Jamiyat | 18:00 / 05.09.2021
21763
16 daqiqa o‘qiladi

“Tajriba oson yo‘llar bilan qozonilmaydi” - Abdukarim Mirzayev bilan suhbat

Radiojurnalist va hikoyanavis Abdukarim Mirzayev “Osmondagi bolalar” loyihasining navbatdagi mehmoni bo‘ldi. 

Suhbat davomida, yoshlar ilm olishda duch kelishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklarni qanday yengib o‘tishi kerakligi, ayol-qizlarning ta'lim olishi, farzand tarbiyasi muhimligi hamda jamiyatni qiynayotgan turli mavzularga to‘xtalib o‘tildi.

Radiodagi faoliyat

O‘qib yurgan paytlarimizda, kunlardan bir kuni radio eshityapman, 2-kursman. “O‘zbekiston” radiosida “Hamroh” degan radioeshittirish bo‘lyapti. Unda aytyaptiki, agar siz bizning radioeshittirishimizda ishtirok etishni yoki jonli efirda bog‘lanishni istasangiz, mana shu raqamga qo‘ng‘iroq qiling. 

Men u raqamni eski bloknotimga yozib oldim. Efir tugadi, keyin qo‘ng‘iroq qildim. Efir tugadi deyishdi, men efirga chiqmoqchi emasman, men radioda ishlamoqchiman. Unday qilishingiz kerak, bunday qilishingiz kerak, qayerdansiz deb so‘rashdi, yo‘q biz sizni ololmaymiz deb aytishdi. Oradan ozgina vaqt o‘tdi. Men radioda muxbir bo‘lib ishlashni boshladim. Aynan o‘sha eshittirishda. Oradan bir yil o‘tdi, shu qadar ishonchsizlik bo‘lganki, telefon qilganim esimdan chiqib ketgan. Oradan vaqt o‘tdi, men muxbir bo‘lib, katta mikrofonlarni ko‘tarib, intervyular qilishni boshladim.

Turkiya

2017 yilda magistratura uchun Turkiyaga keldim va hozirgacha shu yerdaman. Kastamonu universitetida jurnalistika bo‘limida magistraturada o‘qiyapman. Hozir ilmiy ishim tugay deb qoldi, mavzusi Markaziy Osiyoda ilk matbuot tarixi.O‘sha birinchi yozuv, toshbosmalar, keyin yozuv mashinalarning birinchi kirib kelishi, Xorazmga Feruzxon tomonidan olib kelinishi, keyin ruslar kirib kelgach, ularning ta'sirida matbaa kirib kelgani, 40-yilgacha bo‘lgan jarayon, ilk jadid adabiyoti, gazetalar... Hozir shu bilan bandman.

Bundan tashqari, butun faoliyatimni televideniyedan, radiodan olib, sotsial mediaga ko‘chirib olganman va bu yerda foydali bo‘lishga harakat qilyapman. Ya'ni o‘zimning kuchim yetadigan, aqlim yetadigan narsalarda, insonlarga foydali bo‘ladigan nimalardir qilishga urinyapman. Hech bir davoyim yo‘q, hech kimdan bir baho istagim yo‘q. Nimani yaxshi ko‘rsam, nimani qila olaman deb o‘ylasam, shuni qilishga urinyapman.

YouTube

Men “Poytaxt” radiosida ishlaganimda “Dilkash” nomli radioeshittirishim bor edi. U payt YouTube yo‘q edi. O‘sha paytda radio eshitganlar juda yaxshi taniydi. Kuniga yo‘q deganda 4ta xat kelardi pochta xizmatidan. Keyin “Zamin FM” radiosiga o‘tdim. U yerda “Uchinchi odam”, “Dastxat”, “O‘tgan kunlar” degan bir necha radioeshittirishlar bor edi. Hozirgi YouTube’dagidan ham ko‘proq odamlarni jalb qilgan deb o‘ylayman u payt. Chunki hozir YouTube’da biz ko‘rinib turganimiz uchun sirlilikning protsenti kamayib qolgan-da.

U payt bizni hech kim ko‘rmas edi. Sirlilik yuzda yuz turardi. O‘shaning uchun odamlarning bilishga bo‘lgan ishtiyoqi hozirgidan ko‘proq edi. Keyin televideniye boshqa, ya'ni men bu tajribani deyarli 20 yildirki yig‘ib kelyapman. 2001 yil radioda boshlaganman, mana 2021 yil hozir. Yigirma yilda to‘plangan tajriba.

Endi, men Turkiyaga kelganimdan keyin bu yerda “Yo‘ldagi odam” degan bir ko‘rsatuv qilishni boshladim. “Yoshlar” kanali uchun 25ta sonini tasvirga tushirdik. Keyin shartnoma muddati tugadi, boshqa shartnoma qilinmadi. Men bu yerda Kastamonudan Istanbulga qatnab, “Registon TV”da bosh rejissyor o‘laroq ishlashni boshladim. Lekin men o‘zim kadrda ko‘rinmayapman, chiqmayapman. Men o‘zimning ijodimni qilayotganim yo‘q. Shu zaylda bir yil, bir yildan ortiq ishladim. Men shu qadar band bo‘lganmanki, bir paytning o‘zida 4ta joyda ishlardim. Oyligim yetmasdi, oilani boqishga yetgan emas. Televideniyeda ishlardim, radioda ishlardim, “Diydor” teatrida ishlardim. Yana ofisda boshqa ishlarimiz bor edi. Hujjatli filmlar qilardik. Hammasida o‘n ikki, birda ish tugardi. Lekin baribir hech qachon pul yetgan emas, oddiy benzin quyishga ham yetmasdi. Pul yetmagani katta sarf-xarajat hisobidan emas, kamligi hisobidan edi. Hayot qimmat edi, topayotganimiz kam edi. Lekin bunga unchalik diqqat qilmas edik. Ko‘rsatuvlardagi shartnomam tugaganidan keyin baliq tutishni boshladim. Bir yilga yaqin baliq tutish bilan shug‘ullandim, nimadir qilishim kerak deb o‘ylardim. Keyin birdan karantin bo‘lib qoldi. Baliq tutish ham to‘xtadi. Nimadir qilishim kerak edi, kitob o‘qidim. Yigirma yil davomida bu qadar bo‘sh bo‘lmagan edim. Keyin bolalar biladi, Abu Bakr degan operatorimiz bor, o‘tiring dedim. Men sizga hikoya aytaman, siz eshitasiz dedim. Birinchi “Uch o‘git” degan hikoya aytib berdim. Har hafta 3 ta hikoya aytaman, o‘tirasiz dedim. O‘sha bilan boshladim. Keyin o‘zimga aytdim, uchta hikoya qilasan, ikkita jonli efir qilasan deb. O‘zimni shu qadar ishga ko‘mib tashladim. O‘shandan keyin YouTube’da boshlanib ketdi va odamlar yaxshi qabul qildi. Radiodagi kayfiyatni videoga ko‘chirdim. O‘zim doim qilgan ishni video ko‘rinishiga o‘tkazdim.

Talabalik vaqtlarida olingan saboqlar

Bizning o‘tgan hayotimizdagi hech bir lahza bugungi kunimiz uchun salbiy va yoki ijobiy ta'sir qilmasdan o‘tmaydi. Hatto uyqudagi holatlarimiz ham. Biz bolaligimizda, keyin talabaligimizda sinovlarni, og‘riqlarni ko‘rdik, hayot bizni shunday tarbiyalab keladi. Kichik-kichik muammolar bilan yoshimizga mos, aqlimizga mos muammolar bilan hayot bizni uchrashtiradi va bir kuni u yerdan olgan tajribalar, kuchlar boshqa hammasi yig‘ilib kelib, oldimizdan chiqqan katta narsalarning ustidan g‘alaba qozonamiz. Aytish mumkin bo‘lsa, natijalarga erishamiz. Ana o‘sha yillar bo‘lmasa, u talabalikda bo‘lsin, u boshqa joyda bo‘lsin, u og‘riqlar, sitamlar, yo‘qchiliklar bo‘lmasa, darslarni ololmaymiz. Biz yashar ekanmiz, bizga kuch beradigan narsalar bu muammolardir. Ota-ona farzandiga qayerda keragidan ortiq yordam qilgan bo‘lsa, o‘sha bola o‘sha joyda yiqiladi. Agar bolaligimizda qancha ko‘p asralsak, biz muammolarga qarshi kurashishni bilmaymiz. Birinchi zarbalardanoq yiqilamiz.

Odamlar bugun ko‘rayotgan narsalar – bu natijalardir

O‘n ming metrga chopayotgan odamlarning oxirgi 300-400 metrda finishga yaqinlashganda bitta, ikkitasi ko‘rinib qoladi. Boshlanganda uch yuz kishi boshlagandi, oxirida bitta, ikkita qoldi. Yoki bitta, ikkitasi ko‘pchilikning ichidan ajralib chiqdi. O‘shalarning ajralib chiqishiga majbur qilgan to‘qqiz ming metrlik masofa emas, undan oldingi bir hayot bor. O‘sha hayot qancha og‘ir bo‘lgan bo‘lsa, u o‘shancha yaxshi yetib boradi manzilga.

Men xatolarimni yutuqlarimga almashtira olgan odamman

Hayot bizga adolatsizmi? Men bunga ishonmayman, lekin biz o‘zimizga adolatsizmiz. Men bunga aminman. Men o‘zimni hayotimga, o‘zimga nisbatan adolatsizlik qilgan paytim, bu hayot meni jazolaydi. Agar men buni sezmasam, ikkinchi bir adolatsizlik qilgan bo‘laman. Men xatolarimni yutuqlarimga aylantirishni uddalagan odamman deb bilaman o‘zimni. Insonning qurbi yetadigan narsalar bor, yetmaydigan narsalar bor. Bahosini ham bilish kerak inson. Kuchi yetmagan joyda chiranishlar botqoqqa kirib olib, chiqishga bo‘lgan har qanday urinish sizning botishingizga sabab bo‘ladi. O‘shaning uchun botqoqning ichida ekan, chiranolmaydi. Oldin u yerning botqoq ekanligini aniqlash kerak bo‘ladi. Men bir suhbatda aytgan edim, ot bo‘ling, changitib keting. Odamlar changingizni muhokama qilishsiz. Siz minglab kilometr uzoqda bo‘ling. Yetolmasin sizga hech kim, qayerdaligingizni bilolmasin. Doimo oldinga harakatda bo‘lish kerak. Lekin buning uchun oldin chopishni o‘rganish kerak. O‘tirib, bu yerda yiqildim, yig‘lab olay, u yerda yig‘lab olay desa, odam kuchli bo‘lmaydi.

Hayot daftarida sahifa olgan joylar

Biz insonlar hammamiz hayotimizdagi yomonliklarimizning hisob-kitobini qilmaymiz-da, qilgan yaxshiliklarimizning hisob-kitobini qilamiz. Sanab yuramiz, unga yaxshilik qildik, bunga yaxshilik qildik deb. Agar biz buning tamoman teskarisini qilganimizda edi, hayotimizda bo‘lgan yomon narsalarning nega bo‘lganligini hisob-kitobini qilganimizda edi... Zotan ular bo‘lgan, ovoz chiqarib aytolmaydigan, o‘qiy olmaydigan sahifalar bor. Qayta-qayta o‘qib yotgan sahifalar ham bor. Lekin biz qilishimiz kerak bo‘lgan, o‘sha ovoz chiqarishga qo‘rqayotganimiz, istamayotganimiz sahifalar bizni hayotimizda nega sodir bo‘ldi, bildikmi va uni tuzata oldikmi? Yoki biz uchun qulayi uni eslamaslikmi? Biz undan bir xulosa oldikmi? Nega u sodir bo‘ldi? Bizda hech narsa o‘zidan o‘zi sodir bo‘lmaydi. Har narsa bir narsani olib keladi. Faqat bizdagi, agar ichimizdagi tarozining posangisi to‘g‘ri bo‘lsa, adolatli bo‘lsak, undan bir to‘g‘ri xulosa chiqaramiz va diqqatli bo‘lamiz hayotimizda takrorlamaslik uchun.

Yoshlar o‘zini tanib olishi uchun nima qilishi kerak?

Yoshlar o‘zini tanib olishi uchun ko‘p bilim olishi kerak. Ko‘p o‘qishi kerak, buning boshqa yo‘li yo‘q. Hatto, oddiy chumolini kuzatish uchun ham buni bir kuzatish istagi bo‘lishi kerak. Har narsa bir istakdan boshlanadi. O‘zni tanish hamquruq gapligida, bir istakmas, u bir ma'lumot. U ma'lumotni olganimdan keyin menda o‘zimni tanish istagi paydo bo‘lsa, bu bir harakat, bu bir boshlanish. Agar menda bunday istak paydo bo‘lsa, agar men Robbimni tanish uchun, oldin o‘zimni tanishim kerak ekan degan bir haqiqatni o‘zimga singdirsam, men aminmanki, Robbim menga o‘zimni ham tanitadi, o‘zini ham tanitadi bu hayot orqali. O‘shaning uchun bunday tushunchaning rostligiga iymon, ishonch bo‘lishi kerak insonda. Men o‘zimni tanishim kerak, bu jismning ichida nima bor, bu ko‘zlar qanday ko‘ryapti, bu quloqlar qanday eshityapti, ta'mni qanday bilyapman, hidni qanday bilyapman, qanday qilib ushlab turib buni qilyapman, bu sezgilar qanday ishlayapti, bu tizim qanday tizim ichimdagi. Bular haqida o‘ylash kerak. Insonning ikki dardi bor. Bittasi qorin dardi, non dardi. Ikkinchisi jon dardi. Inson qornini o‘ylasa, nonni dard qilsa, harakat qiladi u nonni topishga. Albatta, Alloh uning rizqini yozib qo‘yibdi, topadi. Jonining dardini qilsa, inson fikr qilishni boshlaydi. Jonimiz dardi degani o‘sha o‘zimizni tanish. O‘zimizni tanishga bo‘lgan urinish bizni fikr qildiradi.

Hayotning haqiqatlari bilan qancha erta yuzlashsa, ovutmaslik kerak

Biz o‘zimizni ham ovutmasligimiz kerak. Biz hech kimning himoyachisi emasmiz. Biz o‘tmishning advokatlari emasmiz. Biz ularni himoya qilishimiz shart emas. Lekin biz u yerdan ibrat olishimiz shart! Xatolarni takrorlamasligimiz shart. Bizning hayot tarzimizga bunday qaralsa, ijtimoiy hayot tarzimizga qaralsa, faqat ko‘ngilxushlik tomonlarini boplaymiz. To‘y-hashamlar, mehmondorchiliklar va bularning hammasi o‘zimizga o‘xshagan odamlar uchun. Men buni qilmaslik kerak demayapman, ammo bunday bo‘lmasligi kerak deyapman.

Hayotda pulga topib bo‘lmaydigan eng qimmat narsa nima?

Masalan, mening bir bahoyim bo‘lsa, meni qiymatli qilgan narsa meni o‘zimmas-da. Mening bu qiymatim faqat onam va otam uchun yoki yaqinlarim uchun. Men bir ishga arzimasam ham, ular menga qo‘ygan bir baho bor. Bir rishta bor u yerda. Lekin hayotda, bu shafqatsiz hayotda menga hech kim hech qanday baho bermaydi. Chiroyli ko‘zingga qarab baho qo‘ymaydi deydi-ku. Xuddi shunday, bu yerda tajriba kerak. Siz yillar davomida yig‘ganingiz,tajribangiz bo‘lsa, bir qiymatingiz bor. Har yiqilganda yig‘lab, u ishdan bunisiga o‘tib, bunisi bo‘lmasa, boshqasiga o‘tib, hakkaga o‘xshab u shoxdan bu shoxga qo‘nib yashab kelinayotgan bo‘lsa, unda na tajriba bo‘ladi va na qiymat bo‘ladi. Ikkisi ham bo‘lmaydi. Bu yoshlardan birinchi so‘rasangiz, ko‘zi o‘ynab turadi oyligi qancha ekan deb. Biz radioda ishlardik mashhur-u jahon bo‘lib, lekin oylik olmas edik. Birovga bu haqida nolimas edik, bildirmasdik. Chunki dardimiz pul bo‘lgan emas. Alloh o‘ldirmagan, rizqimiz kelgan. Lekin dardimiz ish bo‘lgan, ishining ustalarining yonida bo‘lgan. Ulardan ko‘proq narsa olish bo‘lgan. Eng yaxshisi bo‘lish istagi bo‘lgan.

Tajriba oson yo‘llar bilan qozonilmaydi

Hech bir narsa osonlik bilan qozonilmaydi. Oson yo‘l bilan kelgan har narsa bir yolg‘ondir, bir jazodir menga. Hayotimizda bizning harakatlarimizsiz paydo bo‘layotgan igna bo‘lsin, u bir kun kelib yuragimizga qattiq qadaladi, pushaymon qiladi. O‘zimni tergashimdan maqsad, o‘zimni qiynash emas, g‘aflatga ketib qolishdan asrash. Men o‘zim bir yomon bo‘lganim uchun amallabgina ushlab turish emas, unutib qo‘ymaslik, erkalanib ketmaslik. Hayotda shunday yashamaslik, jiddiy yashash. Siz hech bir sinovga o‘ynab-kulganmisiz? Yo sinovga kirib o‘ynab, kulganmisiz? Bu dunyo bir sinov, imtihon bo‘lsa, bu degani xo‘mrayib yuraylik, imtihondamiz degani emas, Alloh bizga nasib qilsa tabassumni, tabassum qilamiz.

Mavzuga oid