Jamiyat | 21:26 / 26.08.2021
5354
3 daqiqa o‘qiladi

«Hisor» qo‘riqxonasida noyob tog‘ echkisini noqonuniy ovlagan shaxslar ushlandi

Qashqadaryoda joylashgan «Hisor» qo‘riqxonasida noyob tog‘ echkisini noqonuniy ovlagan shaxslar ushlangan. Bundan tashqari, yana bir guruh fuqarolar qo‘riqxona hududida noqonuniy tarzda chorva mollarini boqqani aniqlangan. Bu haqda viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, joriy yil 14-15 avgust kunlari Qashqadaryo viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorlari Sh.Salomov, O.Shodmonov, Z.Ernazarov, Sh.Normurodov, S.Boynazarovlar Hisor davlat qo‘riqxonasi Tanxoz bo‘limi hududlarida nazorat reyd tadbirini o‘tkazishgan. Reyd davomida mahalliy nomi Qoranqul bo‘lgan massivning yuqori qismida Shahrisabz tumani Suvtushar qishlog‘ida yashovchilar A.B., B.N. va D.J yovvoyi hayvonot dunyosi obekti hisoblangan 1 bosh tog‘ echkisini noqonuniy ovlab, tanasini bo‘laklarga bo‘layotganda ushlangan.

Mazkur holat bo‘yicha surishtiruv olib borilganda, fuqaro A.B. o‘ziga tegishli bo‘lgan ovchilik guvohnomasi va qurol olib yurish va saqlash ruxsatnomasini taqdim qilgan. Fuqaro D.J. esa o‘ziga tegish ekanligini bildirgan ov quroliga tegishli hujjatlarni taqdim eta olmagan. Qonunbuzarlardan ikkita ovchi miltig‘i, pichoqlar, durbin va 1 bosh noqonuniy ovlanib, tanalari bo‘laklarga bo‘lingan tog‘ echkisi go‘shtlari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Qayd etilishicha, noqonuniy ovchilardan olingan 2 dona ov qurollari belgilangan tartib asosida Shahrisabz tumani IIBga qonuniy to‘xtamga kelgunga qadar saqlab turish uchun topshirilgan. Holat yuzasidan fuqarolar A.B, D.J va B.Tga bu harakatlari amaldagi qonunchilik talablariga zid ekanligi tushintirilgan. Noqonuniy ovlangan tog‘ echkisi zarari amaldagi qonunlarga ko‘ra hisoblanganda 11 million 25 ming so‘mni tashkil etgan.

Bundan tashqari, nazorat reyd davomida Qoranqul massivida Shahrisabz tumani Hisorak qishlog‘ida yashovchi fuqaro F.F. va Sayyod qishlog‘ida yashovchi A.O.lar o‘zlariga tegishli bo‘lgan 461 bosh qo‘y, 93 bosh echkini, shuningdek, Tamsho‘sh qishlog‘ida yashovchi Sh.G‘. va B.N. 514 bosh qo‘y va 86 bosh echkini noqonuniy boqib yurgani aniqlangan.

Amaldagi qonunlarda belgilangan tartibda tabiatga yetkazilgan umumiy zarar miqdori hisoblanganda 307 million 83 ming so‘mni tashkil etgan.

Ta'kidlanishicha, Hisor davlat qo‘riqxonasida aniqlangan mazkur qonunbuzilish holatlarini sodir etgan shaxslarning javobgarlik masalalari ko‘rib chiqilishi va tabiatga yetkazilgan zararlarni qonuniy tartibda undirish maqsadida holat yuzasidan to‘plangan to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etish uchun rasmiylashtirilmoqda.

Mavzuga oid