Iqtisodiyot | 10:21 / 22.07.2021
13526
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda yarim yilda 200 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi

Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda metallurgiya sanoatining ulushi 13 foizga, to‘qimachilik 20,9 foizga o‘sdi.

2021 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston korxonalari tomonidan 200,1 trln so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarildi va 2020 yilning mos davriga nisbatan 8,5 foizga o‘sish kuzatildi.

Qaysi mahsulotlar ishlab chiqarishda o‘sish kuzatildi?

Davlat statistika qo‘mitasiga ko‘ra, jami sanoat ishlab chiqarish fizik hajmi ortishining asosiy omili:

  • tog‘-kon sanoati va ochiq konlarda ishlash 7,5 foiz;
  • ishlab chiqaradigan (qayta ishlash) sanoatning 8,6 foizga;
  • elektr, gaz, bug‘ bilan ta'minlash va havoni konditsiyalashning 12,1 foizga;
  • suv bilan ta'minlash, kanalizatsiya tizimi, chiqindilarni yig‘ish va utilizatsiya qilish 3,5 foizga o‘sishi bo‘lib xizmat qildi.

O‘tgan 6 oy davomida mashina va asbob-uskunalar ishlab chiqarish, ta'mirlash va o‘rnatish, avtotransport vositalari, yarimpritseplar va boshqa tayyor buyumlarni ishlab chiqarish ulushi jami sanoat ishlab chiqarishining 17,6 foizini tashkil etib, 2020 yilning shu davriga nisbatan 0,7 foizga o‘sdi.

Metallurgiya sanoatining ulushi 27,2 foiz bo‘lib, o‘tgan yil mos davriga qaraganda 13 foizga, to‘qimachilik, kiyim, teri mahsulotlarini ishlab chiqarishning ulushi 18 foiz bo‘lib, 2020 yilga qaraganda 20,9 foizga o‘sdi.

Shuningdek, oziq-ovqat, ichimliklar va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishning ulushi 16,3 foiz bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,9 foizga yuqoriladi. Kimyo  mahsulotlari, rezina va plastmassa buyumlarini ishlab chiqarishning ulushi 9,4 bo‘lib, 2020 yilning shu davriga ko‘ra 6,4 foizga o‘sdi.

Qaysi hududlarda ishlab chiqarish hajmi yuqori bo‘ldi?

Respublika sanoat ishlab chiqarishi hajmi tarkibida eng ko‘p ulush Toshkent shahri, Toshkent, Navoiy, Andijon va Farg‘ona viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keldi. Eng past ulush esa Surxondaryo hamda Jizzax viloyatlarida qayd etildi.

Navoiy viloyatida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish aholi jon boshiga 34 mln 493 ming so‘mdan to‘g‘ri kelib, respublikadagi eng baland ko‘rsatkich bo‘ldi. Ushbu hajm Toshkent viloyatida kishi boshiga 12 mln 278 ming so‘mdan, Toshkent shahrida 13 mln 488 ming so‘mdan to‘g‘ri keldi. Manbada mazkur hududlarda yirik sanoat korxonalari joylashgani sababli ko‘rsatkichlar yuqori ekani keltirilgan.

Yil boshidan buyon respublika bo‘yicha aholi jon boshiga iste'mol mahsulotlari ishlab chiqarilishi 1 mln 852 ming so‘m bo‘lgani holda, Toshkent shahrida 5 mln 254 ming 500 so‘mni, Andijon viloyatida 3 mln 418 ming 800 so‘mni, Toshkent viloyatida 2 mln 449 ming 600 so‘mni va Sirdaryo viloyatida 2 mln 27 ming 700 so‘mni tashkil etdi.

O‘zbekistonda nechta sanoat korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda?

Manbaga ko‘ra, ayni paytda O‘zbekistonda 89,8 mingta sanoat korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan 16,4 mingtasi Toshkent shahrida, 9,8 mingtasi Farg‘ona viloyatida, 9,2 mingtasi Toshkent viloyatida, 9,1 mingtasi Andijon viloyatida, 7,8 mingtasi Samarqand viloyatida va 7,1 mingtasi Namangan viloyatida joylashgan.

Ma'lum qilinishicha, yil boshidan buyon respublikada 11 ming 117ta yangi sanoat korxonalari tashkil etildi. Shulardan 1 ming 233tasi Farg‘ona viloyatida, 1 ming 109 tasi (10 foiz) Samarqand viloyatida, 959 tasi (8,6 foiz) Qashqadaryo viloyatida, 967tasi (8,7 foiz) Namangan viloyatida, 1 ming 186 tasi (10,7 foiz) Toshkent shahrida faoliyat yuritadi.

Bugungi kunda shahar va tumanlar kesimida faoliyat ko‘rsatayotgan eng ko‘p sanoat korxonalari joylashgan hududlar o‘ntaligida Andijon, Namangan, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi.

2021 yilning 1 iyul holatiga ko‘ra, respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan eng kam sanoat korxonalari joylashgan hududlar o‘ntaligiga Sirdaryo, Jizzax, Qoraqalpog‘iston va Surxondaryo viloyatidagi tumanlar ko‘rsatilgan.

Mavzuga oid