Jahon | 18:32 / 12.07.2021
42901
10 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston: 20 yillik urushning 10 savoliga javob

20 yillik urushdan so‘ng AQSh o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqib ketmoqda.

Foto: Getty Images

Bagrom aviabazasi AQSh va uning ittifoqchilari uchun «Tolibon» va «Al-Qoida» bilan kurashning markazi edi.

AQSh boshchiligidagi koalitsiya 2001 yil dekabrida u yerga joylashadi, shu tariqa mazkur baza 10 ming askarni o‘zida jamlagan ulkan bazaga aylanadi.

Donald Tramp ma'muriyati 2020 yil fevralida «Tolibon» bilan muzokaralar yakunida amerikalik harbiylarni 2021 yil 1 mayiga qadar Afg‘onistondan olib chiqish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Ammo bu muddat AQShning hozirgi prezidenti Jo Bayden tomonidan keyinroqqa surildi va endi 31 avgustgacha AQShning barcha qo‘shinlarini mamlakatdan olib chiqib ketilishi kutilmoqda.

Ayni paytda «Tolibon» Afg‘onistonning ayrim hududlarida jadal olg‘a yurib, o‘nlab tumanlarni egallab oldi.

Urushning qiymati insoniy jihatdan ham, moliyaviy jihatdan ham astronomik darajada katta bo‘ldi.

Xo‘sh, bu urush nima uchun boshlandi? AQSh o‘z maqsadiga erisha oldimi?

AQSh Afg‘onistonga nima uchun kirgandi?

2001 yil 11 sentyabrda AQShda uyushtirilgan teraktlar natijasida 3 ming kishi hayotdan ko‘z yumadi.

Terrorchilar olib qochilgan uchta yo‘lovchi samolyot bilan Jahon savdo markazi va AQSh Mudofaa vazirligi binosini nishonga olishadi, yana bir samolyot esa Pensilvaniya shtatidagi dalaga qulab tushadi.

Ushbu voqeadan ko‘p o‘tmay, ushbu xurujlar tashkilotchisi «Al-Qoida» rahbari Usama bin Lodin ekani e'lon qilinadi.

O‘sha vaqtda Afg‘onistonni boshqargan va bin Lodinni himoyasiga olgan radikal tashkilot sanalmish «Tolibon» uni Amerikaga topshirishdan bosh tortadi.

Teraktlardan bir oy vaqt o‘tib, AQSh Afg‘onistonda «Al-Qoida» va «Tolibon»ga qarshi havo hujumlarini boshlaydi.

Keyin nima bo‘ldi?

Ikki oy ichida «Tolibon» rejimi qulaydi va uning jangchilari Pokistonga chekinadi.

Ammo toliblar shunchaki qochib ketishmaydi, balki yashirinib, vaqt o‘tishi bilan kuchayib borishadi. Ular giyohvand moddalar savdosi, ma'danchilik va tovlamachilik yo‘li orqali har yili millionlab dollarlarni qo‘lga kiritishadi.

Foto: Getty Images

2004 yilda hokimiyatga AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi hukumat keladi, ammo «Tolibon»ning hujumlari davom etadi. Tashkilot kuchayib borayotgani sababli afg‘on armiyasiga yordam beradigan xalqaro koalitsiya ham ushbu tahdidlarga qarshi kurashda qiyinchiliklarga duch kela boshlaydi.

Mojarolarda ko‘plab tinch aholi vakillari va afg‘on harbiylari halok bo‘ladi.

Afg‘onistondagi mojaro 2001 yilda boshlanganmidi?

Bunga qisqa javob bor: yo‘q.

Afg‘oniston AQSh bosqinidan oldin ham o‘nlab yillar davomida katta to‘qnashuvlar sahnasiga aylangandi.

1970-yillarda sovetlar ittifoqi kommunistik hukumatni qo‘llab-quvvatlash uchun mamlakatga o‘z armiyasini yuboradi.

Sovetlar AQSh, Pokiston, Xitoy va Saudiya Arabistoni kabi davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan va o‘zini mujohidlar deb atagan qurolli harakatga qarshi kurashadi.

Moskva 1989 yilda o‘z armiyasi bilan Afg‘onistonni tark etgan bo‘lsa-da, mamlakatda mojarolar davom etadi va toliblar kuchayib ketadi.

«Tolibon» qanday qilib bunchalik kuchga ega bo‘ldi?

«Tolibon» 1990-yillar boshlarida Pokistonning shimoliy va Afg‘onistonning janubi-g‘arbiy qismidagi chegara hududida kuchaya boshlaydi.

Toliblar dahshatli fuqarolar urushi oqibatlarini yengish yo‘lida kurashayotgan afg‘on xalqiga korrupsiyaga qarshi kurash va xavfsizlikni ta'minlashni va'da qiladilar.

Shu tariqa, toliblarning ta'sir doirasi kengaya boradi. Ular mamlakatda islomiy jazo usullarini qo‘llay boshlaydilar: zino qilganlar va qotillarni maydonlarda qatl etadilar, o‘g‘rilik qilganlarning esa qo‘llarini kesadilar.

Ular erkaklar uchun soqol o‘stirishni, ayollarga esa yuz va tanani to‘liq yopib turuvchi burqa kiyishni majburiy qilishadi. Kino, televideniye va musiqani taqiqlashadi, shuningdek, 10 yoshdan oshgan qizlarning maktabda o‘qishiga ham qarshi chiqa boshlashadi.

Foto: BBC

20 yil davomida «Tolibon»ni yo‘q qilib bo‘lmadimi?

Toliblar xalqaro koalitsiya mavjudligi sababli 20 yil davomida nochor ahvolga tushib qolishgan, ammo abadiy shunday qolmasligi aniq edi.

2001 yildan keyin Afg‘onistonda eng qonli mojarolar sodir bo‘lgan 2014 yilda xalqaro kuchlar Afg‘onistonda butkul qolib ketishdan xavotirlanib, mojarodan chiqishga qaror qiladilar va toliblarga qarshi kurash vazifasini afg‘on armiyasiga topshiradilar.

Afg‘onistondagi AQSh askarlari, 2002-2020 yillar

Ammo bu «Tolibon»ni yanada jasoratlantiradi. Toliblar hukumat kuchlari va tinch aholiga qarshi hujumlar uyushtirish orqali ko‘plab hududlarni o‘z nazoratiga oladi.

BBC 2018 yil «Tolibon» mamlakatning 70 foiz hududida ochiqcha ish olib borayotganini ma'lum qilgandi.

Mojaro qanchaga tushdi?

Afg‘onistonda AQShning 2,3 ming askari halok bo‘ldi, 20 mingdan ortig‘i jarohat oldi. Boshqa mamlakatlarning ham yuzlab askarlari qurbon bo‘ldi yoki yaralandi.

Foto: Reuters

Ammo urushlarning eng katta musibatini afg‘on xalqi boshdan kechirdi. Taxminlarga ko‘ra, Afg‘oniston huquq-tartibot idoralaridan 60 ming kishi halok bo‘lgan.

BMT 2009 yil tinch aholining qurbon bo‘lishini muntazam ravishda kuzatib borishni boshlaganidan beri, mojarolar natijasida tinch aholi vakillari halok bo‘lgan yoki jarohat olganlar soni 111 mingdan oshgan.

Bir tadqiqotda Afg‘onistondagi urush AQShga 1 trln dollarga tushgani aytiladi.

«Tolibon» bilan qanday bitim tuzildi?

2020 yilning fevralida AQSh va «Tolibon» o‘rtasida «Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish to‘g‘risida»gi bitim imzolanadi.

Ko‘p yillik muzokaralardan so‘ng erishilgan ushbu kelishuvga ko‘ra, AQSh va NATO ittifoqchilari barcha qo‘shinlarini mamlakatdan olib chiqib ketishi, evaziga «Tolibon» o‘z nazorati ostidagi hududlarda «Al-Qoida» yoki boshqa radikal guruhlarning faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘ymasligi ko‘zda tutilgan.

O‘tgan yilgi muzokaralar doirasida «Tolibon» va Afg‘oniston hukumati harbiy asirlarni almashdi. Ushbu kelishuvga ko‘ra, «Tolibon»ning 5 mingdan ortiq a'zosi ozod qilindi.

AQSh «Tolibon»ga qarshi sanksiyalarini bekor qilishga va BMTning alohida sanksiyalarini ham bekor qilish choralarini ko‘rishga va'da berdi.

«Shuncha yillardan so‘ng, xalqimizning uyga qaytish vaqti keldi», degandi Afg‘oniston hukumatining ishtirokisiz toliblar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borgan AQShning sobiq prezidenti Donald Tramp. 

AQShning barcha askarlari mamlakatni tark etyaptimi?

Iyul oyi boshida AQSh va NATOning Bagrom aviabazasidagi so‘nggi kuchlari ham bazani tark etib, xavfsizlik Afg‘oniston hukumatiga topshirildi.

AP agentligining xabar berishicha, diplomatlar va dengizga chiqish yo‘li yo‘q mamlakatni dunyo bilan bog‘laydigan Kobul aeroportini himoya qilish uchun taxminan 650 nafar AQSh askari qolishi kutilmoqda.

Mavjud vaziyat qanday?

Kelishuvdan so‘ng «Tolibon» o‘z taktikasini o‘zgartirib, shaharlar va harbiy bazalarga hujum qilishga kirishdi va tinch aholisini dahshatga sola boshladi.

Foto: Reuters/BBC

Toliblar ko‘plab hududlarni o‘z nazorati ostiga olishmoqda va chet el qo‘shinlari chiqarilgandan keyin Kobuldagi hukumatni ag‘darish bilan tahdid qilishlari mumkin.

Mamlakatda «Al-Qoida» va IShID ham faoliyat yuritmoqda.

Kobulning kelajagiga oid xavotirlar kuchayib borayotganiga qaramay, prezident Ashraf G‘ani isyonchilarni bostirish uchun mamlakat huquq-tartibot idoralarining kuchi yetarli ekanligini ta'kidlamoqda.

Afg‘onistondagi 20 yil: u bunga arziydimi?

«Bu savolning javobi o‘lchagan narsangizga bog‘liq», deydi BBC’ning xavfsizlik bo‘yicha muxbiri Frenk Gardner.

Xavfsizlik bo‘yicha yuqori darajadagi manbalarning aytishicha, urush boshlanganidan buyon biror muvaffaqiyatli xalqaro terroristik hujum Afg‘onistondan turib amalga oshirilmagan.

«Agar siz shunchaki xalqaro terrorizmga qarshi kurash nuqtayi nazaridan qarasangiz, u yerdagi qo‘shinlar o‘z maqsadlarini bajarishdi», deydi Gardner.

Ammo oradan 20 yil o‘tishiga qaramay, «Tolibon» mag‘lub bo‘lishdan yiroq va dahshatli jangovar kuchga ega.

Mintaqadan olingan ma'lumotlarga ko‘ra, joriy yilning iyun oyi 2001 yildan beri kechgan eng zo‘ravonlik oyi bo‘ldi, yuzlab odamlar o‘ldirildi.

Maktablar, hukumat binolari va elektr energiyasini taqsimlash inshootlari kabi yillar davomida mashaqqat bilan qurilgan infratuzilmalar ham mojarolardan zarar ko‘rish xavfi ostida.

«Al-Qoida», IShID va boshqa jangari guruhlar tamoman yo‘q bo‘lib ketmadi. Ular endilikda qayta tiklanmoqda. G‘arbning so‘nggi qo‘shinlari mamlakatni tark etish arafasida ekanligi, shubhasiz, ularga dalda bermoqda», deydi Frenk Gardner.

Mavzuga oid