Jamiyat | 18:38 / 21.07.2021
1498
2 daqiqa o‘qiladi

Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi belgiyalik ekspertlarni qabul qildi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Murat Kamolov 19 iyul kuni “Diplomatic World” jurnali ijrochi direktori Barbara Ditrix va “Diplomatic World Institute” markazi menejyeri Alberto Turkstrani qabul qildi. Bu haqda Jo‘qorg‘i Kengesi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Uchrashuvda mehmonlar ko‘p yillar davomida Orol dengizi qurishining salbiy oqibatlari bilan kurashib kelayotgan respublikada bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholagan.

Shu bilan birga, O‘zbekistonning Belgiyadagi elchixonasi rahbariyati bilan erishilgan kelishuv bo‘yicha 2021 yil sentyabrda O‘zbekiston Mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan jurnalning maxsus soni nashr qilinishini ham aytib o‘tgan.

Ta'kidlanishicha, jurnalda Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq tabiiy ofatning oqibatlarini bartaraf etish, mintaqani ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish, turizmni rivojlantirish, respublikaga xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, energetika jabhasini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida material tayyorlashni rejalashtirgan.

Belgiyalik mehmonlar Qoraqalpog‘istonga tashrifi davomida I. V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san'at muzeyiga sayohat qilgan va Mo‘ynoq tumani bilan tanishgan.

Ma'lumot uchun, “Diplomatic World” jurnali siyosat, diplomatiya, biznes, moliya, san'at va madaniyat sohalarini keng yoritib kelmoqda. Jurnal Yevropaning parlament a'zolari, Yevropa Ittifoqi rahbarlari, ishbilarmon doiralar, diplomatik korpus va Bryusselda akkreditatsiyadan o‘tgan xalqaro tashkilotlarga tarqatiladi.