O‘zbekiston | 11:34 / 28.08.2021
49492
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda kambag‘allikning rasmiy chegarasi belgilandi

O‘zbekistonda minimal iste'mol xarajatlari ko‘rsatkichidan kambag‘allik chegarasi sifatida foydalaniladi. Shu yil may oyida minimal iste'mol xarajatlari 440 ming so‘m etib belgilangandi.

“Minimal iste'mol xarajatlari qiymatini hisoblash tartibini amaliyotga joriy etish to‘g‘risida”gi hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Qarorga ko‘ra, minimal iste'mol xarajatlari ko‘rsatkichidan kambag‘allik mezoni (yoki chegarasi) sifatida foydalaniladi.

2022 yildan boshlab, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali oilani kam ta'minlangan deb e'tirof etish jarayonida qo‘llanadigan va jon boshiga to‘g‘ri keladigan bir oylik daromad mezoni minimal iste'mol xarajatlariga tenglashtiriladi.

Har yili avgust oyigacha minimal iste'mol xarajatlari qiymatining prognoz parametrlari inflatsiya kutilmalaridan kelib chiqib hisoblanadi.

Minimal iste'mol xarajatlari va kambag‘allik darajasi har yilgi hisobot yilida inflatsiya darajasidan kelib chiqib, keyingi yilning 20 yanvariga qadar e'lon qilib boriladi.

Minimal iste'mol xarajatlari tarkibi kamida har 5 yilda qayta ko‘rib chiqiladi.

Qaror bilan aholining minimal iste'mol xarajatlari qiymati va kambag‘allik chegarasini hisoblash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 31 mayida minimal iste'mol xarajatlari 440 ming so‘m etib belgilangandi. Bu qiymat ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga moddiy ko‘mak berishda muhim ahamiyatga egaligi ta'kidlangandi.

Mavzuga oid