Jamiyat | 16:29 / 19.07.2021
26951
4 daqiqa o‘qiladi

Koronavirusga chalingan bolalarda qanday belgilar kuzatilishi ma'lum qilindi

O‘zbekistonda o‘tgan yili yozda kattalar orasida koronavirusga chalinish ko‘paygan bo‘lsa, bu yil yozda bolalar ham bu kasallikka ancha ko‘proq chalinmoqda.

O‘zbekistonda yoz oylariga kelib bolalar orasida koronavirusga chalinish holatlari sezilarli darajada oshdi. Bu haqda Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy markazi pediatri Feruza Sobirova ma'lum qildi.

“Oldingi yoz mavsumida kattalar orasida koronavirusga chalinish ko‘paygan bo‘lsa, bu yil yozda esa bolalar orasida bu kasalga chalinish ko‘payganini ko‘rsatmoqda. Buni koronavirus bemorlarini davolash uchun ixtisoslashtirilgan shifoxonalar faoliyatidan bilish mumkin.

Jumladan, bizning markazimizda ham COVID-19 bilan og‘rigan bolalar uchun 250ta o‘rin tashkil qilindi va bu yerga davolanish uchun murojaatlar kelib tushyapti”, – dedi u.

Mutaxassisga ko‘ra, bolalarda COVID-19 belgilari oddiy o‘tkir respirator kasalliklar bilan deyarli bir xil kechadi. Koronavirusga chalingan 80 foiz bolalarda tana harorati ko‘tariladi, 40-50 foizida yo‘tal, holsizlik, ishtahasizlik, mushaklar og‘rig‘i, ko‘ngil aynib qayt qilish, ich buzilishi kabilar kuzatiladi.

Bunday vaziyatda ularni kasalxonaga yotqizishda boladagi yondosh xastaliklar hisobga olinadi.

“Bolada immunitet tanqisligi, tug‘ma yurak nuqsonlari, jigar, buyrak, o‘pka xastaliklari, surunkali kasalliklar, autoimmun kasalliklar, kimyoterapiya oladigan holatlar mavjud bo‘lsa, bolani kasalxonaga yotqizish tavsiya qilinadi”, – dedi Feruza Sobirova.

Pediatrga ko‘ra, koronavirusga chalingan bolalarning 80 foizida kasallik yengil va o‘rta og‘ir darajada o‘tyapti.

“Kattalarga nisbatan bolalarda bu jarayon yengilroq o‘tishi aniqlangan bo‘lsa-da, farzandining salomatligidan xavotirga tushgan ota-onalar ularda isitma kuzatilsa, tezda kasalxonaga yotqizishga shoshilishadi. Biroq bu holatlarda aksariyat bemor bolalarni uyda davolab, parvarish qilish mumkin.

Bola xastalanganda birinchi qilinadigan ish – oilaviy shifokorga uchrashib, undan kerakli tavsiyalarni olish kerak. Bunday holatda nomutaxassis odamlardan yoki ijtimoiy tarmoqda o‘qigan ma'lumotlarga qarab keraksiz va noto‘g‘ri muolajalar qo‘llamasdan pediatrga uchrashish kerak. Shifokor koronavirusga chalingan bolalarni davolash protokoli asosida bolaning ahvoli qay darajada ekanini baholaydi: yengil, o‘rta, o‘rta og‘ir va og‘ir deb.

Koronavirusga chalingan bolada tana harorati 38 darajadan yuqori bo‘lmasa, harakatchan, yugurib yursa uning holati yengil va o‘rta og‘ir deb baholanadi”, – deydi u.

Avvalroq, “Tez yordamga” 10 kun ichida 200dan ortiq bola COVID-19 alomatlari bilan murojaat qilib, ulardan 191 nafari Zangiotadagi shifoxonaga yotqizilgani haqida xabar berilgan edi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, bolalarda kasallanish soni oylar mobaynida ortib borayotganini ko‘rish mumkin. Joriy yil aprel oyida “103” xizmati orqali 131 nafar bola xastalik belgilari bilan Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasiga olib borilgan bo‘lsa, may oyida bu raqam 152 nafarga yetgan. Iyun oyining 28-sanasiga qadar esa kasal bolalar soni 316 nafarni tashkil qilgan.

Ayni paytda Qozog‘istonda ham bolalar orasida koronavirus bilan kasallanganlar soni ortib bormoqda. Shu sababdan 12 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni Pfizer vaksinasi bilan emlash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Mavzuga oid