O‘zbekiston | 22:27 / 08.10.2021
25442
3 daqiqa o‘qiladi

Karantinda yaratilgan antiqa "baklajka" supurgilar

Nukuslik Po‘lat Baltabayev antiqa supurgi yasamoqda. Buning uchun u oddiy plastik idishlardan foydalanadi. "Baklajka" supurgilar 3 xil kattalikda tayyorlanadi. Buning uchun ishlatilgan oq, qora, qo‘ng‘ir, yashil va ko‘k rangli plastik idishlar tanlab olinadi.

Bitta supurgini yasash uchun 40 ta "baklajka" ketadi. Plastik idishlar avval maxsus qozonda qaynatilib tozalanadi. Keyin maxsus dastgohda qirqiladi.

Hunarmand kuniga 2-3 dona supurgi yasaydi. Uning oylik daromadi hozirda o‘rtacha 2 mln so‘mni tashkil qilmoqda.

U gilamdagi mayda tolalarni ham tozalash xususiyatiga ega. Ko‘chaga tashlangan plastik idishlar issiq ob-havoda tabiat va odamga zarar deb eshitganman. "Baklajka"ni ko‘chaga chiqindi qilib tashlagandan ko‘ra, xalq uchun foydali buyum yasaganimiz yaxshi”, deydi Po‘lat Baltabayev.

Po‘lat aka bu ishni 2020 yilning fevral oyida boshlagan.

Karantin vaqtidagi ishsizlik sabab bu ishga qo‘l urdim. Bir kuni YouTube orqali braziliyalik ustaning ishlatilgan "baklajka"dan ro‘zg‘or uchun har xil buyum yasayotganini ko‘rib qoldim. Keyin xayolimga shu payt uyga kerak bo‘lgan supurgi keldi. Dastlab uy uchun, keyin yaqin qarindoshlarga bitta-bittadan berdik. Shu orqali "baklajka" supurgimiz sinovdan o‘tdi. Ular supurgidagi kamchiliklarni aytishdi. Takomillashib shu holatga keldi”, deydi nukuslik hunarmand.

Po‘lat Baltabayevning qo‘shimcha qilishicha, endi ekologik toza supurgilarga qo‘shni viloyatlar va Qozog‘iston davlatidan buyurtmalar qabul qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin temirdan ro‘zg‘or buyumlarini yasab, kuniga 200 ming so‘m daromad qiladigan 14 yoshli hunarmand qiz haqida hikoya qilgan edik.

Shuhrat Saidahmadov, Kun.uz muxbiri.

Montaj ustasi – Abdusalim Abduvohidov.

Mavzuga oid