O‘zbekiston | 21:47 / 17.08.2021
17921
3 daqiqa o‘qiladi

Fatvo: O‘zbekistonda Ashuro kuni 19 avgustga to‘g‘ri keladi

Muharram oyining 10-kuni (Ashuro kuni) O‘zbekistonda milodiy hisob bo‘yicha bu yil 19 avgust, payshanba kuniga to‘g‘ri keladi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'ati ma'lum qildi.

Hay'atning ma'lum qilishicha, bu yilgi Ashuro kuni milodiy hisob bilan qaysi sanaga to‘g‘ri kelishi haqida ikki xil ma'lumot paydo bo‘lganining asosiy sababi – muharram oyining hilolini ko‘rishdagi xilma-xillik bilan bog‘liq.

“Ko‘pchilik islomiy taqvimlarga ko‘ra, muharram oyi boshlanishi 9 avgust (dushanba)ga, muharram oyining 10-kuni bo‘lmish Ashuro kuni esa 18 avgust (chorshanba)ga to‘g‘ri kelishi ko‘rsatilgan edi. Biroq 8 avgust kuni Islom olamida muharram oyining hiloli ko‘rinmagani bois zulhijja oyi to‘liq 30 kun deya e'tiborga olinib, muharram oyi 10 avgust (seshanba) kunidan boshlanishi e'lon qilindi.

Xususan, Xalqaro astronomiya markazi, ko‘pgina musulmon mamlakatlari, jumladan Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham 8 avgust kuni muharram oyini ko‘rish imkonsiz ekani ta'kidlangan.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'ati tomonidan 10 avgust muharram oyining 1-kuni, 19 avgust esa muharram oyining 10-kuni – Ashuro kuni etib e'lon qilindi.

Iordaniya, Birlashgan Arab Amirligi, Jazoir, Sudan, Tunis, Marokash, Saudiya Arabistoni, Indoneziya, Malayziya, Eron, Pokiston kabi (jami 16 ta) musulmon mamlakati Ashuro kuni – 19 avgustga to‘g‘ri kelishini rasman e'lon qildi. Misr, Turkiya, Iroq va Suriya kabi sanoqli mamlakatlar 18 avgust kuni muharramning 10-kuni deb e'lon qilishdi”, – deyiladi rasmiy axborotda.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo hay'ati har bir yurt ahli o‘z yurtining ulamolarining fatvosiga amal qilishini va ikkilanishlar chiqarmaslik zarur ekanini alohida ta'kidlagan.

“Qolaversa, ulamolarimiz muharram oyining yolg‘iz 10-kunida emas, balki 9- va 11- muharram kunlarini ham qo‘shib ro‘za tutishni tavsiya etganlar. Bu bilan Ashuro kunining fazilatini topishda shubha bo‘lmaydi, inshaAlloh. Vallohu a'lam”, – deya yakunlanadi Fatvo hay'ati bayonoti.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid