Iqtisodiyot | 21:28 / 02.10.2021
35743
10 daqiqa o‘qiladi

“Men supermen emasman” - O‘zbekiston iqtisodiy forumidan iqtiboslar

29-30 sentabr kunlari Toshkentda O‘zbekiston iqtisodiy forumi bo‘lib o‘tdi. Kun.uz forumda yangragan ayrim fikr-mulohazalarni keltirib o‘tadi.

“Birinchi navbatda banklar xususiylashtirilishi kerak” — Suma Chakrabarti

O‘zbekiston prezidentining iqtisodiy rivojlanish, boshqaruv va xalqaro hamkorlik bo‘yicha maslahatchisi Suma Chakrabarti davlat boshqaruvida e'tibor qaratish shart bo‘lgan narsalar haqida to‘xtalib o‘tdi.

“2017 yilda O‘zbekistondagi reformalar boshlangan paytda ko‘pchilikda ikkilanishlar bor edi. Ammo amalga oshirilgan o‘zgarishlar biz kutgandan tezroq natija berdi. Xususan, valuta erkinlashtirish siyosati buning bir ko‘rinishi. Bundan keyingi davrda davlat boshqaruvida ham ikkita narsaga e'tibor qaratish juda muhim: to‘g‘ri qaror chiqarish va uni to‘g‘ri amalga oshirish.

O‘zbekiston taraqqiyotda ildamlashni istasa, to‘g‘ri institutsional rivojlanish bo‘yicha ishlarni jadallashtirishi kerak. Mamlakatda birinchi o‘rinda banklar xususiylashtirilishi kerak, sababi o‘tish davrida islohotlarning to‘g‘ri ketma-ketlikda amalga oshirilishi kelajakda ularning yaxshi samara berishiga olib keladi. Xususan, biz hozir uchrashib turgan Hilton mehmonxonasi ham Toshkent shahar hokimiyatiga tegishli, uni xususiylashtirish kerak. O‘tgan davr mobaynida bozor ham, davlat ham ko‘p narsani o‘rgandi.

O‘zbekiston YaIMning 30 foiziga yaqinini qishloq xo‘jaligi beradi va bu yo‘nalishda tayyor mahsulotlar eksportini oshirish kerak. Bu soha O‘zbekiston uchun biznes kartochka hisoblanadi”.

“Men supermen emasman” — Bo Inge Andersson

UzAuto Motors bosh direktori Bo Inge Andersson avtomobilsozlik sohasidagi muammolar va kelajakdagi rejalar haqida fikr bildirdi.

“Avtomobilsozlik sanoatida O‘zbekiston hali juda yosh. 1996 yilda boshlangan ushbu tarmoqda hozirgi kungacha 3,6 million avtomobil ishlab chiqarildi. O‘zbek bozorida avtomobilga bo‘lgan talab juda yuqori. Mamlakatda har 1000 kishiga 77ta avtomobil to‘g‘ri kelmoqda. Taqqoslash uchun bu raqamlar har 1000 kishiga Qozog‘istonda 208tani, Rossiyada 383tani, Germaniyada esa 555tani tashkil etadi.

Ayni paytda kompaniyamizda 12 ming kishi ishlaydi, ammo bu tarmoqda bitta ish o‘rni qo‘shimcha tarzda dilerlik va xizmat ko‘rsatish sohalarini ham hisoblaganda yana to‘rtta ish o‘rnini yaratadi. Bu kichik kompaniya mamlakatda 50 ming kishini ish bilan ta'minlamoqda.

Sizda o‘z-o‘zidan mening bu yerda nima qilayotganim haqida savol paydo bo‘lishi mumkin. Men supermen emasman. Rahbariyat mendan qulayroq narxlardagi va yangi modeldagi avtomobillar taqdim qilishimni, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishimizni so‘ramoqda. Dastlabki 30 kunlik ish kunim davomida bu yerda juda ko‘p muammolarga duch keldim. Boshqaruv sohasini isloh qilishimiz kerak va albatta bu ishlarni amalga oshiramiz”.

“O‘zbekistondagi biznes muhitiga eng katta to‘siq – inson kapitalining yetishmasligidir” — Anna Berde

oG_SaKhT8L5O7dIiYsi9-DzYE9yCUt2A.jpg (1527×977)

Jahon banki vitse-prezidenti Anna Berdening fikrlariga ko‘ra, O‘zbekistonda xususiy sektorning o‘rnini oshirish kerak.

“O‘zbekiston iqtisodiyotida xususiy sektorning rolini kuchaytirish kerak. Tarmoq davlat ko‘magiga muhtoj, hukumat yer va kapitaldan foydalana olishda ularni qo‘llab-quvvatlashi lozim.

Keyingi davrda xususiy sektorni rivojlantirish uchun ayollarni mehnat jarayoniga jalb qilish, ular uchun ish joylari yaratishning uzoq va qisqa dasturlari bo‘lishi kerak. Mamlakatda ishsizlik darajasi 10 foizdan yuqori. Shu sabab yangi islohotlarni amalga oshirishda o‘tmishdagi tajribalardan to‘g‘ri xulosa chiqarish va tizimli reja va dasturlar ishlab chiqish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Oxirgi yillarda davlatning inson taraqqiyoti va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishidagi ishlarini ham e'tirof etish lozim. Xususan, ta'limga mablag‘ ajratish oshgan. Masalan, respublikada oliy ma'lumot bilan qamrab olinish darajasi 3 barobarga ko‘paygan. Agar 5 yil oldin bu ko‘rsatkich 9 foizni tashkil etgan bo‘lsa, hozir 26 foizga yaqin. Shunga qaramay, biznes taraqqiyotining eng asosiy to‘sig‘i – inson kapitalining yetishmasligidir”.

“Kambag‘allikni qisqartirish ta'limni rivojlantirish orqali amalga oshiriladi” — Jamshid Qo‘chqorov

oyItDKgzsN86OPGyoCkkpgKmRmOQ1Cp2.jpg (1732×1130)

Bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorovga ko‘ra, ijtimoiy sohani rivojlantirishda birinchi o‘rinda ta'lim sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash tarmoqlarini isloh qilish va yaxshi biznes muhiti yaratish kerak.

“Kambag‘allikni qisqartishning yagona yechimi – iqtisodiy rivojlanish. Hozirda mamlakat aholisining 40 foizga yaqinini 20 yoshdan kichik qatlam tashkil etmoqda. Bu – kelajak uchun juda katta demografik dividend. Hozirda mamlakatda 15-20 foiz atrofida kambag‘allar mavjud. Bu raqamlarni qisqartirish ta'limni rivojlantirish orqali amalga oshiriladi. Biz yoshlar va ayollarga yangi ko‘nikmalar berishimiz, ularni o‘qitishimiz kerak.

Ijtimoiy sohani rivojlantirishdagi 3ta asosiy yo‘nalishimiz: ta'lim sifatini oshirish, sog‘liqni saqlash tarmoqlarini isloh qilish va yaxshi biznes muhiti yaratish hisoblanadi. Oxirgi 5 yilda kichik biznesning ulushi ikki barobar oshdi va odamlarning 7-8 foizi shu tarmoqda ish bilan bandligi ta'minlangan”.

“Markaziy Osiyoda hamkorlikni rivojlantirish uchun o‘zaro savdo qilishni yengillashtirish, texnik reglamentlarni osonlashtirish kerak” — Eldor Aripov

Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov mintaqaviy hamkorlikni oshirish uchun global qo‘shma loyihalarda qatnashishda faollikni kuchaytirish kerakligini ta'kidladi.

“Oxirgi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlariga investitsiya kirishi 40 foizga oshdi, turistlar tashrifi 2 barobar ko‘paydi, chegaralardagi blokpostlar olib tashlandi. O‘zaro hamkorlikni rivojlantirish uchun davlat rahbarlari o‘rtasida maslahatlashuv uchrashuvlari o‘tkazilmoqda.

Mintaqadagi hamkorlikni rivojlantirish uchun o‘zaro savdo qilishni yengillashtirish, texnik reglamentlarni osonlashtirish kerak. Shu sabab mintaqa mamlakatlarining doimiy tarzda bir-birlari bilan muloqotda bo‘lib turishi muhim va ahamiyatlidir.

Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan O‘zbekistonning to‘g‘ridan to‘g‘ri dengizga chiqish imkoniyati cheklangan. Shu sabab mahsulotlarni jahon bozoriga chiqarish va yetkazib berishni osonlashtirish uchun O‘zbekiston – Xitoy, “Mozori Sharif – Kabul – Peshovar” temir yo‘llarini qurish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Masalan, “Mozori Sharif – Kabul – Peshovar” temir yo‘li mahsulot yetkazib berish vaqtini 3-5 kunga, xarajatlarni esa 2 barobarga kamaytiradi. Mintaqa mamlakatlari global qo‘shma loyihalarda qatnashishda faollikni oshirishi kerak”.

“Tadbirkor risklarga tayyor bo‘lishi kerak” — Zafar Hoshimov

Korzinka.uz bosh direktori Zafar Hoshimovning qayd etishicha, yangi davrda tadbirkorlarning hammasi risklar va yo‘qotishlarga chidamli bo‘lishi kerak.

“Oldin tadbirkorlarning ko‘pchiligi bozorga kirishni xavfli deb bilishardi, valuta bilan risklar bor edi. Biz ayni paytda reformalarning boshida turibmiz. Endilikda tadbirkorlarning hammasi risklar va yo‘qotishlarga chidamli bo‘lishi kerak. Ko‘pchilik klassik biznes qoidalari bo‘yicha ish qilishni afzal ko‘radi. Bu borada hatto ba'zi o‘zbek maqollari ham tadbirkorlikni yanada rivojlantirishdan bizni orqaga tortadi. Ularda chopma, sekin harakat qil degan g‘oyalar singdirilgan. Ammo bugungi kunda risklarsiz bozorga kirish va muvaffaqiyat qozonishning imkoniyati yo‘q.

Avvallari, sekin yurish va ehtiyot bo‘lish haqida ko‘p o‘ylardik, buni ham o‘zgartirdik. Oxirgi yillarda tadbirkorlarga ko‘plab qulayliklar yaratildi. Keyingi bosqichda chetdan import qiladigan mahsulotlarni sertifikatlash tizimini yanada osonlashtirish, davlat korxonalari va xususiy korxonalarga bir xil imkoniyat va sharoitlar yaratish kerak, deb o‘ylayman”.

“O‘zbekistonda mavjud bo‘lmagan texnologiyalarni olib kirishda tadbirkorlardan soliqlar undirilmasligi kerak” — Den Paterson

Silverleafe International bosh direktori Den Paterson odamlarga ishonch berish uchun ular bilan ko‘proq muloqot qilish kerakligiga to‘xtalib o‘tdi.

“Xususiylashtirish iqtisodiyotni kuchaytiradi. O‘tish davr iqtisodiyotida odamlarda ishonchni paydo qilish judayam muhim. Odamlarda yillar davomida qotib qolgan fikrlar bor, ularni yo‘qotish kerak. Bu borada ular bilan ko‘proq muloqot qilish, muammolarini o‘rganib, tizimli yechimlar ishlab chiqish kerak. Banklarda kafolat berish borasida muammolar bor, ularga yechimlar izlash kerak.

Kichik va o‘rta biznesda faoliyat olib boruvchi qatlamni risklarni qabul qilishga o‘rgatish, nima to‘g‘ri va nima noto‘g‘riligini ko‘rsatish kerak. Shuningdek, import tariflarini reforma qilish kichik tadbirkorlikning rivojlanishida muhim omil bo‘ladi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda mavjud bo‘lmagan texnologiyalarni olib kirishda tadbirkorlardan soliqlar undirilmasligi kerak”.

Mavzuga oid