Jahon | 13:07 / 20.09.2021
58686
6 daqiqa o‘qiladi

Perm universitetidagi otishma: Qurbonlar bor (video)

Rossiyadagi Perm universiteti (PGNIU) binolaridan birida noma'lum shaxs o‘t ochib, otishma uyushtirdi. Hukumat sakkiz qurbon haqida ma'lum qilgan.

20 sentabr kuni ertalab Rossiyaning Perm davlat milliy tadqiqot universitetiga qurollangan shaxs hujum qildi. Taxminan soat 11 larda avtomat ko‘targan harbiy kiyimdagi shaxs kampusda o‘t ochgan, shundan so‘ng u universitetning sakkizinchi korpusiga kirgan. Hujumchi kamida 30 marta o‘q uzgan, taxminlarga ko‘ra, o‘qlar Huglu 12 kalibrli silliq stvolli quroldan otilgan. 

RF IIV Permda politsiyachilar oliy ta'lim muassasasi hududida otishma uyushtirgan shaxsni qo‘lga olishganini ma'lum qildi. 

«Bugun tongda politsiya navbatchilik qismiga Perm davlat milliy tadqiqotlar universiteti hududida o‘q ovozlari eshitilayotgani haqida xabar kelib tushdi. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, qurbonlar va yaralanganlar bor... O‘tkazilgan amaliyot yakunida hujum qilgan shaxs politsiya xodimlari tomonidan qo‘lga olindi», deyiladi xabarda.

Rossiya Tergov qo‘mitasidagilarga asoslangan «Interfaks» agentligi hodisa oqibatida halok bo‘lganlar soni 8 nafarni tashkil etayotganini ma'lum qilgan. Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumotiga ko‘ra, 24 nafar jabrlanuvchiga tibbiy yordam ko‘rsatilgan, shundan 19 kishi o‘qotar quroldan jarohatlangan.

«Gumonlanuvchining shaxsi aniqlangan. Qo‘lga olish chog‘ida u qarshilik ko‘rsatgan va yaralangan», deyiladi tergov xabarida. Xabarda gumonlanuvchining ismi sharifi keltirilmagan.

Tergov qo‘mitasidagilarning aniqlik kiritishicha, hujum qilgan ayni vaqtda shifoxonaga yotqizilgan. U ov qurolidan o‘t ochgan, ma'lum bo‘lishicha, bu qurol uning o‘zi tomonidan may oyida qonuniy ravishda sotib olingan.

Avvaliga universitet matbuot xizmati hujum qiluvchi otib o‘ldirilgani haqida xabar tarqatgandi, keyinroq bu xabar universitet saytidan yo‘qolib qoldi. Hodisadan keyin regiondagi barcha ta'lim muassasalarida mashg‘ulotlar bekor qilingan.

Davlat dumasi deputati Aleksandr Xinshteyn bu shaxs qurolni qonunchilik qat'iylashtirilishidan sotib olganini aytib o‘tgan.

Qonunchilikka qurolga egalik qilishni qiyinlashtirish maqsadidagi tuzatishlar joriy yilning may oyida, Qozon shahridagi gimnaziyada 19 yoshli sobiq talaba Ilnaz Galyaviyev tomonidan o‘qotar qurol bilan sodir etilgan ommaviy qotillikdan (o‘sha hodisa oqibatida ham o‘nga yaqin kishi halok bo‘lgan) keyin kiritilgandi.

«Barcha hujjatlarni u qurolga egalik qilish uchun talab etiladigan talablarni qat'iylashtiruvchi qonun kuchga kirishidan oldin rasmiylashtirgan. Qo‘rqamanki, bu qonun panatseya (har qanday balodan qutqara oluvchi vosita) emas», deya yozgan Xinshteyn telegram-kanalida.

U otishma uyushtirgan shaxs ismi-sharifini ham keltirgan - Timur Bekmansurov. Bu nom rus nashrlarida ham aylanmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda Timur Bekmansurovning suratlari e'lon qilingan

Mash xabariga ko‘ra, u universitetning yuridik fakultetida «Sud ekspertizasi» mutaxassisligi bo‘yicha tahsil olgan. Hodisadan avval Bekmansurov ijtimoiy tarmoqlarda qoldirgan postida o‘z harakatini terakt deb hisoblamasliklarini so‘ragan va ekstremistik tashkilotlarga a'zo emasligini ta'kidlagan. «Men o‘zimdan nafratlanaman, lekin yo‘limga to‘siq bo‘ladiganlarning barchasiga alam keltirishni xohlayman», degan u.

Guvohlar hikoyasi

BBC fojia guvohlaridan biri, o‘z shaxsi sir qolishini istagan universitet o‘qituvchisi bilan gaplashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan taxminan soat 11:30da darsga borayotgan bo‘lgan va sakkizinchi korpusdan talabalar qochib chiqayotganini, odamlar ikkinchi qavatdagi derazalardan pastga sakrayotganini ko‘rgan. «Ular qandaydir qo‘rquv ichida baqirib sakrashardi. Talabalardan biri ichkarida otishma bo‘layotganini aytdi. Men o‘q ovozini eshitdim, hamma har qayoqqa qarab chopardi. Men ikkinchi korpusga, talabalarim oldiga bordim, hamon o‘q ovozi eshitilishi davom etardi», deydi guvoh.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Perm universiteti kampusida jami 10 korpus bo‘lib, xavfsizlik xizmati xodimlari darhol barcha korpuslarning kirish qismini yopishgan. U o‘sha pallada katta qiyinchilik bilan ikkinchi korpusga kira olgan. Uning tan olishicha, bu vaqtda tashqarida turish qo‘rqinchli edi.

«Qolgan barcha binolar darhol [otishma boshlangach] to‘sib qo‘yildi. Barcha talabalar yopiq auditoriyalarda qamalib o‘tirishardi. Biz hozirda xavfsizlikdamiz va bizni qachon qo‘yib yuborishlarini kutmoqdamiz», degan u.

Universitet matbuot xizmati, hujum qilga shaxs «travmatik quroldan o‘t ochgani»ni bildirgan.

ReN-TV telekanali universitet hududida olingan videolarni taqdim etdi - kadrlarda talabalar 8-korpusning ikkinchi qavatidan pastga sakrayotganini ko‘rish mumkin.

Perm universiteti ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida bino hududida bo‘lgan talabalardan auditoriyalarni ichkaridan qamab olishni so‘ragan.

«Agar siz ayni vaqtda universitet hududida bo‘lsangiz, agar auditoriya ichkarisida bo‘lsangiz, iltimos, xonani ichkaridan qulflang va o‘sha yerda qolishga harakat qiling. Agar siz kampus hududida bo‘lsangiz, imkon bo‘lsa u yerdan keting. Agar universitetga ketayotgan bo‘lsangiz - ortga qayting!», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid