‘oriladigan yerga qurilyapti-ku? Nimaga endi bizga mumkin emas shu 10–15 sotix teplitsa?

Agar bizda chorva, parranda, asalari, quyonchilik bo‘lsa, bizdek boy odam bo‘ladimi? Kambag‘allik nima qilar edi bizda? Dehqonda kambag‘al degan gap bo‘lmaydi, agarda uning tepasida turvolishmasa.

Dehqonga erkinlik kerak. Bu yil bitta mol oladi, keyin u ikkita bo‘ladi. Ikkita qo‘y oladi, to‘rtta bo‘ladi. Asalarining bitta yashigini olsam, yanagi yilga beshta bo‘ladi. O‘zim qilib olaman shu narsalarni, o‘zim. Yalinib, menga kredit ber, falon bank bilan shartnoma qilaman, demaydi dehqon.

Dehqonning orzusi nima ham bo‘lar edi? Farzandlari baxtini ko‘rsa, farzandlarini o‘qimishli qila olsa. El-yurt ichida obro‘yi bo‘lsa, sog‘ bo‘lsa. Ana shunda dehqon o‘zini baxtiyor deb hisoblaydi.

Men baxtiyor odamman. Nega desangiz yurtim tinch, xonadonim osoyishta, farzandlarim mana oldimda. Yurtimiz bundan-da rivojlanib ketishi kerak. Chet davlatdan kelgan odamlar O‘zbekistonni ko‘rib havas qilishsa!

O‘zbekiston obod bo‘lishi uchun hozirgi kunda hamma sharoit bor. Bir paytlar “obkom”, “raykom” partiya deganlari bo‘lar edi, oldidan o‘tib bo‘lmas edi. Lekin hozir ham eski tuzumni qo‘msab yashayotganlar bor. Agar mana shulardan safimiz tozalansa, kelajagimiz zo‘r bo‘ladi. Hamma havas qiladigan yurt bo‘ladi.

“Menga tegmayapti-ku” degan shior bilan yashamaslik kerak. Unday bo‘lishi kerak emas.

Shokir Sharipov suhbatlashdi.
Tasvirchilar – Otaxon Yusupov, Muhammadjon G‘aniyev.

Mavzuga oid