Jahon | 21:45 / 20.09.2021
27796
4 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston: «Tolibon» davlat xizmatchilari bo‘lgan ayollarga uyda qolishni buyurdi

Kobul shahrining toliblar tomonidan tayinlangan meri Hamidulla No‘'moniy poytaxt munitsipalitetida ishlagan ayollarga, agar ularning ishi erkaklar qila oladigan ishlar bo‘lsa, ishga chiqmaslikni buyurdi.

Kobulda ayollar namoyishi o‘tkazildi. Ularning plakatlarida shunday yozilgan: «Ayollari faol bo‘lmagan jamiyat - jonsiz jamiyatdir» va «Biz birgamiz, biz zulmni to‘xtatamiz» / AFP

Merning ma'lum qilishicha, Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga olgan «Tolibon» harakati «ayollarning ishlashini bir muddatga to‘xtatib turish lozim» degan qarorga kelgan.

No‘'moniyning so‘zlariga ko‘ra, Kobuldagi munitsipial idoralar xodimlari bo‘lgan qariyb uch ming kishidan uchdan biri ayollardir - ayollar ayrim holatlarda ishlashni davom ettirishi mumkin, ammo bunday holatlar ko‘p bo‘lmasligi tayin.

«Masalan, bu shahar ayollar hojatxonalarida ishlovchi ayollarga taalluqli, bunday joylarga erkaklar kirishi taqiqlangan. Ammo erkaklar bilan almashtirish mumkin bo‘lgan mutaxassislikdagi ayollardan vaziyat izga tushguncha uyda qolishni so‘radik. Ularga ish haqi to‘lanishi davom etadi», deya izohlagan mer.

No‘'moniy toliblarning 1990-yillardagi ma'muriyati davrida ham Kobul shahri meri bo‘lgan, shu tufayli u BMT Xavfsizlik kengashining sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan.

Avvalroq toliblar bolalar va erkak o‘qituvchilar maktablarga qaytishiga ruxsat bergandi, ammo qizlar mashg‘ulotlardan chetlatilgan. Toliblar bu vaqtinchalik chora ekanini aytishgan, ammo bu qaror qachon bekor bo‘lishi noma'lum. Shu bilan birga, Afg‘onistonning yangi hukumati vakillari hozirda bolalar va qizlar alohida o‘qitilishi, shuningdek, o‘qituvchilarni taqsimlash jarayoni olib borilayotganini bildirgan. Ungacha esa «Tolibon» ayollar universitetlarda o‘qishi mumkinligi, ammo ular erkaklardan alohida joyda o‘tirishi lozimligini ma'lum qilgandi.

Toliblar o‘zgarganmi?
1990-yillarda, toliblar mamlakatni ilk bor egallashganida, ayollarga o‘qish va ishlash butkul taqiqlangandi. Harakat vakillari bir necha marta jahon hamjamiyatiga ularning siyosati o‘zgarganini aytib kelgan bo‘lsa-da, ko‘pchilik «Tolibon» shunday tartibni qaytarishi mumkinligidan tashvishlanmoqda.

Toliblar kerakli tartib ishlab chiqilgach, qizlar ta'limga qaytarilishini va'da qilishgan. Aniq muddat haqida xabar qilinmagan.

Toliblar ayollar huquqi «islom qonunlari doirasida» hurmat qilinishini bildirgan, ammo bunda aynan nima nazarda tutilganiga oydinlik kiritilmagan.

Avvalgi hokimiyat ag‘darilgach, Kobulda bo‘lib o‘tgan bir necha ayollar namoyishlari kuch bilan bostirildi. Ayollarga mamlakatda xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanmaguncha uyda o‘tirish tavsiya qilingan.

Yaqinda yangi hukumat Ayollar masalalari bo‘yicha vazirlikni tugatib, uning o‘rniga Saxovatni targ‘ib qilish va illatlarni yo‘qotish vazirligini tuzgani ma'lum bo‘lgandi. 20 yil muqaddam aynan shu vazirlik qat'iy islom qoidalarini joriy qilgan va ayollar huquqlarini keskin cheklagandi.

Yakshanba kuni tugatilgan vazirlik binosi atrofida bu qarordan norozi bo‘lgan ayollar ishtirokida kichik aksiya o‘tkazildi. Yana bir guruh ayollar matbuot anjumanitashkil etib, mamlakat ayollari huquqlari ta'minlanishini talab qilishdi.

«Biz bu vazirlik yopilishini istamagandik. Ayollardan qutulish - odamlardan qutulish deganidir», deydi namoyish ishtirokchilaridan biri.

Yakshanba kuni Afg‘onistonda inson huquqlariga rioya etilishini nazorat qilgan organ ham toliblar kelishi tufayli faoliyatini to‘xtatgani ma'lum bo‘ldi. Afg‘oniston inson huquqlari bo‘yicha mustaqil komissiya (AIHRC) o‘z saytida toliblar tashkilotning barcha resurslari, jumladan ofislar, avtomobillar va kompyuterlarni tortib olishgani, shu tufayli o‘z funksiyalarini bajara olmasligini bildirdi. Shu bilan birga, komissiyaning o‘zi rasman tarqatib yuborilmagan.

Mavzuga oid