Iqtisodiyot | 18:39 / 23.09.2021
23101
4 daqiqa o‘qiladi

Bir qator soliq imtiyozlari bekor bo‘lishi mumkin

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqilgan qaror loyihasida tadbirkorlarga berilgan bir qator soliq imtiyozlari bekor bo‘lishi, soliq tekshiruvlarida o‘zgarishlar bo‘lishi nazarda tutilgan. Savdo-sanoat palatasi bunga qarshi chiqmoqda.

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan VMning “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba'zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Unda bir qator soliq imtiyozlari bekor qilinishi nazarda tutilgan.

Savdo-sanoat palatasining Kun.uz’ga taqdim etgan ma'lumotlariga muvofiq, DSQ qaror loyihasida bir qator qonun hujjatlarida belgilangan soliq imtiyozlari bekor bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda. Ular quyidagilar:

  • shoshilinch tibbiy yordam xizmatini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasiga tushadigan homiylik mablag‘lari soliqqa tortilmasligi;
  • tashqi muhandislik tarmoqlari va inshootlarini «O‘zbekenergo» DAK, «O‘zkommunxizmat» agentligi, «O‘ztransgaz» aksiyadorlik kompaniyasining mintaqalararo unitar korxonalari, tumanlar va shaharlar hokimliklarining issiqlik-suv ta'minoti va kommunal xo‘jaligi tashkilotlari balansiga bepul berishda ushbu tarmoqlar va inshootlarning qiymati daromad (foyda) solig‘ini va qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblab chiqishda soliq solish obekti hisoblanmasligi;
  • paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishini tashkil etadigan paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotchilari va fermer xo‘jaliklari oladigan hamda ular tomonidan beriladigan, o‘zlari ishlab chiqaradigan mahsulotlarni sotish bo‘yicha oborotlar bilan bog‘liq bo‘lmagan pul mablag‘lari va mulk, shuningdek, sof daromad taqsimoti soliq solinadigan obektlar hisoblanmasligi;
  • «TST  cluster» MChJning agrokorxonalardan olingan hamda ushbu korxonalar o‘rtasida beriladigan, o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotni sotish bo‘yicha aylanmalar bilan bog‘liq bo‘lmagan pul mablag‘lari va mol-mulk, shuningdek, sof foydani taqsimlash soliq solish obekti hisoblanmasligi;
  • boshqaruv kompaniyalarining shartnoma doirasida ko‘p kvartirali uy-joy fondini saqlash, undan foydalanish va ta'mirlash uchun olingan daromadlari qo‘shilgan qiymat solig‘i va yuridik shaxslarning daromad solig‘idan ozod qilingani;
  • paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarishlari tashkilotchilari tomonidan fermer xo‘jaliklariga beriladigan yonilg‘i-moylash materiallari, mineral o‘g‘itlar, o‘simliklarni himoya qilish vositalari, o‘simliklar rivojlanishining regulyatorlari, defoliantlar va boshqa kimyoviy vositalar soliq solinadigan obekt hisoblanmasligi (qo‘shilgan qiymat solig‘idan tashqari).

SSP ushbu imtiyozlar qonunchilikda belgilangan tartibda amal qilish muddati yakunlangach bekor bo‘lishi kerakligini bildirdi.

Shuningdek, qaror loyihasida soliq organlarining mansabdor shaxslariga (Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor qilgan holda) ulgurji va chakana savdoda, umumiy ovqatlanish va pulli xizmatlar ko‘rsatish sohasida savdo va naqd tushumni topshirish qoidalariga rioya qilinishi yuzasidan sayyor soliq tekshiruvlarini amalga oshirish huquqi berilishi nazarda tutilgan.

Biroq qonunchilikda bunday tekshiruvlar yetarlicha asoslar mavjud bo‘lganda amalga oshirilishi belgilangani bois “qonunchilikda belgilangan tartibda” so‘zlarini kiritish taklif qilingan.

Shuningdek, loyihada bozorlarning tushumlari kamaygan hollarda bozorlarda hamda naqd pul tushumi to‘liq tushishini ta'minlash maqsadida savdo va xizmat ko‘rsatish obektlarida sayyor soliq tekshiruvlari o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.

Biroq qonunchilikka ko‘ra, yangi tashkil etiladigan dehqon bozorlari va savdo komplekslari ustav kapitalida mahalliy davlat hokimiyati organlarining majburiy ishtiroki bekor qilingan. Shu sababli loyihaning bu bandi chiqarib tashlanishi taklif qilindi.

Avvalroq, SSP fermerlarning bo‘shagan yerlarini aholi ijaraga olishi nazarda tutilgan qaror loyihasiga qarshi pozitsiya bildirgandi.

Mavzuga oid