Jahon | 19:28 / 17.08.2021
11846
5 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an: «Afg‘on muhojirlari to‘lqiniga duch kelyapmiz»

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Istanbuldagi kemasozlik qo‘mondonligida o‘tkazilgan Pokiston MILGEM Corvette loyihasi marosimida ishtirok etdi. Pokiston prezidenti Orif Alvi ham qatnashgan mazkur tadbirda Turkiya prezidenti Afg‘oniston-Pokiston munosabatlari va Afg‘onistondagi vaziyat haqida bayonot berdi.

«Biz Eron orqali kelayotgan afg‘on muhojirlarining tobora kuchayib borayotgan to‘lqiniga duch kelmoqdamiz. Buning oldini olish uchun Pokiston bilan hamkorlikni davom ettirishimiz va kuchaytirishimiz kerak. So‘nggi paytlarda ziddiyatlar kuchaygan Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta'minlash uchun Pokistonning zimmasiga muhim vazifalar tushmoqda. Biz mintaqada va Afg‘onistonda vaziyatni imkon qadar tezroq barqarorlashtirish uchun barcha sa'y -harakatlarimizni davom ettiramiz», deydi Erdo‘g‘an.

Erdo‘g‘anning ta'kidlashicha, Turkiya-Pokiston hamkorligini kuchaytirish migratsiyaning yangi to‘lqini va ziddiyatlarning kuchayishiga qarshi kurashishning yagona yo‘lidir. 

«Tolibon» Kobulda nazorat olib borayotgan ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda afg‘onistonlik qochqinlarning Turkiyaga kelayotganiga oid videolar tarqalmoqda.

Erdo‘g‘an 11 avgust kuni Kanal D va CNN TÜRK qo‘shma dasturida bergan bayonotida Turkiya chegarasida «tartibsiz migratsiya» oqimi mavjudligini inkor qilgandi:

«Kimdir ijtimoiy tarmoqlarda bo‘rttirib ko‘rsatganidek, chegaralarimizda tartibsiz migratsiya oqimi yo‘q. Hamma bilishi kerakki, Turkiya o‘tish joyi – karvonsaroy emas. Biz bu devorlarni bekorga quryapmizmi?» deydi Erdo‘g‘an.

Uning ta'kidlashicha, afg‘onistonlik noqonuniy muhojirlarning katta qismi Turkiyaning vakolatli idoralari tomonidan Afg‘onistonga qaytarilmoqda va 2021 yil boshidan ayni paytga qadar 253-300 mingga yaqin tartibsiz migratsiyaning oldi olingan.

Iyul oyida ham Shimoliy Kipr Turk Respublikasidan qaytishida Turkiya prezidenti ba'zi ommaviy axborot vositalari xodimlarining migratsiya oqimi borasidagi savollariga javob bergandi.

Ushbu muloqot davomida Erdo‘g‘anga «afg‘onistonliklarning Pokiston va Eron chegarasidan boshqa davlatlarga o‘tish uchun uzun navbatlar hosil qilgani va odam kontrabandasi orqali bu mamlakatdan ommaviy migratsiya oqimi mavjudligi» eslatiladi.

«Hozirgi vaqtda, ayniqsa, xavfsizlik masalasida qanday ehtiyot choralari ko‘rilishi kerak bo‘lsa, ularning barchasini ko‘ryapmiz. Albatta, bu boradagi bor imkonni ishga solyapmiz. Hozirda Pokiston bilan muzokaralar olib boryapmiz. Qolaversa, masalaning «Tolibon» bilan bog‘liq jihati ham bor. Biz ular bilan ham muzokaralarni davom ettiryapmiz.

Tashqi ishlar vazirligimiz qochqinlar masalasini, ayniqsa, Afg‘onistonning yuqori rahbariyati bilan muhokama qilmoqda. Biz ular qilishlari lozim bo‘lgan ishlarni bajarishlari va bunda ishtirok etishlarini xohlaymiz. «Bu masalada sizlar ham tomoshabin bo‘lib turmang, iltimos, xalqingizga ega chiqing», deyapmiz va bu ishlarni davom ettiryapmiz. Biz shiddatli bir kampaniya ichidamiz. Albatta, qay darajada natijaga erisha olamiz – bu boshqa masala. Chunki muammoning hajmi haqiqatan ham katta», deydi Erdo‘g‘an Turkiya o‘z chegarasida qanday choralar ko‘rayotganiga oid savolga javob berar ekan.

Turkiya prezidenti 11 avgust kuni tashkillashtirilgan Kanal D va CNN TÜRK qo‘shma dasturida «Tolibon» rahbari bilan uchrashishi mumkinligini ham bildirdi: «Tolibon» bilan uchrashgunimizga qadar tegishli idoralarimiz ish olib boradi. Ehtimol, men hatto ularning lideri bo‘ladigan odamni qabul qilishim ham mumkin. Agar biz ularni yuqori darajada nazorat qila olmasak, bu safar Afg‘onistonda tinchlikka erishishimiz mumkin bo‘lmaydi».

Erdo‘g‘an urush va harbiy kurash har doim ham to‘g‘ri yechim bo‘la olmasligi, mana shunday paytlarda diplomatiya va siyosat ustuvor ahamiyat kasb etishini ta'kidlagan.

Turkiya Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li ham Afg‘onistondagi barcha tomonlar, jumladan, «Tolibon» bilan ham muzokara o‘tkazilganini aytdi.

«Biz shu paytgacha «Tolibon» bergan xabarlarni ijobiy qarshiladik. Afg‘onistonning iqtisodiy rivojlanishi, barqarorligi, tinchligi va osoyishtaligini qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz», dedi Chovusho‘g‘li Iordaniya poytaxti Omanda bergan bayonotida.

Mavzuga oid