O‘zbekiston | 15:06 / 26.08.2021
17620
2 daqiqa o‘qiladi

Kun.uz lavhasi qahramoni “Jasorat” medali bilan taqdirlandi

Kun.uz'ning “Hayotiy hikoyalar” rukni qahramoni, I guruh nogironi bo‘lishiga qaramay, taksichilik kasbi bilan ro‘zg‘or tebratayotgan toshkentlik Murodjon Turobov prezident farmoni asosida “Jasorat” medali bilan taqdirlandi.

Saytimizda I guruh nogironi, imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramay, hayotda o‘z o‘rnini topib, boshqalarga ibrat bo‘lib yashayotgan haydovchi Murodjon Turobov haqida lavha e'lon qilgan edik.

Qahramonimiz moslashtirilgan maxsus mashinada taksichilik kasbi bilan shug‘ullanishi va birovga og‘irligini tushirmay yashashi bilan ko‘pchilikka ibrat bo‘la olgandi.

Kuni kecha quvonchli xabar oldik: Turobov Murod Xudoyqulovich prezident farmoni bilan “Jasorat” medali bilan taqdirlanibdi.

Tabriklash uchun bog‘langanimizda, Murod aka o‘z hayajonini yashirmadi, o‘sha-o‘sha samimiy ohangda hammaga minnatdorlik bildirdi.

“Men haqimda lavha chiqarganlaringizdan keyin ko‘pchilik ko‘cha-ko‘yda ham taniydigan, rahmat aytadigan bo‘lib qoldi. Yordam berishni istaganlar ham bo‘ldi hatto. Oldin ham aytganman – o‘z aravamni o‘zim tortishga o‘rganganman (mening kasbimga bu naql rosa to‘g‘ri keladi-da).

Bu orada mahalla orqali mendan hujjatlar so‘rashdi. Hayron bo‘ldim, chunki bunaqa holat bo‘lishini tasavvur ham qilmagandim-da. Xalqimiz, davlatimiz ko‘pchilik qatorida meni ham yuksak mukofotlarga loyiq ko‘rganidan juda xursandman. O‘sha lavha sarlavhasida aytilganidek, “Yaxshi niyat qilsangiz, yaxshi insonlarga ro‘para qilib qo‘yadi!” – deydi u.

Kun.uz jamoasi Murod akani bu mukofot bilan tabriklaydi.

Mavzuga oid