Jahon | 11:17 / 10.08.2021
7253
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda daydi fillar sababli 150 mingdan ko‘proq aholi evakuatsiya qilindi

Xitoyning Yunnan provinsiyasi ma'muriyati mahalliy qo‘riqxonadan qochib, migratsiya qilayotgan fillar to‘dasi sababli shu yilning aprel oyidan beri 150 mingdan ko‘proq aholini evakuatsiya qilishiga to‘g‘ri keldi.

“Sinxua” axborot agentligining xabar berishicha, 15 ta Osiyo filidan iborat to‘da Motszyan-Xani avtonom uyezdidan migratsiya qilishni boshlagan. Fillar 16 apreldan beri Yuysi, Xunxe va Kunmin shaharlari orqali 1,3 ming kilometrdan ko‘proq masofa bosib o‘tgan. Ular bevosita aholi yashash punktlari yonidan o‘tgan. Fillar aholi punktlariga yaqinlashganda mahalliy aholi vaqtincha xavfsiz joyga ko‘chirib turilgan. Odamlar xavfsizligini ta'minlash uchun 25 ming politsiyachi jalb qilingan.

Kuzatuv davomida olingan suratlar to‘da 6 tadan erkak va urg‘ochi fil hamda 3 filchadan iboratligini ko‘rsatgan.

Fillar harakatlanishi ortidan yovvoyi fillar monitoringi bo‘yicha hududiy shtab ham yerdan, ham dronlar yordamida havodan kuzatuv olib borgan. Shtab xodimlari fillar yo‘lida ular uchun ozuqa qoldirishgan. Fillar 110 kunlik “sayohati” davomida o‘zi uchun tayyorlab qo‘yilgan 180 tonna ozuqani yegan. Shtab boshlig‘i Van Yunning ta'kidlashicha, fillar migratsiyasi vaqtida jonzotlarga va odamlarga shikast yetmagan.

Biroz avvalroq fillar ortga burilib, o‘z ona o‘rmonlari tomon yo‘l olgani ma'lum qilingandi.

Fillarning bunday migratsiya qilishiga nima sabab bo‘lgani borasida bir necha taxmin bor. Nyu-York shahar universiteti mutaxassisi Joshua Plotnikning taxmin qilishicha, fillarning qo‘riqxonadan qochishi daryolar ifloslanishi va o‘rmonlar kesilishi sababli tabiiy zaxiralar kamayib borayotgani bilan bog‘langan. Biroq Yunnan universiteti xodimi Chen Minyunning fikricha, fillarning o‘zini bunday tutishiga to‘da yetakchisi bo‘lgan urg‘ochi filning tajribasizligi yoki oriyentatsiyani yo‘qotgani sabab bo‘lishi mumkin. Odatda fillar aynan shu fil ortidan harakatlanadi.

Mavzuga oid