Jamiyat | 16:16 / 20.07.2021
56628
14 daqiqa o‘qiladi

“Yutishning bitta yo‘li – o‘ynamaslik” - totalizator qurbonlari

“Qarz so‘rab bormagan odamim qolmadi. Ayol boshim bilan pul topish uchun hatto qing‘ir yo‘llar ham xayolimga kelardi...” “Eslasam, o‘zimdan nafratlanib ketaman: yolg‘on ketidan yolg‘onlar to‘qib, do‘stlaridan qanday ayrilib qolganini ham bilmay qolarkan kishi...”

Foto: iStock

Onlayn qimor va sport o‘yinlariga pul tikib boylik orttirishga qiziqish nafaqat yoshlar, balki o‘rta yoshdagilar orasida ham keng yoyilyapti. Kun.uz “Hayotiy hikoyalar” ruknida bu o‘yinlarga berilib, nafaqat pul yutqazgan, balki yaqin insonlari bilan munosabatlari ham darz ketgan ikki hamyurtimiz kechmishini taqdim etadi.

 “Bolalarim rizqini qimorga tikkanimdan juda afsuslanaman”

— Men voha viloyatlaridan birida, markazdan uncha uzoq bo‘lmagan tumanda yashayman. Yolg‘iz onaman, bir o‘g‘lim va ikki qizim bor. Chevarlik orqasidan kunimiz o‘tadi. Shu mehnatim bilan bolalarimning ust-boshini butlab birovdan kam qilmay tarbiya berib kelardim...

Bir necha oy avval tanishlarim 1XBET deb nomlanuvchi futbol o‘yinlariga pul tikiladigan, yana boshqa o‘yinlar orqali oson pul topish mumkin bo‘lgan o‘yin haqida aytib berishdi, keyin telefonimda shu o‘yinni o‘zlari o‘ynab ko‘rishni iltimos qildi. Avvaliga ularga ishonganim sabab o‘ynashlariga qo‘yib berdim. Ba'zi payt o‘yinlarini o‘zim ham kuzatib turdim. Dastlab omadi kelib turdimi bilmadim, ikki-uch marta marta yutdi, keyin to‘satdan kattaroq summa yutqazdi va asabiylasha boshladi. Keyingi kuni qarzi olib kelib yana tikdi, yana yutqazdi.

Tomosha qila turib, o‘zim ham qiziqib ketgandim. Chunki birpasda 300-400 ming so‘mli bo‘lish hammaga ham yoqadi-da. Haligi tanishlarim olgan qarzini to‘lashga qiynalib yurgan payt ularning nomidan kirib o‘ynadim. Qarasam binoyiday, yutyapman. Ikki marta pul tikdim va ikkalasida ham yutib chiqdim. Va tanishimning qarzini to‘lashga harna yordam deb berib yubordim. U esa shu bo‘yicha qaytib telefonimni ham so‘ramadi, o‘yin ham o‘ynamadi. Lekin shu orada meni anchayin qiziqtirib ketgani qoldi.

Men totalizator deb atalmish bu o‘yin mantig‘ini unchalik ham tushunmasam-da, o‘ynayverdim: omadi kelgan yutadi, omad chopmasa pullarini havoga sochadi deb yurardim. Buning qimor ekani xayolimning bir chekkasiga kelmagandi, oddiy lotereya-ku, kundalik hayotda ham shunday o‘yinlar o‘ynaladi, qolaversa, televideniyeda ham lotereya o‘yinlari ko‘rsatiladi-ku, deya qilayotgan ishim nimaligidan bexabar yurar edim.

Tanishlarimda bo‘lgan holat menda ham takrorlandi: kichikroq summalarni yutganimdan so‘ng ko‘proq pul tikmoqchi bo‘ldim va to‘satdan 10 mln so‘m atrofida yutqazdim. Keyin ketgan pulni qaytarib olaman deb o‘yin ichiga yanada kirib ketdim. Atrofdagilar, yaqin tanishlarim meni o‘yinga judayam berilib ketganimni ko‘rib, bu o‘yindan birov hali baraka topmaganini aytib meni qaytarmoqchi bo‘lishdi.

Men esa har xil usulda o‘ynab ko‘rishda davom etar, ba'zida yutib, ba'zida yutqazar edim. Endi nafaqat o‘yinlarga pul tikardim, balki boshqa o‘yinlarda o‘zimni sinab ko‘rdim, karta, kazino – o‘yinlarning boshqa turlari, xullas hammasiga qiziqib o‘ynadim. Lekin hamon o‘yindan ma'no topolmasdim. Chunki sal kattaroq summa yutayotsam telefonim qotib qolardi va yutib turgan o‘yinni yutqazib qo‘yardim. Angladimki, katta summani yutishga bermaydi. Kichikroq summalarni misol uchun 400-500 ming so‘mni yutish oson, lekin ikki uch marta shunday o‘ynab keyin to‘xtatmoqchi bo‘lsam, blokka tiqishdi. Natijada jahlim chiqib yanada o‘yinga sho‘ng‘ib boraverdim.

O‘tgan 8 oy ichida qarz so‘rab bormagan biror yaqin odamim qolmadi. Ha desa o‘g‘limni o‘qishiga kerak bo‘lib qoldi deyman yoki birovdan qarz olgandim, shuni qaytarmoqchi edim, deyman – o‘yinga berilish har kimga har qanday yolg‘onni to‘qib bo‘lsa-da, pul undirishga olib kelardi. Eng yomoni hatto o‘g‘limning kontrakti uchun yig‘ib kelgan pulimni ham shu o‘yinga tikib yutqazib qo‘ydim.

Akalarim menga nima bo‘layotganini tushunmasdi, oilamga hech bunday ko‘p pul sarf bo‘lishini anglay olmay halak edilar. Mening ruhiy holatimda ham o‘zgarish sezilardi, toqatsizlik, gap ko‘tarmaslik, jazava – bular menda o‘tgan ilk holatlar edi.

Bir yoqdan oilamda farzandlarim tarbiyasi qarovsiz, bir yoqdan ish joyimda ham tayin yo‘q, tinimsiz janjallashar, har o‘n kunda yangi joyga ko‘char edim. Gulday hunarim orqali topganimda baraka yo‘q, qo‘limga pul tushgan kun borki “stavka” qilishga shoshardim.

Bu o‘yin haqida bilmagan odam uni shunchalik sehrli narsamidiki o‘ynamasdan shart to‘xtatib qo‘ya qolmasa, deyishi mumkin. Bilmadim, balki ba'zi odamlar bordir, bir marta yutqazib bore deb tashlab ketadigan. Lekin menda bir tomondan mag‘lub bo‘lmaslikka ichki isyon, ikkinchi tomondan shuncha yutqazgan pullarimni qaytarib olish tuyg‘usi yana va yana o‘yinni o‘ynashga undardi. Baribir yutaman, deb o‘ylardim. Afsuski... menga o‘xshaganlar oz bo‘lmasa kerak.

Qaytish. Meni shu o‘yinni o‘ynashdan qaytargan kun va o‘sha kun ro‘y bergan voqea uchun behad shukronalar aytaman. Chunki o‘zim uchun kulminatsiya nuqtasiga kelib bo‘lgandim. Garchi ayol boshim bilan bo‘lsa-da, pul topish uchun turli qing‘ir yo‘llar xayolimga kelardi, menimcha, ayni shu holat mening kulminatsiyam edi. Ortiq bu davom etishi kerak emasdi.

Shu xayollar ichida yurarkanman, yana bir og‘ir mushkulot ostida qoldim. Kichik qizimni chorrahada mashina turtib ketishi tufayli koma holatiga tushdi va reanimatsiya bo‘limida naq 10 kun o‘ziga kelmadi. Bo‘lib o‘tgan bu mudhish ish uchun o‘zimni aybladim: ko‘p odamdan qarz olib bermay yurganim, qolaversa, men pul tikayotgan o‘yinlarda qatnashish og‘ir gunoh ekanini eshitib chuqur g‘amga botdim. Har kun, har soat Allohdan yolvorib so‘radimki, farzandim oyoqqa turib ketsa, bu nomaqbul ishlarni to‘xtataman... Qizim ko‘zini ochgan kun esa mening ham yangi hayotga qaytgan kunim bo‘lib qoldi.

Umumiy hisobda 100 mln so‘m atrofida yutqazdim, garchi o‘zim ham ko‘p miqdorda yutgan bo‘lsam-da, bu pullarning yarmidan ko‘pi hamon bo‘ynimda qarz bo‘lib osig‘liq turibdi. Bundan tashqari, bolalarim rizqi bo‘lgan bu pullarni qimorga tikkanimdan juda afsuslanaman. Oxiri kelib shuncha pul yutqazishimni bilsam o‘ynamasmidim deya o‘ylab qolaman.

Totalizator birinchi navbatda iymonni, keyin odamlarga ishonchni sustlashtiradi, yaqinlarga munosabat yomonlashadi, bolasi bo‘lsa ularning tarbiyasiga e'tiborsiz bo‘lib qoladi, faqatgina bir narsa – nima qilib bo‘lsa-da pul yutish MAQSADga aylanib qoladi.

***

“O‘yin ichiga kirgan odam oldinga qancha yugurmasin, ortga qarab ketaveradi”

— Totalizatorga qiziqib o‘ynashni boshlaganimga 5 yilcha bo‘ldi. Birinchi marta Chempionlar ligasidagi markaziy bir o‘yinga tanishim pul tikayotganini ko‘rib, men ham 400 dollar tikdim. O‘yin esa men taxmin qilgan natija bilan tugamadi va pulimni yutqazdim. Hammasi shundan boshlanib ketdi, yutqazgan pulimni qaytarish uchun yana o‘ynadim. Men tinmay o‘ynar, ziyon esa tobora kattalashar edi...

O‘zim asli savdo bilan shug‘ullanaman. Yoshim 35da, hayotda bir yigit erishishi mumkin bo‘lgan muvaffaqiyatlarga ozmi-ko‘pmi erishganman. Tavakkal qilishdan, yutqazishdan qo‘rqmaslik yoshligimdan muvaffaqiyatga erishishim omili bo‘lib kelgan. Balki, shu sabab totalizatorga juda tez berilib ketgandirman.

Men faqatgina o‘yinlarga “stavka” qilish emas, kazino, ruletka kabi boshqa o‘yinlarga ham qiziqdim, u yerda ham yutib-yutqazib, “azart”ga kirar va shu tarzda o‘yin ichiga kirib borar edim. Orada firibgarlik deb blokka ham tiqishdi. Blokka tiqish sababini tushuntirmas ekan, o‘yin qoidalarida ko‘ra o‘zlari shubhali deb bilgan akkauntlarni sababini aytmasdan bloklab qo‘yadi.

O‘yin mening nazdimda ikki qadam oldinga bir qadam orqaga bo‘lishi kerakdek, lekin aslida o‘yin ichiga kirgan odam oldinga qancha yugurmasin ortga qarab ketaveradi. O‘ynar ekanman xayolimda doim bir narsa turardi: “nima bo‘lsa ham ketgan pullarni qaytarib olsam bo‘ldi”, lekin qayoqda deysiz va o‘yin domiga tobora kirib boraverdim.

O‘yin shunday aqlli tuzilganki, doim yutqazgan odam tashlab ketishi mumkinligi sabab “azart”ga kiritib turadi. Ba'zida 4-5 ming, bir marta 6 ming dollar yutgan vaqtlarim ham bo‘ldi. Aynan mana shu qiziqtirish yutsa bo‘larkan-ku degan xayolga olib kelarkan. Uzog‘i bir necha kun o‘tib yana o‘yin xumori tutadi.

Bora-bora yutib olingan katta-katta summalar bir soatda yutqazilardi. Yutish ta'mini olgan odam yutaman deb duch kelgan tanishidan qarz ola boshlaydi. Bu charxpalak kabi takrorlanaveradi, ammo siz tobora ko‘proq pulingizdan ayrilib borasiz. Yana avval bo‘lgan jarayon takrorlanadi, yana va yana... Taxminim bo‘yicha jami 50 ming dollar atrofida pul yutqazdim.

Eng alam qiladigani bu o‘yinda yutqazishdan ham ko‘ra yaqinlarni, oilani do‘stlarni yo‘qotish ekan. Bir marta o‘ynab yutqazgandan odam boshqa birovdan qarz olib yana o‘ynashni davom ettiradi: shuning orqasidan yaxshi do‘st yomonga, qadrdonlar yuzko‘rmas begonaga aylanadi. Yaqin o‘tmish kunlarimni eslasam o‘zimdan nafratlanib ketaman, yolg‘on ketidan yolg‘onlar to‘qib, do‘stlaridan qanday ayrilib qolganini ham bilmay qolarkan kishi.

Hozir aniq ayta olamanki, juda ko‘p yoshlar mana shu o‘yin tufayli ayanchli holatga tushib qoldi. Chunki o‘yin insonni real hayotdan uzoqlashtira boradi, faqat yo‘qotilgan pullarni qaytarish dardida yashaydi, hech kim bilan gaplashgisi kelmaydi. O‘zim misolimda ayta olamanki, oilamdagilar bilan gaplashmayman, jigarlarim bilan yuzlasha olmaydigan ahvolga kelib qolganman.

Bu o‘yin odamni har narsaga qo‘l urishga majbur qilib qo‘yadi. Qarzga botib o‘zini osish, o‘g‘rilikka qo‘l urish kabi xayollar insonni eza boshlaydi. Eng yomoni, birovning uyiga bosqinchilikka kirib, pulini olib qarzlarni yopib, nari borsa 10-15 yil o‘tirib chiqaman, nima bo‘libdi, degan fikrda to‘xtash. O‘zini o‘ldirganlarni ham bilaman.

Bu o‘yinda mutlaq yutishning bitta yo‘li – o‘ynamaslik. Bir marta o‘ynab 100 ming so‘m yutqazgan odam ikkinchi o‘ynamasa, millionlarini qutqarib qoladi.

Yoshlarga va tengdoshlarimga. Bilasizmi, meni tanigan insonlar meni yutqazmaydi deb ishonardi. Hatto o‘zimga ham aytishgan: “Sen yutqazdingmi, sen-a?!”

O‘zingga har qancha ishonma, o‘ynayapsanmi, demak yutqazishing aniq, aksincha, o‘zingni tiydingmi, demak – sen g‘olibsan do‘stim, ukam, og‘aynim.

O‘yinni bugunoq to‘xtat va kelajakda yutqazishing aniq bo‘lgan pullarni, hayotingni asrab qol.

Yigitali Mahmudov tayyorladi

Mavzuga oid