Afg‘oniston: Toliblar ilk bor viloyat markazini egallashdi
«Tolibon» harakati vakillari Afg‘oniston janubi-g‘arbida joylashgan Nimro‘z viloyati markazi Zaranj shahrini egallashdi. Eron poytaxtidan uzoq bo‘lmagan masofada joylashgan shaharning boy berilgani haqidagi ma'lumot rasman tasdiqlanmadi, ammo BBC’ning bir-biridan mustaqil manbalari bu ma'lumotni tasdiqlashgan.
Zaranj toliblarning yurishi davomida hukumat qo‘ldan chiqargan ilk viloyat markazi bo‘ldi. Ayni vaqtda Hirot, Lashkargoh va Qandahor shaharlari uchun ham janglar davom etmoqda.
AQSh harbiylari mamlakatni tark eta boshlagach, «Tolibon» keng ko‘lamli hujumlarni boshlagandi. Turli ma'lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda harakat mamlakat hududining 50 foizdan 80 foizgacha bo‘lgan hududlarini (shaharlardan tashqaridagi hududlar) nazorat qilmoqda, ammo bugungi kungacha ular birorta viloyat markazini qo‘lga olishmagandi.
Zaranj - yirik savdo markazlaridan bo‘lib - jangarilarning uzoq vaqt davomidagi qamalidan keyin taslim bo‘ldi.
«Bugun ertalab Zaranjdagi viloyat gubernatori qarorgohi, politsiya binosi va boshqa ko‘plab obektlar mujohidlar qo‘liga o‘tdi. Qolgan hududlar ham tozalanmoqda», deb ma'lum qilgan toliblar vakili Qori Yusuf Ahmadiy.
BBC’ning hukumatdagi manbasi ma'lumotiga ko‘ra, mahalliy afg‘on harbiylari bilan o‘zaro janglar hamon davom etmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda shahardagi talonchilik holatlari aks etgan videolar tarqalgan.
Toliblar buning isboti sifatida shahar ma'muriyati binosi oldida tushgan suratlarini e'lon qilishgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi postlarga ishonilsa, toliblar politsiya uchastkasini egallagan va avtomobillarni olib ketgan.
Mahalliy manbalarning ta'kidlashicha, shaharning katta qismi toliblar nazoratiga hech qanday qarshiliksiz o‘tgan.
Reuters agentligi manbasi ma'lumotiga ko‘ra, jangarilar hukumat kuchlariga yordam yetib kelmagani tufayli shaharni egallashgan. Xabarlarga ko‘ra, shahar aeroporti ham jangarilar nazoratiga o‘tgan.
Shahar aholisi viloyat turmasi ma'muriyati va soqchilari qochib ketgandan keyin u yerni o‘nlab mahbuslar tark etayotgani aks etgan videolarni tarqatgan.
Zaranjning egallanishi, ko‘p ehtimol bilan toliblarning yurishlarini yanada rivojlantiradi. Bu yurish mamlakatni 20 yillik urushdan keyin AQSh harbiylari butunlay tark etishi fonida olib borilmoqda. Ayni vaqtga kelib amerikalik harbiy xizmatchilarning 95 foizga yaqini olib chiqilgan. Toliblarning maqsadi Afg‘onistonda 1996-2001 yillarda hukmronlik qilgan Islom amirligini tiklash hisoblanadi.
Toliblarning yurishi - boshqa mamlakatlar uchun ham tahdid
Afg‘on generali, ayni vaqtda shiddatli janglar davom etayotgan Hilmand viloyatida hukumat qo‘shinlariga qo‘mondonlik qilayotgan Sami Saodat «Tolibon» hukumat harbiylari ustidan uzil-kesil g‘alabaga erishgudek bo‘lsa, bu butun dunyodagi xavfsizlik uchun halokatli oqibatlarga olib kelishidan ogohlantirdi.
Toliblar Hilmand markazi Lashkargohdagi bir necha tumanlarni egallab olgan, ammo general Saodat ular butun shaharni qo‘lga ololmasligiga ishontirgan.
Uning fikricha, toliblarning kuchi egallab olingan hududlarni tutib turish uchun yetarli emas, ammo ularning safiga doimiy ravishda xorijdan boshqa radikal guruh vakillari kelib qo‘shilmoqda.
Generalning hisoblashicha, jangarilarning muvaffaqiyati Afg‘oniston chegaralaridan tashqariga ham xavf soladi: «Bu Yevropa va Amerika shaharlarida kichik ekstremistik guruhlarni tiriltiradi va global xavfsizlikka halokatli ta'sir ko‘rsatadi».
Harbiy jinoyat
Vashington va London toliblarni harbiy jinoyatlarda ayblamoqda, xususan, o‘tgan oyda jangarilar tomonidan egallab olingan Pokiston bilan chegaradagi Spin-Boldak shahrida shunday holatlar qayd etilgan.
Afg‘onistondagi inson huquqlari bo‘yicha mustaqil komissiya avvalroq toliblar bu shaharda qasos olish uchun odamlarni o‘ldirishgani, qurbonlar soni kamida 40 nafarni tashkil etishi haqida xabar bergandi.
«Toliblar sobiq va hozirgi hukumat amaldorlarini qidirishmoqda va qurolli ziddiyatga aloqador bo‘lmagan begunoh kishilarni o‘ldirmoqda», deyiladi komissiya bayonotida.
Harbiy harakatlar butun mamlakat bo‘ylab tinch aholi vakillarini o‘z uylarini tark etishga majbur qilmoqda. BMT ma'lumotlariga ko‘ra, yanvar oyidan buyon 294 mingga yaqin afg‘on o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan va butun mamlakat bo‘ylab qochqinlar soni 3,5 mln kishini tashkil etmoqda.
Save the Children tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, qochqinlarning 80 ming nafari bolalar. Ko‘plab maktablar va tibbiyot muassasalari shikastlangan yoki butkul vayron bo‘lgan.
Mavzuga oid
13:30 / 20.11.2024
O‘zbekiston va AQSh afg‘on masalasi bo‘yicha uchrashuv o‘tkazdi
17:22 / 17.11.2024
Tramp Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlarini olib chiqqanlarni jazolamoqchi – OAV
21:44 / 09.11.2024
Afg‘onistonda IIV, Mudofaa vazirligi va razvedka qurol-yarog‘ berish huquqidan mahrum etildi
18:05 / 06.11.2024