Jamiyat | 19:50 / 18.09.2021
10194
2 daqiqa o‘qiladi

Buyrak transplantatsiyasini o‘tkazgan qoraqalpog‘istonlik ayol farzandli bo‘ldi

Uning farzandi Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya markazida tabiiy tug‘ish yo‘li bilan dunyoga keldi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Qoraqalpog‘istonlik Anesiya Utagenova 2017 yilning dekabr oyida O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib buyrak transplantatsiyasi amaliyotini boshdan o‘tkazgan. 2020 yilda turmushga chiqqan Anesiya to‘ng‘ich farzandini dunyoga keltirdi, deb yozadi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Xirurg-transplantolog Zohidjon Matkarimovning ta'kidlashicha, buyrak transplantatsiyasini boshdan o‘tkazgan bemorlarning tug‘ishini rivojlangan davlatlarda ham ko‘plab nefrologlar bo‘yniga olmaydi. Chunki homiladorlik bemorga salbiy ta'sir qilib, homila va bo‘lg‘usi onaning taqdiri xavf ostida qolishi mumkin.

— Yurtimizda tibbiyotga, ayniqsa, organ transplantologiyasini rivojlantirishga qaratilgan e'tibor va yaratilgan keng imkoniyatlar tufayli shunday natijalarga erishmoqdamiz, — deydi shifokor. — Agar bemor chet elda operatsiya qilinganida, keyinchalik homilador bo‘lsa ham nazorat uchun xorijga ketishiga to‘g‘ri kelardi. Bu esa homilador ayolning yana sarson bo‘lishiga sabab bo‘ladi, albatta.

Anesiya Utagenova homiladorlik vaqtida ham malakali nefrolog, transplantologlarning nazoratida bo‘lgan. Uning 3 kilogramm og‘irlikdagi farzandi Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya markazida tabiiy tug‘ish yo‘li bilan dunyoga keldi. Hozirda ona va bolaning ahvoli yaxshi. Ularga shifoxonadan ruxsat berildi.

— Hozir tibbiy nazoratimizda buyrak transplantatsiyasi amaliyotini o‘tkazgan 3 nafar homilador ayol bor. Ular ham farzandlarini sog‘-salomat dunyoga keltirishi uchun harakat qilmoqdamiz, — deya qo‘shimcha qildi Zohidjon Matkarimov.

Mavzuga oid