Jahon | 19:59 / 13.07.2021
11361
3 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston hukumati vakillari Dohada toliblar bilan muzokara o‘tkazadi – OAV

Xabar qilinishicha, Qatar poytaxtidagi uchrashuvga Afg‘onistonning sobiq prezidenti Hamid Karzay va Afg‘oniston milliy sulh bo‘yicha oliy kengashi raisi Abdulla Abdulla boradi. 

Afg‘onistonning sobiq prezidenti Hamid Karzay va Afg‘oniston milliy sulh bo‘yicha oliy kengashi raisi Abdulla Abdulla juma kuni “Tolibon” harakati delegatsiyasi bilan muzokara o‘tkazish uchun Qatar poytaxti Dohaga boradi. Bu haqda Pajhwok agentligi xabar berdi.

Avvalroq Karzay mamlakat hukumati va “Tolibon” harakati o‘rtasida tinchlik muzokaralari o‘tkazilishi haqida aytgandi. Abdulla Abdulla ham shunday bayonot bilan chiqqan, Afg‘oniston hukumati tinchlik muzokaralariga tayyorligini aytgan edi.

O‘tgan haftada Tehronda “Tolibon”, afg‘onistonlik siyosatchilar va Eron tashqi ishlar vazirligi rahbariyati ishtirokida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazilgandi. 

AQSh Afg‘onistondagi amaliyotlarini to‘xtatishi bilan, toliblar hukumat kuchlariga qarshi harakatlarini kuchaytirmoqda: dushanba kuni ular muhim markazlardan biri bo‘lmish G‘aznini o‘rab olgani va uning atrofidagi hududlarga kirgani ma'lum bo‘ldi.

Yakshanba kuni hukumat kuchlari aviatsiya yordamida Tojikiston bilan chegaradagi Tohar viloyati markazi Toluqon shahrida toliblarga hujum uyushtirgandi.

Bir necha kun oldin toliblar Turkmaniston bilan chegaradagi Bodg‘is viloyati markazi Qal'ai Navga kirishgan, ammo hukumat harbiylari ularni bu yerdan ham siqib chiqarishgan.

Hozircha toliblar biror viloyat markazini qo‘lga olishning uddasidan chiqishmadi, ammo viloyat markazlari atrofi shiddat bilan o‘rab olinmoqda, shuningdek, nisbatan kichik shaharlar, qishloqlar va butun tumanlar ularning nazoratiga o‘tmoqda.

BMT Xavfsizlik kengashining iyun oyidagi hisobotida “Tolibon” Afg‘oniston hududining yirik shaharlardan tashqaridagi 50-70 foiz qismini va tumanlar markazlarining 57 foiz qismini nazorat qilayotgani aytilgandi.

Aprel oyi oxirida AQSh prezidenti Jo Bayden Amerika harbiylari 11 sentyabrga qadar Afg‘onistondan to‘liq olib chiqilishini ma'lum qilgach, toliblar mamlakatning turli nuqtalarida hujum boshlagandi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid