Jahon | 19:38 / 01.10.2021
15588
3 daqiqa o‘qiladi

Fransiyada 35 yil izlangan ommaviy qotil jandarm bo‘lib chiqdi 

Foto: francebleu.fr

Fransiyada politsiya Parijda 1986 yildan 1994 yilgacha sodir etilgan bir qator qotilliklar va zo‘rlash jinoyatlarini fosh qilishga muvaffaq bo‘ldi. Le Parisien nashrining xabar berishicha, 35 yil izlangan jinoyatchi Fransua Verov ismli jandarm (harbiy politsiyachi) bo‘lib chiqqan. DNK tahlili jinoyatchi aynan Verov ekanini tasdiqlagan. 

Politsiya ushbu jinoyatlarni sodir etishda gumon qilib “cho‘tir yuzli erkak”ni qidirgan, unda hattoki uning fotoroboti ham bo‘lgan. 

Jinoyatchi 4 ta qotillikni sodir etgan bo‘lib, uning qurbonlari orasida 11 yoshli qizcha, 19 va 20 yoshli qizlar, 38 yoshli erkak bo‘lgan. Verov, shuningdek, 6 ta zo‘rlash jinoyatini sodir etgan. Jabrlanuvchilardan 3 nafari zo‘ravon o‘zini politsiyachi deb ataganini ma'lum qilgan. Ular advokati Dide Sabanning ta'kidlashicha, himoya jinoyatlarning shafqatsizlik bilan sodir etilgani va ular davomida qo‘llangan taktikadan kelib chiqib, jinoyatchi harbiy yoki jandarm bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.      

Yaqinda ushbu ishni olib borgan tergovchi Parijda 1980- va 1990-yillarda xizmat qilgan 750 jandarmning DNK namunalari berilishini so‘ragan. Ular orasida 59 yoshli Verov ham bo‘lgan.

29 sentyabrda Verov Fransiya janubidagi uyida o‘lik holda topilgan. Ta'kidlanishicha, u o‘z joniga qasd qilgan. U o‘limoldi maktubida bir qator jinoyatlar sodir etganini tan olgan, biroq qurbonlar ismlarini va boshqa tafsilotlarni keltirmagan. U o‘sha vaqtda hayoti ko‘ngilgidek bo‘lmagani va vaqti-vaqti bilan hissiyotlarga berilgani, biroq 1997 yildan keyin o‘zini qo‘lga olib, boshqa hech qanday jinoyat sodir etmaganini ma'lum qilgan. 

30 sentyabrda DNK tahlili ushbu jinoyatlarning barchasini sobiq jandarm sodir etganini tasdiqlagan. Advokat Sabanning ta'kidlashicha, Verov aslida ko‘proq jinoyatlar sodir etgan va shu sababli barcha ochilmay qolgan eski ishlarni ko‘tarib, qayta ko‘rib chiqish kerak.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid