Sport | 09:16 / 31.07.2021
25225
2 daqiqa o‘qiladi

Zoirov va Abduraimov chorakfinalga chiqdi

Rio Olimpiadasi chempioni Shahobiddin Zoirov Tokio Olimpiadasidagi ikkinchi jangini ham g‘alaba bilan yakunlab, chempionlikni himoya qilishda davom etdi.

-52 vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Shahobiddin Zoirov nimchorak finalda Kabo-Verde vakili Varela Danielga ringga chiqdi. O‘zbekistonlik bokschining to‘liq ustunligi ostida o‘tgan jang yakunida hakamlar uning 5:0 hisobidagi g‘alabasini qayd etishdi.

Endi ushbu bokschi yarimfinalga chiqish uchun 3 avgust kuni filippinlik Karlo Palamga qarshi (u chorakfinalda jazoirlik Muhammad Fussidan ustun keldi) jang qiladi.

Avvalgi bosqichda Zoirov turkiyalik Botuxon Chifchini ustidan g‘alaba qozongandi.

-63 kg vazn toifasi vakili Elnur Abduraimov ham o‘zining ikkinchi jangini muvaffaqiyatli o‘tkazib, chorakfinal yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Nimchorak finalda unga tojikistonlik Bahodur Usmonov raqiblik qildi. Raundlardagi aniq va kuchli zarbalar yakunda hakamlarning baholarida aks etdi - 5:0. Shu tariqa, Elnur Abduraimov bu bellashuvni yaqqol ustunlik bilan yakunlab, chorakfinalga yo‘l oldi.

U endi 3 avgust kuni yarimfinal uchun armanistonlik Xovxannes Bachkov qarshiligini sindirishi kerak bo‘ladi.

Shu tariqa, Zoirov va Abduraimov O‘zbekiston boks jamoasining chorakfinalga yo‘l olgan to‘rtinchi va beshinchi vakillariga aylandi. Avvalroq Bobo-Usmon Boturov (-69 kg), Bahodir Jalolov (+91) va Rayhona Qodirova (-60 kg) bu ishni uddalagandi. Ammo Boturov chorakfinaldagi jangini o‘tkazib bo‘lgan va mag‘lubiyatga uchragan.

Mavzuga oid