Jahon | 09:13 / 02.08.2021
8521
3 daqiqa o‘qiladi

MRBning sobiq rahbari Afg‘onistonda fuqarolik urushi boshlanishi mumkinligini aytdi

Afg‘onistonda AQSh qo‘shinlari olib chiqilgandan keyin “qonli fuqarolik urushi” boshlanishi mumkin. Bunday fikrni MRBning sobiq rahbari va Afg‘onistondagi xalqaro kuchlarga 2010-2011 yillarda qo‘mondonlik qilgan iste'fodagi general Devid Petreus bildirdi.

“Afg‘onistondagi eng yomon ssenariy shundan iboratki, biz “Tolibon” ustunlik qilgan 1990-yillardagi kabi qonli, shafqatsiz fuqarolik urushini ko‘rishimiz mumkin”, deb aytgan Petreus The Times nashriga bergan intervyusida. 

Generalning ta'kidlashicha, Vashington Afg‘onistonda qo‘shin qoldirsa, bunday vaziyatning oldini olgan bo‘lardi. Uning aytishicha, AQSh Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqib, o‘zi kurashgan qadriyatlardan voz kechmoqda.

“Qolgan dunyo biz butun dunyoda ilgari suradigan demokratiyani va qadriyatlarni – inson huquqi, ayniqsa ayollar huquqi, ta'lim olish huquqi, so‘z va matbuot erkinligini qo‘llab-quvvatlamayotganimizni ko‘radi”, deb aytgan iste'fodagi general.

Uning aytishicha, agar toliblar hokimiyatni egallasa, unda “Al-Qoida”ning qaytishi ehtimoli bor. “Al-Qoida” yaqin istiqbolda AQSh va Yevropaga tahdid qila oladi, deb o‘ylamayman. Bizning razvedka xizmatlarimiz va harbiylarimiz buning ortidan kuzatuv olib boradi”, deb ta'kidlab o‘tgan Petreus.

Bundan tashqari, Pokiston va boshqa qo‘shni davlatlarga millionlab afg‘on qochqinlari yo‘l oladi. Shuningdek, mahalliy aholining, ayniqsa ayollarning huquqlari keskin cheklanadi. “Dunyo buni ko‘rishni istayapti, deb o‘ylamayman”, deb qo‘shimcha qilgan MRBning sobiq rahbari.

Uning ta'kidlashicha, AQSh Afg‘onistonda qo‘shin qoldirganda, “Tolibon” bilan muzokaralarda kuchli pozitsiyaga ega bo‘lardi.

“Tolibon” hech kimning manfaatiga javob bermaydigan ultrakonservativ teokratiyaga qaytishiga to‘sqinlik qilish uchun aqalli 3,5 ming harbiy qoldirish haqida o‘ylab ko‘rmaganimiz, men uchun biroz tushunarsiz”, deb ta'kidlab o‘tgan Petreus.

Uning fikricha, bu harbiylar yordamida Afg‘onistondagi fuqarolik urushining oldini olish mumkin bo‘lardi, yuzaga kelgan vaziyatda esa “urush davom etaveradi va borgan sari battarlashadi”.

Mavzuga oid