Sport | 23:48 / 14.10.2021
16742
2 daqiqa o‘qiladi

Emmanyuel Makron futbol uchrashuvida penaltidan gol urdi

Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron Parij yaqinidagi Puassi kommunasida o‘tgan xayriya futbol uchrashuvida ishtirok etib, penaltidan gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Uchrashuv “Varete” futbol klubining 50 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan va undan maqsad Fransiyadagi shifoxonalar uchun pul yig‘ish bo‘lgan.

Foto: Ian Langsdon, Pool Photo via AP

43 yoshli Makron maydonga 3-raqam ostida tushgan va yarim himoyada o‘ynagan. Uning jamoasida “Arsenal” ingliz klubining sobiq murabbiyi Arsen Venger, Fransiya terma jamoasining sobiq o‘yinchilari Kristian Karambyo va Marsel Desayi ham to‘p surgan. Ularga qarshi Puassi gospital markazi xodimlari terma jamoasi o‘ynagan.

Uchrashuv 1:1 hisobida yakunlangan. Makronning o‘yinning dastlabki daqiqalarida kiritgan goli tomoshabinlar tomonidan qizg‘in olqishlangan.

O‘yin vaqtida yig‘ilgan pullar Makronning rafiqasi rahbarligi ostidagi Parij gospitallari jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Ushbu jamg‘arma bolalar shifoxonalariga ko‘mak ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

Fransiya prezidenti yoshligida futbolga qiziqqan, talabalik yillarida esa Strasburg shahri milliy ma'muriyat maktabi jamoasida hujumchi sifatida o‘ynagan.

“Varete” klubi 1971 yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning tarkibiga sobiq professional futbolchilardan tashqari, taniqli fransuz san'atkorlari va Monako shahzodasi Alber II ham kiradi.

Mavzuga oid