O‘zbekiston | 08:13 / 09.08.2021
6346
2 daqiqa o‘qiladi

Andijonda qimor sabab qo‘shnisini o‘ldirgan yigit uzoq muddatga qamaldi - video

Andijon viloyati Izboskan tumanida yashovchi yigit qimor o‘yini sababli qo‘shnisini o‘ldirib, uyiga ko‘mib qo‘ygan. Bu haqda “Bir jinoyat izidan” ko‘rsatuvida ma'lum qilindi.  

Ma'lum qilinishicha, 2020 yil 26 dekabr kuni Izboskan tumani IIBga 22 dekabr kuni taxminan soat 20:00 larda tumanning Beshmirza mahallasida yashovchi 1991 yilda tug‘ilgan Murodjon Ergashev uyidan chiqib ketib, qaytib kelmaganligi xabar qilingan. 

Olib borilgan surishtiruvlarga ko‘ra, u o‘sha kuni uyi yonidagi do‘kondan chiqib, qo‘shnisi, uzoq qarindoshi 1994 yilda tug‘ilgan Abdurahmon Komilovning uyiga borgani aniqlangan.

Ta'kidlanishicha, ular uzoq vaqt davomida oshiq o‘ynashni odat qilgan. Murodjon Ergashev Abdurahmon Komilovdan qimorda pul yutqazib qo‘yib, to‘liq qaytarmagani sababli o‘zaro janjallar bo‘lib turgan. 

22 dekabr kuni tashqarida janjallashishgach, yigitlar uyga kiradi. Shunda Abdurahmon Murodjonni tosh bilan bir necha marta uradi, yelkasiga bir necha marta pichoq tiqib olib, qasddan o‘ldiradi va hojatxona yaqinidagi chuqurga tashlab, ko‘mib qo‘yadi.

Marhumning onasi o‘g‘li qo‘shni yigitdan $100 qarzi bo‘lganini bildirgan bo‘lsa, qotil sudda marhum undan 13 mln so‘m qarzi borligini aytgan.

Qotil oradan 35 kundan keyin aybiga iqror bo‘lib, IIO xodimlariga ko‘mgan joyini ko‘rsatadi.

Sud hukmiga ko‘ra, qotil qo‘shni 14,5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Bunday vahshiy qotillik Andijonda birinchi marta emas. 2020 yil 21 iyun kuni Asaka tumanining "Kujgan" MFY, Mo‘day ko‘chasida 9 yoshli norasida go‘dak o‘ta shafqatsizlik bilan o‘ldirib ketilgan edi.

Mavzuga oid