Jahon | 09:45 / 05.08.2021
4896
2 daqiqa o‘qiladi

Dunyoda koronavirus yuqtirish holatlari soni 200 milliondan oshdi

Foto: TASS

Dunyoda koronavirus pandemiyasi boshidan beri qayd qilingan kasallanish holatlari soni 200 milliondan oshdi. 4,3 mln kishi virus qurboniga aylandi. Bundan Jons Hopkins universiteti ma'lumotlari darak bermoqda.

Ayni vaqtda kasallanish holatlari bo‘yicha quyidagi davlatlar yetakchilik qilmoqda:  

  • AQSh — 35,3 mln;
  • Hindiston — 31,8 mln;
  • Braziliya — 20 mln;
  • Rossiya — 6,3 mln;
  • Fransiya — 6,3 mln.

Yuqori o‘ntalikka, shuningdek, Britaniya, Turkiya, Argentina, Kolumbiya va Ispaniya ham kirgan.

Koronavirusdan eng ko‘p o‘lim holatlari AQSh (615 mingta), Braziliya (558 mingta) va Hindistonda (426 mingta) qayd etilgan.

Ayni vaqtda dunyoda virusning yuqumliroq va xavfliroq hisoblangan “delta” shtammi jadal tarqalmoqda.

4 avgustda JSST koronavirusga qarshi vaksinaning uchinchi dozasi bilan emlashni, ya'ni revaksinatsiyani kamida sentyabrgacha to‘xtatib turishga chaqirgan. JSST bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyyesusning ta'kidlashicha, bunday chora dunyoda vaksinaning birinchi va ikkinchi dozasi bilan emlashning yetarli darajasini ta'minlash uchun zarur. Uchinchi dozaga moratoriyni birinchi navbatda aholisining katta qismi vaksinaning ikki dozasini olib bo‘lgan boy davlatlar kiritishi maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Biroq AQSh JSSTning bu tashabbusiga qarshi chiqdi. Oq uyda ta'kidlanishicha, AQSh o‘z aholisini revaksinatsiya qilishga ham, vaksinalarni xayriya maqsadida qolgan davlatlarga jo‘natishga ham qurbi yetadi.

Mavzuga oid