Sport | 16:17 / 28.08.2021
37946
17 daqiqa o‘qiladi

Yil qaytishi. Ronaldu transferidan “Manchester Yunayted” nimalarni yutadi va yutqazadi?

Foto: Getty Images

Messining Neymar bilan “PSJ”da, Ronalduni yana “MYu”da tasavvur qilish ularni o‘sha holatda tomosha qilishdan ham qiziqroq, to‘g‘rimi? Shu e'tibor bilan o‘tayotgan transfer oynasi bizga futbol o‘yinlaridan ham qiziqroq emotsiyalar bera olyapti.

12 yil o‘tib Krishtianu Ronaldu yana Manchesterda. Uning “Old Trafford”da qizil libosda chiqib kelishini yozib ta'riflab bo‘lmaydi, buni ko‘rish kerak. Quyida ushbu transferning qog‘ozdagi ko‘rinishini havola qilamiz va paydo bo‘layotgan bir qator savollarga javob izlaymiz.

Krishtianu Ronaldu transferi – ajoyib marketing yurishi

Ronaldu o‘zi borgan har qanday klubga katta pul olib kelmasligi mumkin, lekin gap “Manchester Yunayted” haqida ketganida, marketing bo‘yicha uzukka ko‘z qo‘ygandek transfer deb bemalol aytish mumkin. Yaqinda Yurgen Klopp pandemiya davrida “Chelsi”, “Siti” va “Yunayted” kabi klublarning katta transferlar amalga oshirishi o‘zi uchun jumboq ekanini aytgandi. Bu ro‘yxatda hech qanday tashqi neft va gaz kanali bo‘lmay turib, aynan shunday klublar bilan bir qatorda turgani, so‘nggi o‘n yilda biror arzirli sovrin yutmagan “Yunayted”ning ajoyib moliyaviy va marketing siyosati natijasi ekani sir emas. Bunday transferlardan paydo bo‘ladigan e'tiborni pulga aylantirishni klub juda yaxshi biladi. Ma'lum bo‘lishicha, Ronalduning transferi e'lon qilingach, o‘tgan bir kun mobaynida klub aksiyalari 8 foizga oshgan – bu qariyb 250 million funt degani.

Krishtianuni ham bir marketing obekti sifatida qarasak, uzoq yillik muvaffaqiyatli mavsumlardan so‘ng, yana o‘z uyiga qaytishi har tomonlama chiroyli, jozibador hikoya bo‘ldi. Aslida sovrin yutish, bosimning kamligi Pep bilan ishlash imkoniyati kabi ustunliklar turib ham, Ronaldu “Yunayted”ga qaytishni afzal bilgani qaysidir ma'noda ijobiy imijni saqlab qolish hamdir.

Ronaldu transferi Sulsher va “Yunayted” strategiyasidagi og‘ishmi?

Ma'lumki, uch yildan beri “Old Trafford”da uzoq muddatli loyiha qurilayotgani aytib kelinmoqda. Nisbatan yosh futbolchilarga ko‘proq e'tibor berilishi, transferlarning imkon qadar kerakli pozitsiyalarga va uzoq muddatli amalga oshirilishi, murabbiyga ko‘proq vaqt taqdim etilayotgani ham shu sababdan. Go‘yoki, Varan va Sanchoning transferidan so‘ng kerakli kartina mukammal holatga kelayotgan va bir qator tuzatishlar bilan biz bu yili Sulsherning tayyor loyihasini ko‘rishimiz, jamoa barcha frontlarda sovrin uchun kurashishi kerak edi.

Buning poydevori uchun yetarlicha ish qilindi: mobil hujumchilar va Grinvudning rivoji uchun Lukakudan voz kechildi, Pogba va Brununing bir paytda samarali o‘ynay olishi uchun sxemalar o‘ylab topildi va hokazo. Endi birgina transfer hammasini chippakka chiqarib, hammasini yangidan boshlash ehtiyojini yaratadimi?

Men Ronalduning transferini so‘nggi yillarda amal qilinayotgan strategiyadan chetga chiqish demagan bo‘lardim. Fabritsio Romanoning aytishicha, ushbu kelishuv boshi va oxiri 24 soat ichida hal bo‘lgan. Agar Krishtianuning “MYu”ga kelish istagi ustun bo‘lmaganda, bu ish shu qadar tez bitarmidi? Yo‘q, albatta. Ya'ni uch yildan beri Sulsher aytib kelayotgan g‘oya – “MYu” faqat jamoada o‘ynashni istaydigan futbolchilar bilan qiziqadi va shartnoma tuzadi. Bruno, Maguayr, Sancho, Varan transferlarida bu omil katta rol o‘ynaganidek, Ronalduning kelishuvida ham asosiy faktor bo‘ldi.

Ikkinchidan, hatto Fergyuson davrida ham klubning transfer siyosati maydondagi bo‘sh pozitsiyalarni to‘ldirish bo‘lmagan. Klub doim “chaqnab turgan yulduzlar”ni sotib olishga kurashib, “Old Trafford”ga olib kelib, ana undan keyin maydonga joylashtirish bilan shug‘ullangan. Esingizda bo‘lsa, Ser Aleks so‘nggi mavsumlarida markaziy yarimhimoyachi pozitsiyasi uchun qiynalib, nafaqaga chiqqan Skoulzni qaytargandi. Xo‘sh, o‘sha voqeadan keyingi transfer oynasida kimni sotib olishgan deb o‘ylaysiz? Van Persi va Kagavani.

Ya'ni Krishtianu Ronaldu kabi futbolchini sotib olish imkoni bo‘la turib, undan voz kecha oladigan klub yo‘q. Hatto sxema va pressing jinnisi Pep Gvardiola ham bunday transferga veto qo‘ya olmadi. Yo‘q deyish ilojsiz.

Uchinchidan, Sulsher ushbu transfer haqida gapirar ekan, Ronalduning “Old Trafford”ga kelishi yosh futbolchilarning o‘sishida katta ta'sirga ega bo‘lishi haqida gapirdi. E'tibor bering, uning maydondagi ta'siri o‘z yo‘liga, murabbiy esa bu transfer “MYu”ning uzoq yillar mo‘ljallagan rejalari uchun ayni muddao ekanini aytmoqda. Sulsher loyiha deganda jamoadagi pozitsiyalar va uslublarni ishlab chiqishdan ko‘proq, jamoaviy muhit, umumiy kayfiyatni e'tiborga olishi sir emas.

Yaqinda Varanning transferi haqida gapirar ekan, Pol Pogba uning YeChL va JCh kabi turnirlarni yutgani, ulkan tajribasi yosh futbolchilarga qo‘shimcha motivatsiya berishi mumkinligini aytgandi. Ronaldu bu borada yanada ustun – futbol tarixidagi eng yaxshi futbolchilardan biri bo‘lib ulgurgan, bir nechta Oltin to‘p sohibi hali ham o‘ziga yangi kuch topayotgani va g‘alabalarga tashna ekani hech narsa yutmay yulduz maqomini kiyib olishga yaqin turgan bugungi avlod futbolchilarga ijobiy ta'sir ko‘rsatishi shubhasiz.

Ronalduning katta oyligi jamoa muhitiga salbiy ta'sir qilmaydimi?

Eng avvalo, aytish kerakki, Ronaldu “Yunayted” uchun Aleksis Sanches emas. Esingizda bo‘lsa, aynan chililik hujumchining “MYu”ga katta maosh bilan kelishi Pogba, Marsiyal kabi futbolchilarga ta'sir qilgan, yakunda Mourinoning iste'fosiga ilk g‘ishtlar aynan o‘sha transfer bilan qo‘yilgandi. Ammo Sulsherning boshqaruv uslubi Jozenikidan farq qilishini e'tiborga olish bilan birga Ronalduning darajasini ham unutmaslik kerak.

Shubhasiz, Ronaldu nafaqat Manchesterda, balki APLda eng yuqori maosh egasi bo‘ladi. Manbalarda kelishicha, klub Ronalduning maoshi uchun soliqlar bilan 500 ming funtga yaqin pul sarflaydi: bu klubdagi eng yuqori maoshdan 1,5 barobar katta. Ammo jamoa muhitida bu muammo yaratadi deb o‘ylamayman.

Birinchidan, Ronaldu juda kam summaga olindi, “Yuventus” amalga oshishi aniq bo‘lgan bonuslar bilan 25 million atrofida oladi. Tabiiyki, salkam erkin agent sifatida kelayotgan futbolchining maoshi yuqori bo‘lishi tushunarli bo‘ladi. Transferi uchun katta summa to‘langan futbolchilar bunga qarshi bo‘lmasa kerak.

Ikkinchidan, ma'lumki Reshford, Bruno, Sancho, Grinvud kabi futbolchilar Ronalduning shonli yillarini tomosha qilib, unga havas qilib ulg‘ayishgan. O‘z kumiri bilan bir jamoada o‘ynash istagi boshqa jihatlarni yopib keta oladi. Varan Ronaldu bilan sobiq jamoadosh, Pogba bilan ham muammo tug‘ilmasa kerak.

Ronaldu uchun to‘g‘ri tanlov bo‘ldimi?

Krishtianuning faoliyatiga nazar tashlasangiz, u o‘zining eng yaxshi yillarini Fergyuson, Mourino, Anchelotti va Zidan qo‘l ostida o‘tkazgan. Bu murabbiylarning umumiy jihatini tezda anglash mumkin: ularning har biri uslubga qattiq yopishadigan, yuqori pressing va to‘p nazoratini taktikaning poydevoriga aylantiradigan murabbiylar toifasiga kirishmaydi. Bu murabbiylarning ustunligi boshqa – har bir futbolchining individual ustunliklari va kamchiliklaridan kelib chiqqan holatda, ular uchun eng yaxshi sharoitni yaratish. Futbolchilar mavjud uslub yo sxema yo‘lida qurbon qilinmaydi, aksincha, uslub futbolchilarga qarab tanlanadi. Shuning uchun ham bu murabbiylarning (Jozedan tashqari) jamoalarida yaqqol ajralib turuvchi, tanisa bo‘ladigan uslubni ko‘rmaysiz. Gvardiola yoki Kloppni jamoaga qarab tanish mumkin, lekin Fergyuson shuncha yil davomida yaratgan bir necha “Yunayted”lari bir-biriga umuman o‘xshamaydi.

Sulsher ko‘p jihatdan nomlari sanalgan murabbiylarga o‘xshab ketadi. Doim pozitsion o‘yindagi kamchiliklari tanqid qilinadigan norvegiyalik murabbiyni Tuxel yoki Nagelsmanga qiyoslab bo‘lmaydi. Ronalduning Turindagi muammolari ham aynan Sarri va Pirloning pressingli futbolida ko‘zga tashlanayotgandi.

Bundan tashqari, Ronaldu uchun “Old Trafford” o‘z uyidek, aynan shu yerda u o‘zini chinakamiga baxtli his qilgan. Madriddagi davrlar Ronaldu uchun haqiqiy ish edi, sovrinlar, “Oltin to‘p”lar barchasini yashirgan bo‘lsa, “Yuventus”da YeChL yoki individual sovrinlarning yo‘qligi yakunda ketish qaroriga olib keldi.

“Milan” va “Inter”ning yangi mavsumda kuchsizlangan holda kirib kelishi, pandemiya tufayli “A Seriya”ning yarim jamoasi inqiroz yoqasiga kelib qolgani esa endi Italiya chempionatini hatto Fransiya Ligasidan ham keyingi o‘ringa tushirib qo‘ydi. Doim diqqat markazida bo‘lishni istaydigan Ronaldu uchun APL eng yaxshi variant edi.

Sulsher uchun asosiy muammo: asosiy tarkib qanday bo‘ladi?

Tabiiyki, agar Ronaldu sizning jamoangizga kelishni istasa, voz kecha olmaysiz, bu aksioma. Ha, 36 yosh, avvalgi Ronaldu emas, lekin shu holida ham u Italiyada to‘purar bo‘lib, yaqinda “Chelsi”ga rekord narxda kelib qo‘shilgan Lukakuni barcha ko‘rsatkichlarda ortda qoldirdi. Tag‘inam, Lukaku mavsumni o‘zi uchun ideal trener bilan, Ronaldu esa “baxsiz” holda o‘tkazdi.

To‘purar, haqiqiy “qotil” hujumchiga ehtiyoj “MYu”da doim bo‘lgan, shuning uchun ham Edinson Kavanining ba'zi shartlariga ko‘nib bo‘lsa-da, jamoada olib qolishga harakat qilindi. Ronaldu esa jamoadagi gol muammosini osonlik bilan yechishi mumkin. Lekin boshqalar nima bo‘ladi?

Krishtianu kelmasidan oldin ham “MYu” Elanga va Diallo uchun ijara jamoasi axtarayotgandi va topa olmayapti. Bu ikki yosh futbolchidan tashqari hozir tarkibda Reshford, Marsiyal, Sancho, Grinvud, Kavani, Jyeyms bor – hujumdagi 3 o‘ringa 6 futbolchi. Endi bu guruhda Ronalduni va faqat chap qanot yarimhimoyachisi sifatida (Ronalduning pozitsiyasi) eng yaxshi o‘yinini ko‘rsatayotgan Pogba bor. 3 pozitsiyaga 8 futbolchi. Kuchsizroq raqiblarga qarshi Pogba markazga o‘tkazilgan taqdirda ham, yana 4 futbolchi zaxirada qoladi. Katta ehtimol bilan klub Jyeyms va Marsiyalni imkon qadar tezroq sotib yuborish yo‘lini axtarishi kerak. O‘zi shundoq ham dedlayngacha uch kun ichida Lingard va Donni van De Bek masalasi hal qilinishi bo‘lib turgan paytda qo‘shimcha muammo paydo bo‘ldi.

Yana bir mulohaza, Ronalduni to‘liq “to‘qqizlik” maqomiga o‘tkazish hozirgi sharoitda eng maqbul yechimlardan biri bo‘lardi. Karlo Anchelotti ancha yil oldin Ronaldu asta-sekinlik bilan ushbu pozitsiyaga tayyorlanayotgani haqida fikr yuritgandi. Barchasi shu tomonga qarab ketayotganda, Ronaldu uzoq vaqt to‘psiz harakatlanishga ko‘nmay, o‘ynash uchun ortga yoki o‘rganib qolgan chap qanotiga o‘tib ketaverdi. Vaqt o‘tib, tezlik va dribling avvalgidek emasligini Ronaldu tushunishi, yanada tezkor va kurashuvchan APLda uning uchun eng to‘g‘ri yo‘l yaqqol hujumchi ampluasi ekaniga rozi bo‘lishi kerak.

Bu birato‘la ikki muammoni yechadi. Birinchidan, Ronaldu transferi “MYu”ning aynan og‘riqli pozitsiyasini, Marsiyal, Reshford, Grinvud navbati bilan sinab ko‘rilayotgan, Kavani esa butun mavsum to‘ldira olmaydigan “to‘qqizlik” ampluasini yopadi. Ikkinchidan, Ronalduning kelishi Pogbaning pozitsiyasiga ham ziyon yetkazmaydi. Sulsherning hujum ortidagi uchligi – Pogba, Sancho, Grinvud, Bruno, Reshford kabi futbolchilardan tashkil topishi va doimiy ravishda maydonda o‘rin almashtirish bilan raqiblarni chalg‘itishi kerak. Ronaldu bu rolga bugun mos kelmaydi.

Yana bir muammo, Sulsher katta o‘yinlarda imkon qadar raqibning tarkibidan kelib chiqqan holda, bor o‘yinini shunga qarab tuzish va raqib ustunliklarini yo‘qqa chiqarish orqali minimum natijani kafolatlash bilan shug‘ullanadi. Bu holatda butun tarkib to‘qson daqiqa o‘ziga biriktirilgan futbolchiga pressing qilish bilan shug‘ullanadi. Bu taktikada Ronalduni, buning ustiga Pogba bilan birga tasavvur qilish imkonsiz. Sulsher bu masalaga qanday yechim topadi? Buni kuzatish ham qiziq.

To‘g‘ri, juda ko‘pchilik Ronalduning qaytishi ajoyib ertak bo‘lsa-da, futbol nuqtayi nazaridan “MYu”ning rivojlanishini sekinlashtirishi mumkinligi haqida yozmoqda. Lekin yuqorida aytilganidek, “Yunayted” ham, Sulsher ham “Yunayted” loyihasiga maydonda mukammal jamoa uchun “pazzl” yig‘ish nuqtayi nazaridan qaramagan. Yulduz futbolchilarning, buning ustiga u Ronaldu bo‘lsa, tarkibga kelib qo‘shilishi klub g‘oyalariga mos keladi. Shuningdek, ma'lum bir darajaga yetish uchun 3-5 yillik loyiha ustida ishlash top-klublar uchun doim ham to‘g‘ri bo‘lavermaydi. “Chelsi”ni qarang, shunchaki joriy yechimlar bilan ham APLda, YeChLda g‘alaba qozonish mumkinligini ko‘rsatmoqda. Taxtga qaytish uchun uzoq muddatli rejalarga ehtiyoj yo‘q. Yildan yilga bosimning ortib ketmasligi, muxlislarni doim emotsiyada ushlab turish uchun ham “Yunayted”dek klublarga lokal yutuqlar ham kerak. Ronalduning “Old Trafford”da to‘p surishi ham mana shunday g‘alabalardan biri, muxlislarga baxt ulashishning yana bir yo‘li. Ayniqsa, Superliga mashmashasi ortidan muxlislar bilan o‘ta yomon holatga kelib qolgan Gleyzerlar uchun otni qamchilash vaqti.

Bu transfer nafaqat “MYu” muxlislariga, balki umuman futbolga boshqacha tuyg‘ularni taqdim etishi ham shubhasiz. Pandemiyadan keyingi shafqatsiz davrda, Messi sevimli Barselonasida qola olmayotgan, Keynni “Tottenhem”ga qamab qo‘yishgan, Holandning agenti “menga qirq million kim bersa, mijozim o‘sha yerda o‘ynaydi”, deyayotgan g‘alati kunlarda Ronalduning transferi ayni muddao bo‘ldi. Ko‘proq pullar, balki ko‘proq sovrinlar taklif qilinishi mumkin bo‘lgan sharoitda uning o‘z uyini, bolaligini, muxlislarni tanlagani qandaydir bugungi o‘lchovlarga mos bo‘lmagan, lekin eng tushunarli qaror bo‘ldi. Xayriyat.

Qahramon Aslanov

Қаҳрамон Асланов
Tayyorlagan Қаҳрамон Асланов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid