Jahon | 15:47 / 06.10.2021
10631
2 daqiqa o‘qiladi

Kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindorlari nomi e'lon qilindi

Benjamin List va Devid Makmillan nufuzli mukofotni asimmetrik organokatalizatorni rivojlantirgani uchun oladi.

Benjamin List va Devid Makmillan / Foto: nobelprize.org

Benjamin List va Devid Makmillan asimmetrik organokatalizatorni rivojlantirgani uchun kimyo bo‘yicha 2021 yilgi Nobel mukofoti sovrindorlari deb e'lon qilindi.

Olimlar 2000 yilda kichik organik molekulalar orqali katalizning yangi turini ishlab chiqqani uchun ushbu mukofotga loyiq ko‘rildi.

2020 yilda Emmanuel Sharpante va Jyennifer Dudna genomni tahrirlash uslublarini rivojlantirgani uchun kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindoriga aylangandi.

4 oktyabrdan joriy yil uchun Nobel mukofoti sovrindorlarini e'lon qilish haftaligi boshlandi. Uning doirasida Shvetsiya qirollik fanlar akademiyasi tibbiyot va fiziologiya bo‘yicha 2021 yilgi Nobel mukofoti sovrindorlarini e'lon qildi. Ushbu yo‘nalishda nufuzli mukofot Kaliforniya universiteti professori Devid Julius va AQShdagi Skrips ilmiy-tadqiqot instituti xodimi Ardem Pataputyanga topshirildi.  

5 oktyabr kuni Jorjio Parizi, Klaus Hasselman va Syukuro Manabe fizika bo‘yicha 2021 yilgi Nobel mukofoti sovrindorlari deb e'lon qilindi.

Nobel qo‘mitasi yana 3 yo‘nalish bo‘yicha sovrindorlarni e'lon qiladi. Jumladan, 7 oktyabrda adabiyot, 11 oktyabrda esa iqtisodiyot bo‘yicha Nobel sovrindorlari ma'lum qilinadi.

8 oktyabrda esa Norvegiya poytaxti Osloda tinchlik bo‘yicha Nobel sovrindori e'lon qilinadi. Unga 329 nomzod da'vogarlik qilmoqda.

Mavzuga oid