Jahon | 09:43 / 16.08.2021
34632
2 daqiqa o‘qiladi

67ta davlat va YeI Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha murojaat bilan chiqdi

Foto: Reuters

67 ta davlat va Yevropa Ittifoqi Afg‘onistonda “Tolibon” hokimiyatni egallab olgandan keyin qo‘shma bayonot berdi. Ular toliblarni Afg‘onistonni tark etishni istovchilar uchun mamlakatdan chiqish yo‘llarini ochiq qoldirishga chaqirishgan va afg‘on xalqiga yordam berishga tayyorliklarini bildirishgan.

Ushbu bayonotni imzolagan davlatlar orasida Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar bo‘yicha oliy vakili, AQSh, Britaniya, Kanada, Germaniya, Avstraliya, Polsha, Ukraina, Janubiy Koreya, Afrika va Lotin Amerikasi davlatlari bor. Biroq ushbu davlatlar orasida Rossiya yo‘q. 

“Afg‘onistondan ketishni istagan afg‘onlar va xorijliklar uchun buni qilishga ruxsat berilishi kerak: yo‘llar, aeroportlar va chegaralar ochiq qolishi va osoyishtalik saqlanishi lozim. Afg‘on xalqi xavfsiz va munosib hayot kechirishga loyiq. Biz ularga yordam berishga tayyormiz”, deb aytilgan murojaatda. Ushbu murojaat AQSh davlat departamenti saytida e'lon qilingan.

Bayonot mualliflari Afg‘onistonda xavfsizlikni ta'minlash ustida ish olib borayotganlarini ta'kidlab o‘tishgan. Ular “barcha tomonlarni Afg‘onistonni tark etishni istayotganlarni hurmat qilishga va ularning xavfsiz, tartibli chiqishini ta'minlashga” chaqirishgan.

Ayni vaqtda Afg‘onistondagi hokimiyat “Tolibon” qo‘liga o‘tdi. Mamlakat prezidenti Ashraf G‘ani qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida mamlakatni tark etishga qaror qildi. 

Mavzuga oid