O‘zbekiston | 11:29 / 11.08.2021
24566
4 daqiqa o‘qiladi

Yangi O‘zbekiston universitetiga kirish imtihonlari haqida ma'lumot berildi

Yangi O‘zbekiston universitetiga kirish imtihonlari sentabr oyi boshida o‘tkaziladi. O‘qish oktyabrda boshlanadi. Imtihonda 2ta fandan jami 80ta test beriladi. Buning uchun 3 soat vaqt ajratiladi.

Yangi O‘zbekiston universitetiga qabul jarayoni va imtihon tartibi haqida universitetni tashkil etish departamenti boshlig‘i Samariddin Shamsiyev ma'lumot berdi.

Uning ta'kidlashicha, 2021/2022 o‘quv yilida Yangi o‘zbekiston universitetiga muhandislik fakulteti ochiladi va hozirda 3ta yo‘nalish: kimyo muhandisligi, mexanika muhandisligi hamda dasturiy ta'minot muhandisligi yo‘nalishlarida qabul jarayonlari boshlandi. Qabul 15 avgustgacha davom etadi. Kirish imtihonlari Cambridge universiteti tomonidan sentyabr oyining boshida o‘tkaziladi. Cambridge universiteti natijalarni e'lon qilgandan keyin Yangi O‘zbekiston universitetiga o‘qish oktyabr oyida boshlanadi. 

“Har bir yo‘nalish uchun 100tadan kvota, jami 300 nafar talaba qabul qilinadi. Kimyo muhandisligi yo‘nalishiga topshirgan abituriyentlar uchun kimyo va matematika fanlaridan, mexanika va dasturiy ta'minot muhandisligiga topshirgan abituriyentlar uchun matematika va fizika fanlaridan kirish imtihonlari bo‘ladi. Har bir fandan 40tadan, jami 80ta test bo‘ladi. Testlar uchun 1,5 soat ajratiladi. Baholash tizimi matematikada har bir to‘g‘ri javob uchun 1 yoki 2 ball (savolning qiyinlik darajasiga qarab) beriladi, fizika va kimyodan esa 1,25 ball beriladi”, deya Samariddin Shamsiyevning so‘zlarini keltirgan Kun.uz muxbiri.

Matbuot anjumanida Yangi O‘zbekiston universiteti xalqaro ta'lim standartlari bo‘yicha 2028 yilgacha 3ta xalqaro akkreditatsiyani qo‘lga kiritishi va universitet 2030 yilgacha dunyoning eng yaxshi 1000ta universiteti qatorida bo‘lishi reja qilingani ma'lum qilingan.

“Universitetni tashkil qilishdan maqsad – muhandislik yo‘nalishida malakali kadrlarni o‘zimizda yetishtirib, sanoat inqilobini yaratish. Universitet o‘quv dasturi Massachusets Institute of Technology va Technical Munich University universitetlari yordamida shakllantirilyapti. Prezident ta'lim muassasalari agentligi va TUM International GmbH tashkiloti o‘rtasida imzolangan hamkorlik shartnomasiga ko‘ra, Technical Munich University’da 24 yil davomida rektorlik qilgan Volfgang Herrmann Yangi O‘zbekiston universitetining faxriy rektori bo‘ladi”, dedi Samariddin Shamsiyev.

Departament boshlig‘i bu universitet bitiruvchilari keyinchalik qayerda ishlashi masalasiga ham to‘xtaldi. Unga ko‘ra, Yangi O‘zbekiston universiteti bitiruvchilari yangi ish o‘rinlarini, o‘zlarining startaplari orqali yangi sanoat sohalarini yaratishadi.

“Bizning hamkorlarimiz Massachusets Institute of Technology va Technical Munich University universitetlari binosida 200dan ortiq eng nufuzli kompaniyalarning ofislari joylashgan. Bu degani shu kompaniyalar universitetda yaratilgan yangi texnologiyalarni o‘zining ishlab chiqarishiga joriy qilmoqda. Yangi O‘zbekiston universitetining o‘ziga xos tomoni ham O‘zbekistondagi eng yaxshi sanoat korxonalari ofislarini universitet binosida tashkil etish va universitetda yaratilgan yangilik va innovatsiyalarni tijoriylashtirish hisoblanadi”, dedi u.

Mavzuga oid