Jahon | 14:58 / 11.08.2021
46747
4 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston poytaxti kutilganidan tezroq egallanishi mumkin - OAV

AQSh razvedkasining hisob-kitoblariga ko‘ra, «Tolibon» Afg‘oniston poytaxti Kobulni 30 kun ichida qamal qilishi va 90 kun ichida egallab olishi mumkin.

Foto: AFP

O‘z ismini oshkor qilishni istamagan AQSh rasmiysining fikriga ko‘ra, Afg‘onistondagi vaziyat yomonlashmoqda. «Tolibon» harakati vakillari mamlakat poytaxti Kobulni 90 kun ichida egallashi mumkin. Bu haqda The Washington Post nashri xabar bermoqda.

AQSh razvedka xodimlarining ma'lumotlariga tayanib, berilgan axborotga ko‘ra esa ayni paytda Afg‘onistondagi vaziyat iyun oyidagi holatga nisbatan ancha yomon. Rasmiy Kobul hukumatining ag‘darilishi yaqin bir oy ichida sodir bo‘lishi ham mumkin.

«Tolibon» so‘nggi kunlarda to‘qqizta viloyat markazida o‘z nazoratini o‘rnatganini e'lon qilgan.

So‘nggi bir kunda g‘arbda, Eron bilan chegara yaqinida joylashgan Farah viloyatining shu nomdagi markazi, shimolda Bag‘lon viloyati markazi Puli-Humri (Kobulga 230 km masofada joylashgan) va Badaxshon viloyati markazi Fayzobod shahri harakat nazoratiga o‘tdi.

O‘tgan hafta oxiri va dam olish kunlarida yana olti viloyat markazi - Zaranj (Nimro‘z viloyati), Shibirg‘on (Juzjon), Saripul (Saripul), Qunduz (Qunduz), Taluqon (Tohar) va Aybak (Samangon) toliblar qo‘liga o‘tgandi.

Yevropa Ittifoqining yuqori martabali rasmiysi seshanba kuni qilgan bayonotida «Tolibon» mamlakatning 65 foizini nazorat ostiga olganini ma'lum qildi. Yuqori martabali rasmiy «Tolibon» yana kamida 11 viloyat markaziga tahdid solayotganini aytgan.

Reuters G‘arb xavfsizlik tizimi amaldorining «Tolibon» hujumlaridan ko‘plab odamlar poytaxt Kobulga qochgani haqidagi fikrlarini ham keltiradi. «Qo‘rquv uyg‘otish va odamlar shaharni tark etishi uchun diplomatik hududlarga kirib borib, o‘z joniga qasd qiladiganlarning mavjudligi hammani dahshatga solmoqda», deydi u.

AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Praysning aytishicha, «Tolibon» hujumlari 2020 yilgi kelishuv ruhiga ziddir.

Chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Prays «Tolibon» «doimiy va keng ko‘lamli o‘t ochishni to‘xtatish» uchun tinchlik muzokaralarini yuritish majburiyatini olganini, ammo voqealar ushbu majburiyatga qarshi rivojlanib borayotganini ta'kidladi: «Hamma alomatlar «Tolibon»ning urushda g‘alaba qozonishga intilayotganidan dalolat beradi».  

AQSh prezidenti Jo Bayden AQSh qo‘shinlarini olib chiqish to‘g‘risidagi qarori muhokama qilinmasligini ta'kidlab, afg‘onlarning harbiy jihatdan zaif harakatlariga qaramay, 20 yillik kampaniyani tugatish haqidagi qaroridan pushaymon bo‘lmayotganligini aytib o‘tgan.

«Biz 20 yil davomida trillion dollardan ko‘proq mablag‘ sarfladik, 300 mingdan ortiq afg‘on kuchlarini o‘qitdik va zamonaviy asbob-uskunalar bilan ta'minladik. Endi Afg‘oniston rahbarlari birlashishi kerak», degan Bayden.

Mavzuga oid