Jahon | 20:26 / 24.09.2021
7365
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya oziq-ovqat yetishmovchiligi sababli Braziliyadan yordam so‘radi

Braziliya prezidenti Jair Bolsonaruning ta'kidlashicha, Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Birlashgan qirollikda oziq-ovqat yetishmovchiligi yuzaga kelgani sababli undan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazish bo‘yicha favqulodda kelishuv tuzishni iltimos qildi.

Boris Jonson va Jair Bolsonaru / Foto: PA

“U biz bilan Angliyada yetishmayotgan oziq-ovqat mahsulotlari importi bo‘yicha shoshilinch kelishuv tuzishni so‘radi”, deb aytgan Braziliya rahbari.

Bolsonaruning aytishicha, u Jonsonning bu iltimosini Braziliya qishloq xo‘jaligi vaziri Tereza Kristinaga yetkazgan.

Britaniyada oxirgi haftalarda tabiiy gaz narxi keskin oshgani sababli o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi ba'zi zavodlar yopildi. Bu esa pivo va gazli ichimliklarga gaz qo‘shishda hamda parranda va cho‘chqani so‘yish oldidan ularni karaxt qilishda ishlatiladigan CO2 gazi yetishmasligiga olib kelgan.

Ta'kidlanishicha, Britaniya hukumati go‘sht yetishmovchiligi oldini olish uchun davlat ko‘magini kengaytirgan va oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi mahalliy kompaniyalarni karbonat angidrid narxi 400 foizga oshishi mumkinligiga tayyor turishdan ogohlantirgan.

Bolsonaruning aytishicha, Jonson, shuningdek, Braziliyaning Britaniyadan viski importi hajmini oshirishni iltimos qilgan. Biroq Braziliya prezidentining aytishicha, bu masalani hukumat emas, balki xususiy biznes o‘zi hal qiladi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid