Narzullo Oblomurodov o‘z saylovoldi dasturini e'lon qildi
O‘zbekiston Ekologik partiyasidan prezidentlikka nomzod, amalda partiya ijro qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomurodov 27 avgust kuni partiya qurultoyida so‘zga chiqib, o‘zining saylovoldi dasturini taqdim etdi.
Dastur uchun “Biz kelajak uchun javobgarmiz” shiori tanlangan. Kun.uz Narzullo Oblomurodovning asosiy g‘oyalarini keltirib o‘tadi.
Ekologik partiya yetakchisi saylovda g‘alaba qozonsa, eng avvalo “Yashil taraqqiyot – farovonlik asosi!” shiori ostida “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish g‘oyasini ilgari suradi.
“Dunyoning bugungi qiyofasi, tiklab bo‘lmas ekologik falokatlar va atrof-muhitga yetkazilayotgan ulkan zararlar mana shuni taqozo etadi.
O‘zbekiston 2019 yilda “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish strategiyasini qabul qildi. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, mamlakatda uglerod sarfini keskin kamaytirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida ekologik toza va resurs tejamkor texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yetarli emas”, – dedi Oblomurodov.
Partiya ushbu g‘oyani amalga oshirishda ustuvor vazifalar etib quyidagilarni belgilagan:
- davlat budjeti, bank va moliya institutlari, xususiy sektor mablag‘larini ekologik toza, energiya tejamkor loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan “yashil” moliyalashtirish tizimini rivojlantirish;
- davlat xaridlari tizimida “yashil” xaridlarga ustuvorlik berish;
- “yashil” texnologiyalar sohasidagi ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni moliyalashtirish hajmlarini oshirish, sanoat korxonalarining “yashil” texnologiyalarga o‘tishini iqtisodiy va moliyaviy rag‘batlantirish tizimini joriy etish;
- tarmoqlar va hududlarning “yashil iqtisodiyotga o‘tish indeksi”ni ishlab chiqish;
- mamlakat iqtisodiyotida “yashil iqtisodiyot” ulushini 30 foizga yetkazish, shu asosda yillik iqtisodiy o‘sish sur'ati 7 foizdan yuqori bo‘lishini ta'minlash;
- qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalaridan foydalanishga o‘tish, qayta tiklanuvchi va muqobil energiya ishlab chiqaruvchilarga keng iqtisodiy va moliyaviy rag‘batlantirish tizimini joriy etish;
- davlat tomonidan “yashil” ish o‘rinlarini yaratishni qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiyot tarmoqlari uchun zamonaviy malakali kadrlarni tayyorlash;
Prezidentlikka nomzodga ko‘ra, “yashil iqtisodiyot” tamoyillari mamlakat miqyosida asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosildorligini o‘rtacha 25-30 foizgacha oshirish imkonini beradi.
“Shuningdek, “yashil” tariflarni joriy etish, yangi quvvatlarni ishga tushirish orqali qayta tiklanuvchi va muqobil qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini bugun mamlakatda amal qilayotgan umumiy energiya balansida 40 foizga yetkazish imkoniyatiga ega bo‘lamiz”, – dedi u.
Sanoat chiqindilari masalasi
Narzullo Oblomurodov Sanoat chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishning 10 yillik strategiyasini ishlab chiqishga va'da berdi.
Unga ko‘ra, sanoat korxonalarida yiliga o‘rtacha 109 mln tonna sanoat chiqindilari hosil bo‘ladi, bugungi kunda ularning 6,5 mln tonnasi, ya'ni 6 foizigina qayta ishlanmoqda.
Sanoat chiqindilardan 91,5 mln tonnasi, ya'ni 84 foizi Navoiy va Toshkent viloyatlarida faoliyat olib borayotgan sanoat korxonalari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Mavjud 9,5 ming gektar maydondagi 75 ta sanoat chiqindi poligonlarida 3,3 mlrd tn sanoat chiqindilari saqlanmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasida sanoat chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishning 10 yillik strategiyasini ishlab chiqish zarur”, – dedi yashillar partiyasi yetakchisi.
Ichimlik suvi ta'minoti va kanalizatsiya muammolari
Narzullo Oblomurodov ichimlik suvi ta'minoti va kanalizatsiya salomatligi va xavfsizligi uchun eng muhim masala bo‘lgan markazlashgan ichimlik suv ta'minoti bo‘yicha katta ishlarni amalga oshirishga ham va'da berdi.
Unga ko‘ra, ichimlik suv ta'minoti va kanalizatsiya tizimlarini yaxshilash bo‘yicha dasturiy vazifalarni amalga oshirish orqali aholining ichimlik suv ta'minoti 90 foizga yetkaziladi.
“Respublikadagi barcha inshootlar texnik va texnologik jihatdan aholidan kelayotgan maishiy chiqindi suvlarni tozalashga mo‘ljallangan. Korxonalardan oqizilayotgan chiqindi suvlar esa birlamchi lokal inshootlarda tozalanib, so‘ng oqova suv tarmoqlariga tashlanishi me'yorlarda belgilangan. Afsuski, bu me'yorlarga ishlab chiqarish korxonalari deyarli amal qilmaydi. Misol tariqasida – Chirchiq oqova suvlarni tozalash inshootidan daryoga oqizilgan “rangli suv”. Bir qarashda aybdor aniq. Biroq ikkinchi tomondan, bunday “rangli suv” tozalash inshootiga qayerdan kelib qoldi, degan savol tug‘ilishi tabiiy”, – dedi Oblomurodov.
Partiya markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisiga ko‘ra, uning dasturidagi yana bir yirik masala – atmosfera havosining musaffoligini asrash.
“Insoniyat hayoti uchun eng muhim omil bo‘lgan atmosfera havosini muhofaza qilish, uning sifat ko‘rsatkichlarini ekologik normativlarga muvofiqligini ta'minlash strategik maqsadimiz bo‘lib qoladi.
Shuningdek, Ekologik partiyasi ilgari surayotgan dasturiy maqsadlar qatorida bioxilma-xillikni va ekotizimlarni saqlash hamda ulardan oqilona foydalanish masalasi ham o‘rin olgan. Shu maqsadda muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonlarini mamlakat hududining 12 foiziga yetkazish, respublika hududining o‘rmon bilan qoplanganlik darajasini 7,6 foizdan 15 foizga yetkazishga alohida e'tibor qaratiladi”, – dedi u.
Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish
O‘zbekiston Ekologik partiyasi yetakchisining ta'kidlashicha, uning saylovoldi dasturida Orol dengizining ekologik falokati oqibatlarini yumshatishga qaratilgan innovatsion loyihalarni amalga oshirish orqali Orolbo‘yi mintaqasida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni, aholining yashash sharoitlarini yaxshilashga alohida e'tibor qaratiladi.
“Buning uchun;
- Orol muammosini hal etishga hamda bu muammoning Orolbo‘yi aholisi genofondiga va atrof-muhitiga salbiy ta'sirini yumshatishga jamiyatning barcha kuchlarini jalb etish hamda Orolbo‘yi mintaqasiga ekologik innovatsiya va texnologiyalarni tatbiq etish ishlarini kuchaytirish;
- qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish orqali Orolbo‘yi hududiga Amudaryoning yuqori va o‘rta qismidan yiliga kamida 5-6 km³ hajmda suv yuborilishini ta'minlash;
- Nukus, Buxoro, Urganch, Xiva, Navoiy, Mo‘ynoq kabi aholi yashash punktlari atrofida “yashil belbog‘lar” barpo etish hamda mazkur hududlardagi istirohat bog‘lari maydonlarini kengaytirish;
- Orolbo‘yi hududining Qozog‘iston hamda Turkmaniston bilan tutash hududlarida transchegaraviy muhofaza etiladigan tabiiy hududlar tashkil etish kerak”, – dedi u.
Oblomurodovning qo‘shimcha qilishicha, global iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij bitimi doirasida mamlakatda issiqxona gazlari ta'sirini qisqartirishni nazarda tutuvchi milliy strategiya va harakatlar rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish ham kun tartibidagi dolzarb vazifadir.
Sog‘liqni saqlash, ta'lim, ilm-fan va madaniy-ma'rifiy sohalar
Prezidentlikka nomzodning ta'kidlashicha, u va uning jamoasi sog‘liqni saqlash, ta'lim, ilm-fan va madaniy-ma'rifiy sohalarni yanada rivojlantirish borasida ham o‘z rejalariga ega.
“Biz aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatishni tubdan yaxshilash, ilg‘or xorijiy tajribalar asosida uzluksiz ta'lim sifati darajasini ko‘tarish, ilm-fan rivojini jadallashtirish hamda madaniy-ma'rifiy sohalarni yanada yuksaltirishni davlat va jamiyatning ustuvor vazifalari, deb hisoblaymiz”, – dedi Oblomurodov.
U ushbu yo‘nalishlarda quyidagi rejalari haqida ma'lumot berdi:
- “yashil” taraqqiyot tamoyillarini ta'lim va fanga integratsiya qilish;
- uzluksiz ta'limning barcha bosqichlarida ekologik ta'lim-tarbiya tamoyillarni keng joriy etish;
- oliy ta'lim tizimida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishlari bo‘yicha malakali kadrlarni tayyorlashni ko‘paytirish;
- maktabgacha ta'lim qamrovini 100 foizga, oliy ta'lim bilan qamrov darajasini 40 foizga yetkazish;
- uzluksiz ta'lim sifatini, mustaqil baholash tizimini shakllantirish va qo‘shimcha pedagogik ta'lim xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirish;
- ekologik tadqiqot va innovatsion faoliyat ko‘lamini kengaytirish, biznes-inkubator va texnoparklarni tashkil etgan holda innovatsion infratuzilmani rivojlantirish nazarda tutiladi.
O‘zbekiston atrofida xavfsizlik, barqarorlik va do‘stona qo‘shnichilik munosabatlari mintaqasini yaratish
Narzullo Oblomurodov tadbir davomida saylovoldi dasturidagi so‘nggi yo‘nalish – tashqi siyosat va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha rejalari haqida ham ma'lumot berdi.
Unga ko‘ra, partiya O‘zbekiston atrofida xavfsizlik, barqarorlik va do‘stona qo‘shnichilik munosabatlari mintaqasini yaratish g‘oyasini ilgari surmoqda.
“Tashqi siyosatning asosiy ustuvor vazifalari sifatida quyidagilarni belgilaymiz:
- O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi siyosatini mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta'minlash, mintaqaviy xavfsizlikning asosiy muammolarini, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyatni hal qilishga yordam berishga qaratish;
- Markaziy Osiyodagi transchegaraviy daryolarning suv va energetika resurslaridan oqilona foydalanish, transchegaraviy muhofaza etilayotgan hududlarni barpo etish va mintaqaning ekologik barqarorligini ta'minlashga qaratish;
- mintaqaviy savdo-iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaviy transport-tranzit infratuzilmasini rivojlantirish;
- Afg‘oniston bilan aloqalarni mustahkamlash jarayonlarini davom ettirish;
- Hamdo‘stlik davlatlari bilan o‘zaro, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamkorlik munosabatlarini tenglik, bir-birining manfaatlarini hurmat qilish va hisobga olish asosida davom ettirish.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikni faol ravishda davom ettirgan holda xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash, zamonaviy muammolarga va tahdidlarga qarshi birgalikda kurashamiz”, – dedi u.
Partiya yetakchisiga ko‘ra, bu borada quyidagi vazifalarni amalga oshirishga alohida e'tibor qaratiladi.
- O‘zbekiston manfaatlariga mos keluvchi ekologiya va tibbiyot sohalarida BMT tomonidan qabul qilingan konvensiyalar va xalqaro bitimlarga qo‘shilish;
- global va transchegaraviy ekologik muammolarni hal qilishda xorijiy davlatlar, avvalambor Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik va do‘stona munosabatlarni mustahkamlash;
- dunyodagi ekologiya yo‘nalishidagi partiyalar va harakatlarining yadroviy, kimyoviy va biologik qurollarning tarqalishining oldini olish va kelgusida ularni butunlay yo‘q qilish siyosatida faol ishtirok etish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish;
- ekologik xavfsizlikni ta'minlash, O‘zbekistonda “yashil” taraqqiyot tamoyillarini joriy etishda samarali xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;
- mamlakatda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish loyihalarini rivojlantirishda xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari bilan hamkorlikni kengaytirish.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti bilan hamkorlikni faol ravishda davom ettirgan holda xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash, zamonaviy muammolarga va tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish tarafdoridir”, – dedi prezidentlikka nomzod Narzullo Oblomurodov.
Mavzuga oid
09:26 / 30.09.2024
Ekopartiya raisi Mo‘ynoqda elektorat vakillari bilan uchrashdi
18:14 / 10.06.2024
Indoneziyada besh metrlik bo‘g‘ma ilon ayolni butunlay yutib yubordi
22:50 / 31.05.2024
600 mingdan ortiq ko‘chat sug‘orish tizimi mavjud bo‘lmagan joylarga ekilgan - Senat
11:05 / 30.05.2024