O‘zbekiston | 08:05 / 13.08.2021
31259
4 daqiqa o‘qiladi

Oqqo‘rg‘ondagi bog‘chada 25 nafar bola zaharlandi

Foto: KUN.UZ

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi bolalar bog‘chasida 150 nafar bola ovqatdan zaharlangani, 1 nafar bola vafot etgani haqida ma'lumotlar tarqaldi. Maktabgacha ta'lim vazirligi axborot xizmati bu borada rasmiy axborot berdi.

Qayd etilishicha, vazirlik hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati Oqqo‘rg‘on tumanidagi 5-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkilotining 25 nafar tarbiyalanuvchilari kasallanish holatini o‘rganib chiqqan.

2 avgustdan 11 avgustgacha intoksikatsiya sindromining klinik ko‘rinishlari bo‘lgan tarbiyalanuvchilar Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, Toshkent 1-shahar yuqumli kasalliklar klinik shifoxonasi, Toshkent viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va Oqqo‘rg‘on tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan.

12 avgust holatiga ko‘ra, 6 nafar tarbiyalanuvchi og‘ir holatda jonlantirish bo‘limida davolanmoqda, shundan 1 nafar tarbiyalanuvchi o‘pkaning sun'iy nafas berish moslamasiga ulangan bo‘lib, holati o‘ta og‘ir holatda qolmoqda. Qolgan 19 nafar tarbiyalanuvchilar holati o‘rtacha og‘ir deb baholangan. Kasalxonaga yotqizilgan tarbiyalanuvchilardan bakteriologik tekshiruv o‘tkazish uchun tahlillar olingan va laboratoriyaga yuborilgan.

Epidemiologiyaga qarshi tadbirlarni muvofiqlashtirish va mahalliy mutaxassislarga uslubiy yordam ko‘rsatish uchun Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tomonidan yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassislar va epidemiologlar guruhi yuborilgan. 

“Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti mutaxassislari tomonidan konsilium o‘tkazilib, kasalxonaga yotqizilgan tarbiyalanuvchilarga klinik ko‘rinishlariga ko‘ra «Botulizm-?» tashxisiga gumon qilingan. Yakuniy tashxis epidemiologik tekshiruv natijalari hamda bakteriologik tadqiqot ma'lumotlariga asoslanib qo‘yiladi. Davolanish davomida 21 nafar tarbiyalanuvchilarning salomatligi holatida ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda”, deyiladi ma'lumotda.

Oqqo‘rg‘on tumanidagi 5-sonli davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti 5 guruhga mo‘ljallangan. Maktabgacha ta'lim tashkilotida 136 nafar tarbiyalanuvchilar ro‘yxatga olingan bo‘lib, maktabgacha ta'lim tashkilotida markazlashtirilgan suv ta'minoti va kanalizatsiya tizimi, alohida mahalliy isitish tizimi, tabiiy gaz o‘rnatilgan.

“Kasallikka chalinmagan mazkur maktabgacha ta'lim tashkiloti tarbiyalanuvchilari har kuni tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, nazoratga olinmoqda”, deyiladi vazirlik axborotida.

Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy profilda keltirilgan xabarga ko‘ra, ushbu maktabgacha ta'lim tashkilotida 1 nafar tarbiyalanuvchining oziq-ovqat zaharlanishidan vafot etgani keltirilgan.

Qayd etilishicha, tarbiyalanuvchi M.B. 2021 yil 2 avgustdan 7 avgustga qadar Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Toshkent viloyati filiali shifokorlari tomonidan “Shifoxonadan tashqari ikki tomonlama o‘choqli pnevmoniya. Asoratlari: Yurak qon-tomir yetishmovchiligi. Miya shishi” tashxisi qo‘yilib, davolash ishlari olib borilgan. Shifokorlarning harakatlariga qaramay, pnevmoniya kasalligi asoratlariga ko‘ra yurak qon-tomir yetishmovchiligi tufayli 7 avgust kuni biologik o‘lim qayd etilgan.

Holat yuzasidan bugungi kunda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tekshiruv-surishtiruv ishlari amalga oshirilmoqda, o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan qo‘shimcha ma'lumot berilishi aytilgan.

Mavzuga oid