Sport | 18:39 / 29.07.2021
20257
3 daqiqa o‘qiladi

Mirzaxalilovning jangida hakamlik qilgan amerikalik referi turnirdan chetlatildi

O‘zbekiston MOQ rahbariyati boks musobaqalarini o‘tkazishga mas'ul Morinari Vatanabe bilan uchrashdi.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarining boks bellashuvlarida ba'zi bahslar yuzasidan e'lon qilingan qarorlar keng ommaning e'tirozlariga sabab bo‘layotganiga e'tibor qaratdi.

«Ma'lumki, ushbu Olimpiya o‘yinlarida boks bahslarini o‘tkazish Xalqaro bokschilar assotsiatsiyasiga (AIBA) emas, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) tomonidan tuzilgan maxsus komissiyaga topshirilgan. Unga esa Xalqaro gimnastika federatsiyasi prezidenti, yaponiyalik Morinari Vatanabe rahbarlik qilmoqda.

Musobaqa davomida ayrim delegatsiyalar boks bo‘yicha musobaqalardagi hakamlik yuzasidan o‘z noroziliklarini ma'lum qilishdi. Shu jumladan, O‘zbekiston MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va qo‘mita bosh kotibi Oybek Qosimov ham Morinari Vatanabe bilan uchrashib, vaziyatga oydinlik kiritib olishdi.

Maxsus komissiya uchrashuv davomida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi mutasaddilarini o‘z faoliyati bilan batafsil tanishtirib o‘tdi. Xalqaro mutaxassislarning ta'kidlashicha, har bir bellashuvda 5 nafar hakamdan tashqari alohida 2 maxsus vakil orqali referilarning qarori nazorat qilib boriladi. Bahs yakunida e'lon qilingan qaror qayta ko‘rib chiqilmaydi.

Qo‘shimcha qilinishicha, janglarda shubhali holatlar alohida o‘rganib boriladi va o‘z ishiga noprofessional yondashgan hakamlar Olimpiya o‘yinlaridan chetlatilish va uyiga jo‘natib yuborilishi belgilab qo‘yilgan», deyiladi MOQ xabarida.

Bu orada Miraziz Mirzaxalilovning jangida hakamlik qilgan amerikalik referi turnirdan chetlatilgani ma'lum bo‘ldi.

«Sport» telekanali bosh direktori Zohid Karimovning Olimpiada kundaligi ko‘rsatuvida ma'lum qilishicha, Miraziz Mirzaxalilovning mag‘lubiyatini qayd etgan amerikalik hakam Beu Kambellning jangdagi ochkolari o‘rganilib, boks referisi Olimpiadadan chetlatilgan. Hakamning qarori to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lgani aytilmagan bo‘lsa-da, Kambellning turnirdagi faoliyati to‘xtatilgan.

28 iyul kuni Olimpiada-2020 boks turniri 1/16 finalida o‘zbekistonlik bokschi Miraziz Mirzaxalilov irlandiyalik Entoni Uokerga mag‘lubiyatga uchrab, musobaqani tark etgandi.

Ushbu jangdagi referilarning qarorlari o‘zbekistonlik muxlis va mutaxassislarning e'tiroziga sabab bo‘lgandi. Uch raundlik jang yakunida ukrainalik hakam o‘zbekistonlik bokschining g‘alabasini qayd etgan bo‘lsa, Shri-Lanka, Kuba, AQSh va ugandalik hakam irland bokschisi g‘alabasini qayd etgandi. Kambell uch raundda ham irlandiyalik bokschiga 28:29 hisobidagi g‘alaba yozgan.

E'tiborli jihati, Mirzaxalilov chorakfinalga chiqqanida amerikalik Dyuk Raganga qarshi jang olib borgan bo‘lardi.

Mavzuga oid