O‘zbekiston | 11:23 / 09.08.2021
21423
11 daqiqa o‘qiladi

«Nashr et yoki yo‘q bo‘l» - O‘zbekistonda sifatsiz «olimlar» ko‘payishi omillari

O‘zbekistonda maqolalar soni ilmiy salohiyatni aniqlashning umumiy ko‘rsatkichiga aylanib ulgurgan. Hukumatlar va muassasalar ushbu ko‘rsatkichni lavozimga ko‘tarilish va ishga qabul qilishning muhim mezoni sifatida tobora ko‘proq qo‘llamoqda. Eurasianet.org o‘zbek tadqiqotchilari chet elda nashr etayotgan maqolalarning 98 foizi obro‘yi yo‘q jurnallarda chiqayotgani haqida yozdi. Innovatsion rivojlanish vazirligining bayonotiga ko‘ra, maqolalarning 45 foizi sifatsiz jurnallarda chop etilgan. Aslida-chi?

Foto: Getty Images

Eurasianet.org o‘zbekistonlik olimlar chet elda obro‘yi yo‘q bo‘lgan «yirtqich» jurnallarda o‘z ishlarini nashr etayotgani haqida tahliliy maqola e'lon qildi.

Tahririyat Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xodimi — Baxtiyor Eshchanov, shuningdek, Kabulbek Abduraimov, Mavluda Ibragimova va Ro‘zimboy Eshchanovning «Nashr eting yoki yo‘q bo‘lib keting» - O‘zbekiston tajribasiga asoslangan ba'zi mulohazalar» sarlavhali maqolasiga e'tibor qaratgan.

Ushbu maqolada bu muammoning kelib chiqishiga ikki sabab borligi, bulardan biri mahalliy, boshqasi global tendensiyadan yuzaga kelganiga urg‘u berilgan.

Birinchi omil – mamlakatdagi byurokratiya. Ilmiy ishlar tarixan ilm-fan taraqqiyotining poydevori bo‘lib kelgan. So‘nggi 5-10 yillikda maqolalar soni ilmiy salohiyatni aniqlashning umumiy ko‘rsatkichiga aylandi. Hukumatlar va muassasalar ushbu ko‘rsatkichni lavozimga ko‘tarilish va ishga qabul qilishning muhim mezoni sifatida tobora ko‘proq qo‘llamoqda. Xususan, O‘zbekiston Oliy Attestatsiya Komissiyasi, Fanlar Akademiyasi va Innovatsion rivojlanish vazirligi akademiklardan ilmiy mavqeyini va raqobatbardoshlikni saqlab qolishi va yuqori lavozimlarni egallashni xohlasa, tez-tez o‘z maqolalari xorijda nashr etilishini talab qiladi.

Attestatsiya komissiyasining «amalda imkonsiz» talablaridan yana biri shundaki, doktorantlar kamida 10ta maqola (shu jumladan, chet elda) chop ettirishlari kerak. «Nashr et yoki yo‘q bo‘l» tamoyili ilmiy muhitning asosiy tendensiyasiga aylandi. Eng yaxshi va saviyali jurnallarda nashr etish qiyin va ko‘p vaqt talab qiladigan jarayon. Bu juda katta mehnat talab qiladi.

Mualliflar ta'kidlaganidek, talab sifatga emas, songa va xorijda nashr etilishiga bog‘liq bo‘lib qolgan. Bunga 2010 yilda kiritilgan talablar asosiy sabablardan biri sifatida ko‘rsatilgan. Ilmiy muhitda qolish, ma'lum lavozimni egallashni xohlagan tadqiqotchilar sifatga emas, songa ishlashi, soxta tadqiqotlarga berilib ketishi kuchaygan. Shuningdek, mamlakatdagi birorta ilmiy muassasada tadqiqotlarni osonlashtirish siyosati yo‘lga qo‘yilmagan.

Ikkinchi omil — global miqyosida ochiq jurnallarga o‘tish. Bu nisbatan yangi hodisa edi. Natijada «yirtqich» jurnallar paydo bo‘la boshladi.

Muammoni ochib berish uchun, 2016 yildan 2019 yilgacha o‘z maqolalarini chet elda nashr qilgan o‘zbek olimlarining miqdori ko‘rsatilgan. Ushbu davr mobaynida 1110 nafar o‘zbekistonlik olimlar 610ta xalqaro jurnalda 2500ta maqola yozgan. Keyin maqolalar nashr etilgan jurnallar ko‘rib chiqish davomiyligi, topshirish jarayoni, tahrirlovchilar uchun aloqa ma'lumotlari mavjudligi, nashr etish xarajatlari (ba'zi «yirtqich» jurnallar 80 dollar atrofida), jurnallar qayerda joylashgani (ajablanarlisi shundaki, ko‘pchilik «yirtqich» noshirlar Yevropa mamlakatlarida va AQShda ro‘yxatga olinadi, chunki tadqiqotchilar bu mamlakatlarda joylashgan nashriyotlarni ishonchli deb hisoblashadi) nuqtayi nazaridan o‘rganib chiqilgan.

Tahlillarga ko‘ra, 2010 yilgacha bo‘lgan davrda o‘zbek tadqiqotchilarining 90 foizi ishonchli xalqaro jurnallarda sinf testlaridan o‘tgani ma'lum bo‘lgan. 2010 yildan keyingi davrda esa bu ko‘rsatkich yildan yilga pasayib borgan. 2018 yilga kelib, bu bor-yo‘g‘i 2 foizni tashkil etgan. Boshqacha qilib aytganda, har 100ta ilmiy maqoladan 98tasi «yirtqich» nashrlarda chiqqan. Nufuzli jurnallarda kamdan kam chiqqan ilmiy ishlar asosan, fizika va kimyo sohasiga aloqadorligi qayd etilgan.

Eurasianet.org yangiliklar lentasidagi Devid Trillingning ushbu maqolasiga Innovatsion rivojlanish vazirligi rasmiy bayonot bilan chiqdi. Qayd etilishicha, 2017-2020 yillarda Scopus ma'lumotlar bazasida o‘zbekistonlik olimlar tomonidan jami 5 ming 754ta maqola chiqarilgan (2017 yilda – 594, 2018 yilda – 654, 2019 yilda – 1531 va 2020 yilda – 3536ta). Mazkur maqolalarning bir qismi haqiqatan ham Scopus ma'lumotlar bazasidan keyinchalik chiqarib tashlangan jurnallarda chop etilgan.  

Vazirlik izohicha, 2017 yilda Scopus’dan 1ta maqola 0,1 foiz, 2018 yilda 7ta maqola yoki 1 foiz, 2019 yilda 220ta maqola yoki 14,4 foiz, 2020 yilda 1604ta maqola yoki 45,4 foizi chiqarib tashlangan. Maqolalarning 45 foizi sifatsiz jurnallarda chop etilishi ham anchayin katta va ayanchli ko‘rsatkich hisoblanadi.

Mutaxassislar fikri

«Bilimlar karvoni» NNM direktori Farhod Tolipov sifatsiz tadqiqotchilarning ko‘payishini bevosita Oliy attestatsiya komissiyasining konservativ va zamonga mos kelmaydigan talablari bilan bog‘ladi.

«Ilmiy maqolalarning sifatiga emas, soniga e'tibor berish O‘zbekistondagi ilmiy muhitda ko‘p yillardan beri yechilmay kelayotgan illatdir. Aslida bu muammo ilmiy asarlar uchun belgilangan talablarga borib taqaladi. Oliy attestatsiya komissiyasi PhD yoki doktorlik ishini himoyaga olib chiqish uchun xorijiy nashrlarda ilmiy maqolalar chop etilgan bo‘lishi kerakligi bo‘yicha talab qo‘yib qo‘ygan. Shu tufayli ilmiy tadqiqotchilar qanday qilib bo‘lmasin tezkor ravishda maqola yozib, xorijda chop etishga intiladi. Natijada ko‘pchilik sifatsiz jurnallarning «pullik xizmatlari»dan foydalanmoqda. Tezkorlik sifatga nisbatan ko‘proq baholanmoqda.

Bir tomondan, bu narsa ilmiy izlanuvchining o‘ziga ham borib taqaladi. Qilayotgan ishiga jiddiy yondashib, mehnatini to‘g‘ri baholashi kerak. Boshqa tomondan, bularning hammasi Oliy attestatsiya komissiyasiga borib taqaladi. Hozirgi kunda ko‘pchilik olimlar ham ta'kidlamoqdaki, OAK juda konservativ tashkilot bo‘lib, uning talablari hozirga zamonga mutlaqo mos emas. Fan sohasida ilmiy erkinlik degan tushunchalar bor, olim erkin bo‘lishi kerak. U o‘z ishini qanday uslubiyat bilan yozadi, qay ko‘rinishda olib boradi, qanday manbalardan foydalanadi, qaysi nashriyotda chop etadi, bularning barini o‘zi hal qilishi kerak.

Akademik erkinlik O‘zbekistonda yaxshi yo‘lga qo‘yilmagan va OAK faoliyati va uning tamoyillari bunga xalal beryapti. Dunyodagi obro‘li va nufuzli universitetlarda ilmiy unvonlar universitetlarning o‘zlari tomonidan, o‘zlarining talablari asosida beriladi. OAKga o‘xshash tashkilotlar mavjud ham emas», dedi Farhod Tolipov.

Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti ma'ruzachisi, PhD Umidjon Axunjanov o‘zining Kun.uz’da e'lon qilingan maqolasida o‘ziga tanish bo‘lgan gumanitar sohada ilm va tadqiqot nimaligini tushunmaydigan «olimlar» tayyorlashda davom etilayotgani haqida to‘xtalib o‘tib, bizdagi bir qancha mantiqsizliklarni sanab o‘tgandi. Xususan, bizdagi mantiqsizlik ilmiy rahbar tayinlashdan boshlanishini, ilmiy rahbar ilmiy salohiyatiga qarab emas, balki «nufuzi», tanish-bilishlari, «kattaroq» lavozimda o‘tirgan-o‘tirmaganiga qarab tanlanishiga urg‘u bergan.

«Nega deysizmi? Chunki bunaqa rahbar bilan sohada juda avj olib ketgan byurokratik to‘siqlarni osonroq yengib o‘tish mumkin. «Siz zo‘rsiz, hurmatingiz baland» qabilida ishlar osonroq bitadi. Chet elda esa ilmiy rahbar ilmiy salohiyati, yetakchi xalqaro jurnallarda chiqargan maqolalari va boshqa shu kabi ko‘rsatkichlarga qarab tanlanadi», deya ta'kidlagan mutaxassis.

Shuningdek, u Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK)da ilmiy ishlar mavzulari tanlanishi chet eldagi samarali standartlarga umuman mos kelmasligini ham aytib o‘tgandi.

Avvalroq, Buyuk Britaniya Aberdin universiteti magistri, Zangiota 2-koronavirusga ixtisoslashgan klinik shifoxonasi Radiologiya bo‘limi mudiri Ma'rufjon Salohiddinov ham ilmiy faoliyat va tadqiqotlar borasida kundan kunga orqada qolayotganimiz borasida fikr bildirib, O‘zbekistonda ayniqsa uch yillik PhD stipendiyasi bo‘yicha o‘qiyotgan nomzodlar deyarli har hafta keraksiz hisobotlar bilan mashg‘ul bo‘lishga majburligi, bu esa o‘z navbatida vaqtdan yutqazish, ortiqcha stress va ilmiy ishga bo‘lgan qiziqishning so‘nishiga olib kelayotganiga urg‘u bergandi.

«Ilmiy ishlarning asosiy qismi aniq va tabiiy fanlar yo‘nalishlarida bajariladi. Holbuki, ushbu ilmiy ishning asosiy qismi bo‘lmish metodologiyasi uchun laboratoriya uskunalari, reagentlar, texnik qurilmalar va boshqa instrumentlar kerak bo‘ladi. Ushbu uskunalarning qimmatligi, olib kelishdagi bojxona muammolari va yagona platformaning yo‘qligi ilmiy ish boshlamasdan oldin tugashiga olib keladi», deya ta'kidlagan Ma'rufjon Salohiddinov.

O‘zbekistonda ilmiy ishlarga va tadqiqotlarga qancha mablag‘ ajratilmoqda?

Ilmiy-innovatsion faoliyat bo‘yicha dastur va loyihalarni amalga oshirish uchun davlat budjetidan 2018 yilda 198 mlrd so‘m, 2019 yilda 324 mlrd so‘m, 2020 yilda 428,2 mlrd so‘m miqdorida mablag‘lar ajratilgan.

Niderlandiyaning IN ME jurnalida chiqqan innovatsion rivojlanish vaziri, akademik Ibrohim Abdurahmonov «O‘zbekiston Respublikasida innovatsion rivojlanish» nomli maqolasida 2021 yilda innovatsion ilmiy tadqiqotlarni budjetdan moliyalashtirishga 514,2 mlrd so‘m (YaIMning 0,09 foizi) ajratilishini ma'lum qilgan.

Solishtiradigan bo‘lsak, ilmiy ishlarga va tadqiqotlarga ajratiladigan budjet taqsimoti YaIMga nisbatan Janubiy Koreyada – 4,55, Isroilda – 4,54, Shvetsiyada – 3,33 foizni tashkil qiladi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, eskicha usuldagi ishlar kechiktirilgani sayin jamiyatda sifatsiz olimlar soni ortib boraveradi. Bunaqa olimlar esa o‘z o‘rnida o‘ziga mos shogirdlar tayyorlaydi. Dunyo shiddat bilan o‘zgaryapti. «Stop» tugmasini bosib, to‘la yangi tizimga o‘tishga qurbimiz, imkoniyatimiz yetadi, biroq buni negadir kechiktiryapmiz.

Doston Ahrorov

Mavzuga oid