Jahon | 09:23 / 18.08.2021
18506
2 daqiqa o‘qiladi

Bayden va Jonson Afg‘oniston bo‘yicha G7 sammitini o‘tkazishga kelishib oldi

Foto: AP

AQSh prezidenti Jo Bayden va Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha keyingi hafta “Katta yettilik” davlatlarining sammitini o‘tkazishga kelishib oldi.

Afg‘oniston bo‘yicha umumiy strategiya va yondashuvni muhokama qilish maqsadida o‘tkaziladigan sammit onlayn shaklda bo‘lib o‘tadi.

Ikki yetakchi telefon suhbati davomida Afg‘onistondan o‘z hamyurtlarini evakuatsiya qilishda ishtirok etayotgan o‘z davlatlari harbiylari va fuqarolarining jasoratini ta'kidlab o‘tgan. Bundan tashqari, ular Afg‘oniston bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish va afg‘on xalqi hamda qochqinlarga insonparvarlik yordamini ko‘rsatish zarurligini ta'kidlab o‘tishgan.

Avvalroq AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jyeyk Sallivan Vashington “Tolibon” Afg‘oniston bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini bajarishi uchun unga qarshi sanksiyalar kiritishi mumkinligini aytgan. “Tolibon” Kobulni egallab olgandan keyin bergan ilk matbuot anjumanida mamlakat iqtisodiyotini ko‘tarishga, giyohvand moddalar ishlab chiqarilishini to‘xtatishga, ayollar huquqlarini shariat qonunlariga muvofiq ta'minlashga va'da bergan. 

16 avgustda toliblar vakili Muhammad Naim Afg‘onistondagi urush yakunlangani va mamlakat to‘liq egallab olinganini e'lon qildi. O‘sha kuni Bayden Afg‘onistondan qo‘shinlarni olib chiqish qarori to‘g‘ri bo‘lganini, biroq u yerdagi vaziyat kutilgandan tezroq keskinlashib ketganini aytgan. Uning aytishicha, mamlakat rahbariyati taslim bo‘lgan, harbiylar esa toliblarga qarshi kurashdan bosh tortgan.

Keyinroq AQSh prezidenti afg‘on qochqinlariga 500 mln dollar ajratilishini e'lon qilgan.

Mavzuga oid