Iqtisodiyot | 16:36 / 30.07.2021
115289
2 daqiqa o‘qiladi

Pensiya va nafaqalar miqdori oshirilishi ma'lum qilindi

Sentyabr oyida pensiya va nafaqalar miqdori 10 foizga oshiriladi.

Pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori Abdulaziz Haydarov Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida sentyabr oyida pensiyalar miqdori oshirilishini ma'lum qildi.

«Joriy yilning sentyabr oyida pensiya miqdorlarini o‘rtacha 10 foizga oshirish nazarda tutilgan. 2020 yilda pensionerlarimizning pensiya miqdorlari bir marta 10 foizga, ikkinchi marta 7 foizga oshirilgan edi», dedi u.

Jamg‘arma rahbari shuningdek, pensiya tizimida kutilayotgan bir nechta yangiliklar haqida ham ma'lumot berdi.

Qayd etilishicha, 2021 yil oxiriga qadar nafaqaning 7ta turini davlat xizmatlari markazlari orqali tayinlash mexanizmlari joriy etiladi. Bunda fuqarolarga masofadan turib - onlayn xizmat ko‘rsatiladi.

«Bugungacha fuqarolar Pensiya bo‘limi orqali nafaqaga chiqishardi. Ko‘pincha hujjatlar topilmasdan ovoragarchiliklar bo‘lib, tegishli hujjatlarni ta'minlab berolmaslik holatlari ham uchragan. Endilikda davlat xizmatlariga murojaat etish orqali elektron tarzda nafaqaga chiqish ta'minlanadi.

Oldimizga qo‘yilgan ulkan maqsadlardan biri – pensiya tizimini 2030 yilgacha isloh qilish bo‘yicha konsepsiya ishlab chiqyapmiz. Yaqin kelajakda uni xalqqa havola etamiz. Hujjatdagi muhim yangilik uch pog‘onali pensiya tizimiga o‘tish tizimining joriy etilishi bo‘ladi», dedi Abdulaziz Haydarov.

Avvalroq, prezident farmoni bilan 2021 yil 1 iyuldan boshlab minimal pensiya va nafaqalar miqdori oshirilishi xabar qilingandi. Xususan, hujjatda ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi pensiyalarning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda 256 ming 675 so‘mdan 400 ming so‘mga oshirilishi, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori 315 ming so‘mdan 400 ming so‘mga yetkazilishi belgilangan.

Mavzuga oid