O‘zbekiston | 11:05 / 12.10.2021
1054
4 daqiqa o‘qiladi

Kattaqo‘rg‘ondagi xonadonda gaz portlagani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Kattaqo‘rg‘on shahridagi xonadonlardan birida 8 oktyabr kuni gaz portlab, ikki kishi jabrlangani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar bermoqda.

Foto: Zarnews.uz

Joriy yil 8 oktabr kuni Kattaqo‘rg‘on shahrida joylashgan xonadonlardan birida gaz portlab ikki kishi tan jarohatlari olgan. Shuningdek, xonadonga moddiy zarar yetgan. Surishtiruvlarda aniqlanishicha, portlash sodir bo‘lgan xonadon gaz tarmog‘iga ulanmagan. Unga tutash hududdan Kattaqo‘rg‘on shahridagi avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchalariga tortilgan gaz quvurlari bo‘lgan. Ana shu quvurlarning biridan sizib chiqqan gaz portlagan.

«Kattaqo‘rg‘on shahridagi xonadonlardan birida gaz portlab, ikki kishi tan jarohati olganligi holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Kattaqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda», deyiladi Bosh prokuratura matbuot kotibining xabarida.

Ma'lum bo‘lishicha, bu mahalladagi birinchi portlash emas. Ushbu hududda istiqomat qilayotgan aholi bir yildan buyon mas'ul idoralarga muammo haqida bong urib kelishgan. Mutasaddilar esa murojaatlarga e'tibor qaratmagan. Jumladan, aynan shu mahallada 2015 va 2020 yillarda ham AGQShga o‘tgan quvurlardan gaz sizib chiqib portlash sodir bo‘lgan. 2020 yilda sodir bo‘lgan holatda hech kim jabrlanmagan. AGQSh egasi zarar ko‘rgan xonadonni ta'mirlab bergan. 2015 yildagi portlash aynan joriy yil 8 oktabr kuni portlash sodir bo‘lgan xonadonga qo‘shni bo‘lgan uyda sodir bo‘lgan.

Bu kabi avtomobillarga siqilgan gaz to‘ldirish shoxobchalariga aholi punktlari uzra tortilgan yuqori bosimli gaz quvurlaridan gaz sizib, xonadonlarda portlash sodir bo‘lgani borasidagi birinchi voqea emas. Ularning ayrimlari avval ham Kun.uz’da yoritilgan.

2019 yil 11 noyabr kuni Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanining Surum mahallasidagi namunali uy portlashi oqibatida bir oilaning 3 a'zosi vafot etdi va 3 kishi butun umrga majruh bo‘lib qoldi. R.Karimovga tegishli bo‘lgan 1-sonli namunaviy uydan 47,5 metr masofada yer ostidan o‘tgan yuqori bosimli gaz quvuri teshilib, undan sizib chiqayotgan tabiiy gaz yer osti bo‘ylab R.Karimovning xonadoniga tarqalib, gaz chaqnashi oqibatida kuchli portlash yuz bergan.

2020 yil 30 noyabr kuni Yangiyo‘l tumani, «Qirariq» MFY, Istiqlol ko‘chasi, 80-uy ostidan o‘tgan yuqori bosimli gaz quvuridan sizib chiqqan gaz xonadonga tarqalib, havo aralashmasi bilan qo‘shilib, uyda elektr chirog‘i yoqilishi natijasida portlash sodir bo‘lib, ikki kishi halok bo‘lgan edi.

Kattaqo‘rg‘onda yuz bergan gaz portlashi haqida qo‘shimcha ma'lumot berildi. Qozog‘istonlik mehmon 50 foizga kuygan.

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid